5-§. Korxonani ijaraga berish 579-modda. Korxonani ijaraga berish shartnomasi Korxonani ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun mulkiy kompleks sifatida butun korxonani yoki uning bir qismini haq evaziga berish majburiyatini oladi, ijaraga beruvchi boshqa shaxslarga o‘tkazishi mumkin bo‘lmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.
Ijaraga beruvchi o‘z qarzlarini ijaraga oluvchining zimmasiga o‘tkazishi haqida kreditorlarini yozma ravishda ogohlantirishi shart, kreditorlar bunga rozi bo‘lmasalar, ogohlantirishni olgan vaqtdan boshlab uch oy davomida ijaraga beruvchidan tegishli majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni va shu tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar shu muddatda mazkur talablardan birontasi bildirilmasa, kreditor tegishli qarzning ijarachiga o‘tkazilishiga rozilik bergan deb hisoblanadi.
Ijaraga beruvchidan majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni va zararni qoplashni talab qilgan kreditorlar bilan hisob-kitob qilib bo‘linganidan keyingina korxona ijarachiga topshirilishi mumkin.
Korxona mulkiy kompleks sifatida ijaraga berilganidan keyin ijaraga beruvchi bilan ijaraga oluvchi topshirilgan korxona tarkibiga kiritilgan va ijaraga oluvchiga kreditorning roziligisiz o‘tkazilgan qarzlar bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.
Oldingi tahrirga qarang. Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga beruvchining tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari ijaraga oluvchiga berilishi mumkin emas. Ijarachi maxsus ruxsatnoma (litsenziya)si bo‘lmaganligi sababli bajara olmaydigan majburiyatlarni shartnoma bo‘yicha topshirilayotgan korxona tarkibiga kiritish ijaraga beruvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi.
(579-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Xo‘jalik Sudi Plenumining 2003-yil 28-fevraldagi 110-son “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish huquqi bilan bog‘liq normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Qarorining 10-bandi to‘rtinchi xatboshisi.