552-modda. Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasi sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin, agar:
ijaraga beruvchi mol-mulkni foydalanish uchun ijaraga oluvchiga bermasa yoki mol-mulkdan shartnoma shartlariga yoxud mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanishga to‘sqinlik qilsa;
ijaraga oluvchiga topshirilgan mol-mulkda undan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan kamchiliklar bo‘lib, ularni ijaraga beruvchi shartnoma tuzish vaqtida aytib o‘tmagan, ijaraga oluvchiga oldindan ma’lum bo‘lmagan va shartnoma tuzayotganda mol-mulkni ko‘zdan kechirish yoxud uning sozligini tekshirish vaqtida aniqlanishi mumkin bo‘lmagan bo‘lsa;
ijaraga beruvchi shartnomada belgilangan muddatlarda, agarda shartnomada muddat belgilangan bo‘lmasa, oqilona muddatlarda o‘z zimmasidagi mol-mulkni kapital ta’mirlash majburiyatini bajarmasa;
ijaraga oluvchi javobgar bo‘lmagan holatlar tufayli mol-mulk foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolsa.
Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeks 382-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ijaraga oluvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.
553-modda. Yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasi tuzishda ijaraga oluvchining imtiyozli huquqi Agarda qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijaraga oluvchi shartnoma muddati tugaganidan keyin yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasini tuzishda sharoitlar teng bo‘lgan hollarda boshqa shaxslarga nisbatan imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi. Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchini mulk ijarasi shartnomasida belgilangan muddatda, agar shartnomada bunday muddat belgilangan bo‘lmasa, shartnomaning amal qilishi tamom bo‘lguncha oqilona muddatda bunday shartnomani tuzish istagi haqida yozma ravishda ogohlantirishi lozim.
Mulk ijarasi shartnomasini yangi muddatga tuzishda shartnoma shartlari taraflarning kelishuvi asosida o‘zgartirilishi mumkin.
Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchi bilan yangi muddatga shartnoma tuzishni rad etsa-yu, ammo u bilan tuzilgan shartnoma muddati tugaganidan keyin bir yil ichida boshqa shaxs bilan mulk ijarasi shartnomasini tuzsa, ijaraga oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra yo tuzilgan shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlar o‘ziga o‘tkazilishini va o‘zi bilan shartnomani yangilashni rad etish oqibatida o‘ziga yetkazilgan zararning to‘lanishini yoki faqat zararning o‘zi to‘lanishini sud orqali talab qilishga haqli.
Agar mulk ijarasi shartnomasining muddati tamom bo‘lganidan keyin ham ijaraga oluvchi mulkdan foydalanishni davom ettirsa va ijaraga beruvchi bunga e’tiroz bildirmagan bo‘lsa, shartnoma avvalgi shartlar asosida noma’lum muddatga qaytadan tuzilgan hisoblanadi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2011-yil 1-dekabrdagi 234-son “Mulk ijarasi shartnomasiga oid fuqarolik qonun hujjatlari normalarini iqtisodiy sudlar tomonidan qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Qarorining 12-bandi.