Galobakteriyalar. Sho’rlangan issiq suv havzalarida hayot kechiradi. Ular uchun 20-30 % NaCl li suvlar yashash uchun eng qulay sharoitdir. Arxeobakteriyalarning xarakterli xususiyatlaridan eng muhimlari ularning plazmatik membranalari bir qavatli, membrana lipidlari tarkibida glitsyerin bo’lmaydi. Ularning o’rnida izoprenli uglevodorodlar bo’ladi. DNKning tarkibida azot asoslarining ketma ket takrorlanishi mavjud bo’lib, bu xususiyat chin bakteriyalarda bo’lmaydi
Chin bakteriyalar. Bir hujayrali mikroskopik organizmlardir. Gram bo’yog’i bilan bo’yalish usuli bo’yicha ular gramijobiy va gramsalbiy bakteriyalarga bo’linadi. Hujayra shakllariga ko’ra bakteriyalar batsillalar, streptokoklar, vibrionlar va spirallarga bo’linadi (55-rasm). Ko’pchilik bakteriyalarda hivchinlari bo’lganligi sababli ular harakatchan bo’ladi.
Bakteriyalar hujayrasining tuzilishi o’simlik va hayvonlar hujayrasining tuzilishiga o’xshash bo’ladi. Biroq ulardan farq qilib, bakteriyalarda xloroplastlar, Mitoxondriyalar, yadro membranasi va yadro bo’lmaydi. Ular turli xil ekologik sharoitda uchraydi. Ko’payishi faqat hujayrasining ikkiga bo’linishi yo’li bilan bo’ladi. Ba'zi bir bakteriyalarda konyugatsiyaga o’xshash jinsiy ko’payishlar aniqlangan. Bakteriyalar ko’pincha Geterotrof, qisman avtotrof usullar bilan oziqlanadi. Ular ayerob va anayerob sharoitlarda hayot kechiradilar. Bakteriyalarning tabiatda ahamiyati katta. Ular bijg’ish, chirish va organik moddalarni parchalashda ishtirok etadi. Ana shu jarayonlar natijasida tuproqda karbonatlar, sulfidlar, fosfatlar, boksitlar hattoki temir rudalari ham hosil bo’lib turadi.
Dukkakli o’simliklar ildizidagi tuganak bakteriyalar, tuproqdagi azotobakteriyalar hujayrasidagi simbiosomalar ishtirokida havodagi erkin azotni o’zlashtiradilar va ularni yashil o’simliklar o’zlashtiradigan holatga, ya'ni azot birikmalariga (NO3, NH4Q) aylantiradilar.
Amaliyotda ham bakteriyalardan keng foydalanadilar. Masalan sut kislatali bakteriyalar faoliyatidan sut mahsulotlari tayyorlashda, sabzavotlarni konservalashda foydalaniladi. Bakteriyalardan antibiotiklar ham olinadi. Gen injeneriyasida DNK ning gibrid shakllarini olishda ham ulardan foydalanish mumkin. Odam va hayvonlarda turli xil kasalliklarni tug’diruvchi bakteriyalar ham bor. Chunonchi ular odamlarda dizenteriya, o’lat, vabo, difteriya, so’zak (sifilis) va shu kabi kasalliklarni tug’diradi. Bundan tashqari odam va hayvonlarda uchraydigan brutsellyoz, sil kasalligi, kuydirgi va shu kabi kasalliklarni ham bakteriyalar tug’diradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |