Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” asaridan
Abdullaxoning Buxoroni birinchi marta egallashi va uni tashlab
ketishi to‘g‘risida
Sulton Sa’id zafarnishon sipohdan (engilib, Farabdan) chekingandan
so‘ng, a’lo hazrat (Abdullaxon) Burhon sultonning talabiga binoan, azimat
jilovini Buxoro tomonga qarab burdi. Burhon sulton izzat va shavkatlik
mavkabning (Buxoroga) kelayotganidan xabardor bo‘lib, barcha ulamo va
a’yonlarni (hamda) bozor va boshqa kasb egalarini tengi yo‘q xonning
istiqboliga jo‘natib, o‘zi ularning ketidan farmonbardorlik qadami bilan
jo‘nadi. SHahardan bir mo‘g‘uli,(ya’ni 6 farsax masofada) bo‘lgan SHahri
Islom degan joyda (xonning) sharafli muloqotiga musharraf bo‘lib, toju
taxt dushmanlarining fitnalari gardidan g‘uborlangan davlat ko‘ziga ul
xazratning bosgan tuprog‘ini surma qilib qo‘yib munavvar qildi; uning
oyoqlarini o‘pib, g‘ururlik boshini izzat avjiga chiqardi. U erdan turli
takalluf va tobelik ko‘rsatib, ul hazratni (Buxoro) shahriga olib kelib, izzat-
ikrom taxtiga o‘tqazdi.
Xizmatkorlik va farmonbardorlik marosimi tugagach, (Burhon
sulton) qubbati islom Buxoroni a’lo hazratga tortiq qilib, o‘zi (otining)
jilovini mazkur shaharga tobe’ bo‘lgan Qorako‘l tomonga burdi. Fathu
zafar quyoshi mashriqdan chiqib, yaxshi kun ko‘ringanligi sababli,
shunday viloyat hazrat sohibqiron (Abdullaxon)ning tasarrufiga kirdi.
(So‘ng) ul hazrat baxtu davlat bilan podshohlik taxtiga o‘ltirib, mamlakat
va xalq ishini tartibga soldi.
O‘sha viloyat katta-kichik odamlarining ko‘zi falak iqtidorli
podshohning oyog‘i g‘uboridan anchayin ravshan bo‘ldi. Kishilik jamiyati
ulamolari va ehtiromlik fuzalolarining zamonning ko‘p ayanchli hodisalari
tufayli yomonlashgan ahvoli (endi) shohona marhamat va iltifotlar
natijasida tuzaldi.
Bu yoqimli voqeadan bir necha kun o‘tgach va tamom mamlakat ul
hazratning adolat va rioyati barakotidan obod bo‘lgach, Buxoroning
hokimi (Burhon sulton) hayosizlik qilib, (Abdullaxonning) bunday (zo‘r)
ne’matini unutdi; boshini itoat xalqasidan chiqarib, isyonkorlik yo‘lini
tutdi; (uning) dimog‘i
kibru havo bilan to‘lib mag‘rurlikka mahliyo bo‘ldi
va hatto (xon bilan ilgari qilgan) ahdini buzib, o‘zining jur’at oyog‘ini itoat
vodiysidan chiqardi; sitam qo‘lini cho‘zdi va askar to‘plab, urush
bayrog‘ini ko‘tardi; mustaqillikni xayol qildi va Qorako‘ldan
(Abdullaxonga) qarshi otlanib (Buxoro) shahriga qarab yurdi.
296
Uning (bu) jasorati ovozasi (hamma yoqqa) tarqalgach, bu
andishaning shu’lasi ul hazratning xotirlarida toblangach, (ilgari bo‘lgan)
iliq hamiyati (endi) o‘ch olish qasdiga aylandi va buyurdiki, nusratpanoh
sipoh urushga hozirlanib (Abdullaxonning) qutli o‘zangisiga to‘plansinlar.
O‘zi yo‘lga tushib butun qarindoshlari va huzuridagi birodarlari bilan
zafarnishon bayrog‘ini ko‘tardi va oliy ne’matlik himmat yuzini davlatning
dushmanlari tarafiga qaratdi.
Burhon sulton Sulaymon martabali xonning kelayotganidan xabar
topgach, (u bilan) urushmoqqa ojiz bo‘lganidan otining jilovini Buxoro
viloyatining tumanlaridan bo‘lgan Romiton qal’asiga burdi va qo‘rqib-
pisib o‘sha vayron bo‘lib ketgan qal’aga yashirindi. Qo‘rqqanidan
qal’aning burj va devorlarini mustahkamladi. Nusrat nishonli askar
(Abdullaxonning) farmoniga ko‘ra, qal’ani o‘rab oldi va qamalni
to‘xtovsiz boshlab, urush olovini yoqib yubordi. Paymonasi to‘lgan,
xoksor dushmanlardan ko‘pini o‘ldirdi.
O‘sha kuni kun bo‘yi urushda tajribakor pahlavonlar, qal’a olib
dushmanni enguvchi kahramonlar jur’at etagini belga qistirib (qal’a)
devoriga tashlandilar va qal’aga qarab juda ko‘p tosh va sanoqsiz o‘qni
bahor yomg‘iridek yog‘dirdilar. Lekin ba’zi kishilarning tabiati va balki
barcha insonning xulqi bevafolikka moyil, «albatta, inson zolim va nodon
bo‘lgandir» (oyatida ko‘rsatilgan)day, shishadek tiniq osmonning podshohi
(ya’ni quyosh) g‘arbga tomon chopib, kechaning qora (libos kiygan) sipohi
Rum lashkari (quyosh) qalbi ustidan g‘alaba qilganda, ya’ni namozshom
vaqtida (Abdullaxon) mulozimlaridan bir guruhi bevafolik yo‘lini tutdilar
va Buxoro sipohi birin-ketin a’lo hazrat ostonasidan yuz o‘girib, dushman
tomoniga o‘tdilar. Iskandar martabali hazrat (Abdullaxon) bu voqea sodir
bo‘lgandan so‘ng, Romiton qal’asi atrofidan, vaqtning talabiga qarab,
(otining) jilovini burdi va (Buxoro) shahri tomon shoshildi. Komil aql va
ziyraklik bilan angladi va «(har qanday) ish o‘z vaqtiga garovdir»
(maqolining) hukmiga ko‘ra, nochor bir necha kun hashamat va
ulug‘vorlik vositalari hamda shon-sharaf va yuqorilik odobi yig‘ilib,
shavkat va davlatning asoslari dushmanlarni engilish vodiysiga va tor-mor
bo‘lish yo‘liga yuz qo‘yishga majbur qilganga qadar taqdirga tan berishga
majbur bo‘ldi, (lekin) shunday bir vaqt (qam) keladiki, davlat yulduzi
hashamat avjidan (yana) ko‘rinib, qasos oluvchi bahrom qilichi bilan
mamlakat dushmanining oyog‘ini qirqib, tegishli jazosini berur, (chunki)
«bu (ish) Tangriga mushkul emas» (deb jang maydonidan chekindi).
Binobarin, (Abdullaxon) Buxoro shahrida ham to‘xtamay,
qo‘zg‘olon
bayrog‘ini ko‘tarib (yana) Balxga qarab jo‘nadi. Ilgari g‘aybi
suratlar oynasi va shubhasiz nurlari shohidi bo‘lgan (achchiq) tajriba
297
ko‘rsatganki, qachonki Tangri, qudrati ulug‘ bo‘lsin, bir davlatmandning
baxtu taxt poyalarini Farqadonning yuqorisiga chiqarmoqchi bo‘lsa va
saltanatli taxtini davom, sabot, hashamat va yuqorilik (dan iborat) to‘rtta
poyasi bilan ko‘tarishni, ulug‘lashni istasa, dastlab uning davlati ajoyib
fitnalar va g‘aroyib o‘zgarishlarga ilojsiz duchor bo‘ladi.
(Hофиз Таниш Бухорий. Абдулланома /Биринчи китоб; Форс
тилидан Содиq Мирзаев таржимаси; Илмий муhаррир, нашрга
тайёрловчи, сўзбоши ва изоhлар муаллифи: академик Бўрибой
Аhмедов. –Т.: Шарq, 1999. –Б.127-128).
Do'stlaringiz bilan baham: |