593-modda. Mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan buzilishi xavfining lizing oluvchiga o‘tishi
Lizing bo‘yicha ijaraga olingan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan buzilishi xavfi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, lizing oluvchiga bu mol-mulkni topshirish paytida o‘tadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 14-apreldagi 756-I-son “Lizing to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2015-yil 27-noyabrdagi 289-son “Lizing munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari normalarini iqtisodiy sudlar tomonidan qo‘llanilishining ayrim masalalari haqida”gi Qarorining 10.4-bandi.
594-modda. Lizing beruvchining majburiyati va javobgarligi
Lizing beruvchi lizing obyektini lizing oluvchiga shartnoma shartlariga javob beradigan holatda va unda kelishilgan muddatda topshirishi shart.
Agar lizing beruvchining aybli harakatlari yoki yo‘l qo‘ygan kamchiliklari tufayli mol-mulk yetkazib berilmagan, to‘liq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki tegishli darajada sifatli bo‘lmagan mol-mulk yetkazib berilgan bo‘lsa, buning uchun u lizing oluvchi oldida javobgardir.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 14-apreldagi 756-I-son “Lizing to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasi.
595-modda. Lizing oluvchining huquqlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mol-mulk yetkazib berilmagan, to‘liq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki uning sifati tegishli darajada bo‘lmagan taqdirda, lizing oluvchi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa:
(595-moddani birinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
lizing to‘lovlarini to‘xtatib turish;
yetkazib berilayotgan mol-mulkni rad etish va lizing shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda lizing oluvchi ilgari bo‘nak sifatida to‘lagan pullarini, lizing obyektidan foydalanishdan olgan foydaning qiymatini chegirib tashlab, o‘ziga qaytarib berishni talab qilishga haqli.
(595-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Lizing shartnomasida nazarda tutilgan taqdirda, lizing oluvchi boshqa majburiyatlarning bajarilishi ta’minoti sifatida lizing obyektini mazkur obyekt qiymatining lizing beruvchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan lizing to‘lovlarining qolgan summasidan ortiq bo‘lgan qismi bo‘yicha berishi mumkin.
(595-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 22-oktabrdagi O‘RQ-572-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son)
Lizing shartnomasining muddati tugagach, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, lizing obyekti lizing oluvchining mulki bo‘lib qoladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 14-apreldagi 756-I-son “Lizing to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |