«Urug‘chilik to‘g‘risida»gi qonun (1998 yil) urug‘chilikka doir asosiy tushuncha va atamalarni, urug‘chilik ishining asosiy vazifalarini, urug‘lar sifatini yaxshilash, ularni sertifikatsiyalash va realizatsiya qilish tartibini, urug‘chilikning ilmiy ta’minotini tashkil etish yo‘llarini, urug‘larni sertifikatlash va sifatini nazorat qilishda davlat organlarining ahamiyatini belgilab qo‘ydi.
Shuni ta’kidlash joizki, to 1930-1935 yillarga qadar O‘zbekistonda ekiladigan ekinlarning navlari mahalliy navlarga mansub bo‘lib, so‘ng seleksion navlari yaratilib ekila boshladi. Hozirgi vaqtda seleksion navlar va duragaylar ekilib kelinmoqda. Bunday navlar va duragaylarni yaratishda turli davlatlarda turli seleksionerlar tegishli ilmgohlarda ish olib bormoqdalar. Hozirgi davrda O‘zbekistonda g‘o‘zaning 11 ta yangi navi, bug‘doyni 22 ta navi, arpani 13, sulini 4, sholini 12, makkajo‘xorini 3 navi va 4 duragayi, jo‘xorini 8 navi, osh no‘xotini 3, xashaki no‘xotini 3, moshni 2 navi O‘zbekiston seleksiyasiga mansub bo‘lib ekishga rayonlashtirilgandir. Hozirgi vaqtda ko‘plab istiqboli navlar yaratilib, davlat nav sinovidan o‘tmoqda va katta muvaffaqiyatlarga erishilmoqda.
2. Seleksiya ishlarini tashkil etish va nav tanlash bo‘yicha maslahatlar
Seleksiya ishining ahamiyati qishloq xo‘jaligining barcha sohalarida fan-texnika taraqqiyotini tezlashtirishdan iborat. Genetika va seleksiya sohasidagi zamonaviy yutuqlarni ishlab chiqarishga keng tadbiq qilishda o‘z aksini topadi. Irsiyatlik, o‘zgaruvchanlik, tanlash, saqlash va ularni to‘g‘ri qo‘llash seleksiya samaradorigini amalga oshiradi.
Genetika, evolyutsiya ta’minoti, biotexnologiya, sitologiya, bioximiya, fiziologiya, matematika va hokazolar bazasidan tashkil topgan seleksiya san’atdan fan darajasiga ko‘tarildi. Insoniyat evolyutsiyasining dastlabki taraqqiyotida seleksiya xizmatiajdodlarimizning beqiyos san’ati hisoblangan.
O‘zbekiston seleksioner va urug‘chilik mutaxassislari g‘o‘za, bug‘doy yangi navlari va urug‘larini yaratish sohasida katta tajriba orttirganlar. Respublikada bir qator tajriba ishlab chiqarish xo‘jaliklari, nav sinash shaxobchalarining elita va urug‘chilik xo‘jaliklari bo‘lib, ular sohani rivojlantirishda mustahkam poydevorga egadir. Bugungi kunda respublikamiz paxta dalalarida faqat O‘zbekistonning o‘zida yaratigan g‘o‘za navlari ekilmoqda. Shunga qaramasdan urug‘chilik sohasida ko‘pgina muammolar o‘z yechimini axborot-maslahat markazlari mutaxassislari tomonidan tavsiyalar orqali hal qilinmoqda. Bular quyidagilarga asoslanadi:
hozirda nazariya va amaliyotda g‘o‘za navlarini kompleks iqtisodiy baholashda uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan;
joylashtirish jarayonida har bir nav iqtisodiy iqtisodiy samaradorlik imkoniyatini nisbiy taqqoslash uchun iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi yaratilib, g‘o‘za navlari bir qator ko‘rsatkichlari bo‘yicha va asosan sub’yektiv omillar ta’sirida joylashtirilmoqda;
nav joylashtirishni kompyuter dasturlari asosida amalga oshirish tarmoqni rivojlantirishda yuqori aniqlik va katta imkoniyat yaratadi, bu har bir g‘o‘za navining iqtisodiy baholovchi raqamga ega bo‘lishini taqozo etmoqda;
paxtachilikda nav almashtirish va sohani rivojlantirish har bir navning iqtisodiy imkoniyati (mutloq ko‘rsatkichi) yoki hududlar sharoitlariga mosligi (nisbiy ko‘rsatkich) darajasini bilishni taqozo etadi. Bunda yagona uslubiy asosga ega bo‘lgan baholash tizimi orqali navlar baholanmoqda;
ishlab chiqarish samaradorligi asosan mahsulotga bozor talabi va uning o‘zgarishiga bog‘liq. Shu bois g‘o‘za navlari mahsulot sifatida bozor talabi doirasida baholanmoqda;
kuzgi g‘alla ekishni tez muddatlarda tugatish va keyingi yil hosiliga zamin yaratish, tezpishar g‘o‘za navlari ekishni taqozo etadi. Tezpishar navlar sifati bozor talabiga javob berishligi uchun navlar iqtisodiy baholanmoqda;
iqtisodiy yo‘nalishdagi tadqiqotlarda, yangi agrotexnik usullar samaradorligi aniqlanib, g‘o‘za navlari iqtisodiy samaradorligi baholanmoqda.
Yuqoridagi mulohazalar bo‘yicha g‘o‘za navlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari guruhlarga ajratilgan va ularni hisoblash usullari ishlab chiqilgan.
G‘o‘za seleksion navlari iqtisodiy samaradorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni quyidagi ikki guruhga bo‘linadi:
tashkiliy iqtisodiy omillar;
tabiiy iqlim va g‘o‘za navlari biologik xususiyatlari bilan bog‘liq omillar.
Tashkiliy- iqtisodiy omillar ishlab chiqarish munosabatlari va ishlab chiqarish kuchlari rivojidagi nomutanosiblik oqibatida yuzaga kelib, ularga:
xom ashyo va tola narxlari o‘zgarishi;
tarmoqdagi moddiy texnik ta’minot darajasi;
resurslar narxi;
paxta va sanoat mahsulotlari narxi o‘sish sur’atlari nisbati;
agrotexnika qoidalariga rioya etish darajasi;
dehqonning iqtisodiy erkinligi;
servis xizmati ko‘rsatish tizimida raqobat muhiti mavjudligi va boshqalar kiradi.
Tabiiy iqlim va navlar biologik xususiyatlariga bog‘liq omillarga:
tuproq meliorativ holati, tarkibi unumdorligi;
yog‘in sochin miqdori;
suv ta’minoti;
samarali harorat miqdori;
nav hosildorligi;
tola chiqishi va sifati;
chigit yog‘liligi;
tezpisharliligi;
tola sifatining bozor talabiga mosligi va boshqalar.
G‘o‘za navlarini iqtisodiy baholash ko‘rsatkichlari shartli ravishda quyidagi guruhlarga ajratiladi:
navlarining tabiiy iqlim sharoitlariga talabi bo‘yicha;
navlarining agrotexnika tadbirlariga talabi bo‘yicha;
navlarining biologik xususiyatlari bo‘yicha;
navlarining texnologik talablarga javob berishi bo‘yicha (paxtani qayta ishlash mahsulotlar sifati bo‘yicha);
navlarining iqtisodiy jihatdan tavsifi bo‘yicha.
G‘o‘za navlari samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini guruhlashda quyidagicha uslubiy yondashuv maqsadga muvofiqdir:
seleksion navlarini parvarishlash natijasida olinadigan pirovard ijtimoiy foydali mahsulotning hajmi va sifatiga ta’sir etuvchi omillar kelib chiqishi va ularni paydo qiluvchi manbalar doirasida guruhlarga birlashtiriladi;
seleksion navlarini parvarishlash natijasida olinadigan pirovarl sof moliyaviy natija shakllaishiga kuchli ta’sir etuvchi asosiy omillar ta’sir qilish mexanizmidagi farqlar bo‘yicha guruhlarga birlashtiriladi.
Ushbu ko‘rsatkichlar ko‘plab iqtisodiy, biologik, koeffitsent, nisbiy ko‘rsatkichlar orqali ifodalanadi. Har bir guruh o‘z tarkibida yuqoridagi ikki mezon bo‘yicha bir biriga yaqin ko‘rsatkichlarni jamlaydi. Xususan:
G‘o‘za seleksion navlarini tabiiy iqlim sharoitlariga talabi bo‘yicha baholash tizimi doirasida:
g‘o‘za seleksion navlarining tuproq fiziologik, kimyomiy tarkibiga talabi ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining tuproq sho‘rlanish darajasiga chidamliligi ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining suv ta’minoti darajasiga talabi ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining yillik samarali harorat miqdoriga talabi ko‘rsatkichi hisobga olingan.
G‘o‘za seleksion navlarini agrotexnika tadbirlariga talabi bo‘yicha baholash tizimi doirasida:
g‘o‘za seleksion navlarining oziqlantirish me’yorlari va muddatlariga talabi ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining o‘simlik uchlarini chilpish muddatlariga talabi ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining defolyatsiya o‘tkazish muddatlariga talabi ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining hosilini yig‘ish usullariga talabi ko‘rsatkichi hisobga olingan.
G‘o‘za navlarining biologik xususiyatlari doirasida:
g‘o‘za navlarining o‘sib rivojlanishi davri davomiyligi ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining hosildorlik ko‘rsatkichlari;
g‘o‘za seleksion navlarining kasallik va zararkunandalarga chidamliligi ko‘rsatkichi hisobga olingan.
G‘o‘za seleksion navlarini texnologik talablarga javob berishi bo‘yicha baholash tizimi doirasida:
g‘o‘za seleksion navlarining tola chiqishi salmog‘i bo‘yicha ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining tolasi sifat ko‘rsatkichi (tola sanoat tipi; rangi; ifloslanishi;mikroneyri; solishtirma uzilish kuchi; tola uzunligi iqtisodiy baholashda hisobga olinadi).
g‘o‘za seleksion navlarining paxta tozalash zavodlari talablari darajasiga javob berishi ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining chigit vazni va yog‘lilik darajasi ko‘rsatkichi;
g‘o‘za seleksion navlarining ko‘sakdagi paxta vazni ko‘rsatkichi hisobga olinadi.
G‘o‘za navlari tolasining bozor talabiga javob berishi bo‘yicha:
paxta tolasiga jahon bozoridagi talab va taklif darajasi ko‘rsatkichi;
paxta tolasiga ichki bozordagi baholar darajasi va ularning tashqi bozor baholariga nisbati ko‘rsatkichi;
tashqi va ichki bozorning paxta tolasi sifatiga talabi ko‘rsatkichi;
tolaning sifatiga bog‘liq ravishda ichki va tashqi bozordagi baholar darajasi o‘zgarishi ko‘rsatkichi hisobga olinadi.
Ko‘rsatkichlar navlar samaradorligiga ta’sir ko‘rsatishi va sezilarli farqlarga egaligi bo‘yicha e’tiborga olingan va ularni hisoblash uslublari ishlab chiqilgan. Xususan:
G‘o‘za seleksion navlarini tabiiy iqlim sharoitlariga talabi bo‘yicha baholash tizimi doirasida:
G‘o‘za navlarini tuproq fiziologik, kimyoviy tarkibiga talabi bo‘yicha baholashda: tabiiy omillar, tabiat qonuni asosida shakllanuvchi, barqaror omil bo‘lib, koinot gravitatsiyasi asosida o‘zgaruvchi fizik, biokimyoviy faol kuchlar ta’sirida bo‘ladi va navlar xususiyatlari shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu abstrakt fikrdan kelib chiqib, tabiiy omillar g‘o‘za navi yaratilishida “eng katta ta’sir etuvchi kuch” va nav yaratilgan hudud sharoitiga g‘o‘za navi “maksimal darajada moslashgan” deggan xulosaga kelingan. Ammo, ushbu xulosa nav yaratishdagi boshqa omillar ta’siri e’tiborga olinmasa o‘rinli bo‘ladi.
Tayyorlangan urug‘lar sifatining kafolatlanish shartlari «Urug‘chilik to‘g‘risida»gi qonunning 7-bandida urug‘larni sertifikatsiyalash tartibi bilan ko‘rsatilgan. Ekish uchun tayyorlangan barcha urug‘larni laboratoriya sinovlaridan o‘tkazib, standart talablarga javob bergan urug‘larga sertifikat berish maqsadida qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish Davlat markazi tuzilgan. Uning asosiy maqsadi navlarning irsiy sofligi va urug‘larning unib chiqish xususiyatlarini Davlat standartlariga mosligini aniqlagan holda urug‘ sotib oluvchi sub’yektni himoya qilishdir.
Shu bilan birga, bugungi kunda respublikamizda qullanilayotgan tahlil qo‘llanmalar va sertifikatsiyalash uslublari, urug‘ning sifati Xalqaro Assotsiatsiya (ISTA) talablariga to‘liq javob bermaydi. Bu esa urug‘lik chigitni xalqaro bozor talablariga mos kelmasligiga olib kelmoqda.
«Urug‘chilik to‘g‘risida» va «Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida»gi qonunlarni bajarishda O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi katta ishlar olib bormoqda. Masalan, Respublika paxta urug‘ligi boshqarmasi mutaxassislari elita urug‘ligi va keyingi avlodlarini yetishtiruvchi xo‘jaliklarni tender asosida tanlab olib, guvohnoma berish tartibini ishlab chiqdi. Tartibga ko‘ra urug‘lik yetishtirishda faqat sharoiti urug‘lik yetishtirishga mos keladigan, katta tajribaga ega bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tanlovda qatnashishini ta’minladi.
Albatta, olib borilgan ishlar urug‘ navlarini yaxshilashga yordam beradi. Biroq boshqa qishloq xo‘jalik o‘simliklarida, hamda urug‘likni qayta ishlash tizimida bu tartib qo‘llanilmayotganligi urug‘lik sifatiga kafolat berolmaydi hamda xaridor va mahsulot egasini to‘liq himoya qilolmaydi.
Yuqoridagi muammolarni yechish uchun avvalambor, «Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida»gi qonunni to‘laqonlik bajarish va navlarni ishlab chiqarishda samarali foydalanish uchun maxsus litsenzion shartnomalar tuzishni yo‘lga qo‘yish lozim. Litsenzion shartnoma muallif va foydalanuvchi shaxs tomonidan imzolanib, unda navdan foydalanish shartlari hamda muallifga mukofot hajmlari kelishib olinadi. Biroq, yuqorida aytib o‘tilganidek, bu ishlarni muvofiqlashtiruvchi maxsus tashkilot yo‘qligi masalani hal qilishga to‘sqinlik qilmoqda. Shuni ham aytish kerakki, litsenzion shartnomalar faqatgina muallif oladigan haqni kafolatlamay, balki ekilayotgan navning nav tozaligi uchun muallifning javobgarligi va mas’uliyatini ham oshiradi.
Agar litsenzion shartnomalar aniq mexanizmi ishga tushirilsa, unda barcha nav mualliflari original, yuqori reproduksiyali urug‘larni yetishtirishni o‘zlari tashkillashtiradi va albatta, bunda urug‘lar sifati va xizmati keskin yaxshilanadi.
Shuni aytish kerakki, Respublikamiz Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan qonunlarimiz dunyodagi ko‘pgina mamlakatlar tomonidan ma’qullangan. Aynan shu sababli bugungi kunda urug‘chilikka ixtisoslashgan Sirdaryo viloyati Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo urug‘chilik kompaniyasi, Surxondaryoda Yunoniston, Farg‘ona, Namangan, Buxoro viloyatlarida Fransiya va Olmoniya mamlakatlari bilan birgalikda maxsus urug‘chilik qo‘shma korxonalari ishga tushirildi.
Bu qo‘shma korxonalarga xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatilganligi sababli sifatli urug‘lar tayyorlashga erishilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |