-modda. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari
566-modda. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari Ijaraga beruvchi shartnoma amal qilib turgan butun muddat davomida ijaraga berilgan transport vositasini tegishli holatda saqlashi, shu jumladan joriy va kapital ta’mirlashi hamda zarur asbob-uskunalarni berishi shart.
Ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha ijaraga oluvchiga ko‘rsatadigan xizmatlari hajmi transport vositasining shartnomada ko‘rsatilgan ijara maqsadlariga mos ravishda normal va xavfsiz ishlatilishini ta’minlashi shart. Ijara shartnomasida ijaraga oluvchiga ko‘rsatiladigan xizmatlarning yanada kengroq doirasi nazarda tutilishi mumkin.
Transport vositasi ekipajining tarkibi va uning malakasi taraflar uchun majburiy bo‘lgan qoidalarga va shartnomada belgilangan shartlarga, bordi-yu, taraflar uchun majburiy bo‘lgan qoidalarda bunday talablar belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, –– shunday turdagi transport vositasini ishlatishning odatdagi amaliyoti talablari va shartnoma shartlariga javob berishi lozim.
LexUZ sharhi Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son “Avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2012-yil 27-fevraldagi 34-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Avtomobilda xalqaro tashishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimlarini nazorat qilish uchun foydalaniladigan raqamli nazorat qurilmasi kartochkalari to‘g‘risidagi Nizom”. Ekipaj a’zolari ijaraga beruvchi bilan mehnat munosabatlarini saqlab qoladilar. Ular ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanishga doir ko‘rsatmalariga va ijaraga oluvchining transport vositasini tijorat maqsadida ishlatishga doir ko‘rsatmalariga bo‘ysunadilar.
Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ekipaj a’zolarining xizmatiga haq to‘lash, shuningdek ularni saqlash xarajatlari ijaraga beruvchi zimmasida bo‘ladi.
Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, transport vositasini sug‘urta qilish va (yoki) uning tomonidan yoki uni ishlatish munosabati bilan yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar uchun javobgarlikni sug‘urtalash majburiyati, bunday sug‘urtalash qonun yoki shartnomaga muvofiq majburiy bo‘lsa, ijaraga beruvchi zimmasiga yuklatiladi.
LexUZ sharhi Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish Qoidalari”.