Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida va O‘zbekistonda mehnatni tashkil etish nazariyalarining rivojlanishi
O‘tgan asrning 20-yillaridan boshlab mehnatni tashkil etish sohasida katta ilmiy va amaliy ishlar avj oldirildi. O‘sha davrda F. Teylor, F. Gilbret, G. Emerson va A. Fayolkabi xorij olimlarining asarlari rus tiliga tarjima qilindi. Bu esa Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari olimlari va amaliyotchilarining mehnat va boshqarishni tashkil etish sohasidagi xorij nazariyasi va amaliyoti bilan tanishishlariga yordam berdi. XX asrning 20-30-yillarda mamlakatdagi mualliflar va ularning asarlari – A.K. Gastev («Qanday ishlash kerak», «Mehnat ko‘rsatmalari», «Mehnatni me’yorlash va tashkil etish»), O.A. Ermanskiy («Oqilonalashtirish nazariyasi va amaliyoti», «Mehnatni ilmiy tashkil etish va Teylor tizimi», «Ford haqida afsona»), P.M. Kerjensev («Tashkilotchilik tamoyillari», «O‘zingni tashkil qil», «Vaqt uchun kurash»), V.M. Ioffe («Texnikaviy me’yorlashda yangi g‘oyalar», «Ish, uning mohiyati va elementlari»),
P.A. Popov («Ilmiy tadqiqot ishlarining tashkil etilishi va texnikasi») va boshqalar keng tanildi.
Yigirmanchi yillar mehnatni tashkil etishning mohiyati, me’yorlash usullari, xodimlarni tayyorlash usullari to‘g‘risida ilmiy munozaralar olib borilgan davr bo‘ldi. Ayniqsa, mehnatni ilmiy tashkil etish bo‘yicha ikkinchi konferensiya oldidan (1924) qizg‘in munozaralar avj oldi. Munozara vaqtida ikkita platforma yuzaga keldi. Birinchisining tarafdorlari (A.K. Gastev boshchiligida) asosiy tamoyillarini e’lon qildilar: tadqiqotlarda «tor negiz»ga asoslanish – mehnatni tashkil etish masalalarini nazariy va uslubiy jihatdan chuqur ishlab chiqish va shundan keyingina ularni joriy etish. Ikkinchi platformaning tarafdorlari (P.M. Kerjensev boshchiligidagi targ‘ibotchilar guruhi) boshqacha yondashishni: ishchilarga tayanib, mehnatni ilmiy asosda tashkil etishni keng jabha bo‘yicha joriy etishni taklif qildilar. Konferensiyaning barcha qatnashchilari mehnatni ilmiy asosda tashkil etish masalalari bo‘yicha behuda munozara qilishlarga qarshi chiqdilar. YAgona nuqtai nazar ishlab chiqildi, u mehnatni ilmiy tashkil etishga berilgan ta’rifda o‘z aksini topdi. Mehnatni ilmiy tashkil etishni mavjud mehnat tashkilotchiligiga fan va amaliyot erishgan, mehnatning umumiy mahsuldorligini oshiradigan takomillashuvlarni kiritish jarayoni, deb tushunish taklif etilgan edi. Ushbu majmua g‘oyat mazmundor va mehnatni tashkil etishning mohiyatini aks ettiradigan ta’rif
hozirgi vaqtgacha dolzarbligicha qolmoqda.
1921 yildayoq turli kasblar doirasida omillar (mehnatdagi ijodiy jihatlar, mehnatning qiziqarliligi, fiziologik funksiyalarning tabiati, mas’ullik) bo‘yicha mehnatning tahliliy baholanishini qo‘llagan va ushbu omillar ahamiyatliligini ballar tizimi yordamida aniqlagan rus akademigi S.G. Strumilin; 1927 yilda yalpi va yirik seriyali ishlab chiqarishni ilmiy tashkil etish yo‘llari va usullarining jamlab umumlashtirilishini taklif ettan N.F. CHarnovskiy; 1928 yilda operatsiyalarni tadqiq qilish usuli va mikroelementli me’yorlar tizimini ishlab chiqqan V.M. Ioffe; psixofiziolog olimlar guruhi va shular orasida N.A. Bernshteyn, K.X. Kekcheev,
V.M. Bexterev va boshqalar 20-30-yillarning boshida mehnatni tashkil etish to‘g‘risidagi fanga muhim hissa qo‘shdilar.
Xo‘jalik yuritish amaliyotini qayta isloh qilish sharoitida mehnat faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash ishlarini ham tubdan o‘zgartirish lozim. Mamlakatda xodimlar mehnatini tashkil etishni tadqiq etish sohasida va tegishli amaliy faoliyatda ayni shunday holat ro‘y berdi. SHuni aytib o‘tishimiz kerakki, qisqa tarixiy davr mobaynida bu birinchi marta ro‘y berishi emas. O‘tgan asrning 20-yillarida o‘tkazilgan mehnatni ilmiy tashkil etishga oid keng miqyosli ishlardan keyin, vaqti kelib, 30-yillardan e’tiboran bu sohada tadqiqotlar borgan sayin susayib, keyinchalik deyarli to‘xtab ham qoldi. Mehnatni ilmiy tashkil etishga oid ishlar 60-yillarning boshidan yana olib borildi va qayta qurish boshlangunga qadar davom etdi. Keyinchalik ko‘plab dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy va amaliy tadqiqotlar to‘xtatib qo‘yildi. Mehnat ilmiy tadqiqot instituti, Mehnatni tashkil etish ilmiy markazi, Mehnatni ilmiy asosda tashkil etish tarmoq markazlari va boshqa tashkilotlarning faoliyat yo‘nalishi o‘zgartirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |