6.3. Muxandis kadrlar shaxsining bilish faoliyatida diqqatning o‘rni.
Idrok va xotira jarayonlarining samaradorligi va ularni boshqarish yana bir psixik jarayon diqqatga bog’liqdir. Diqqat – shunday psixik jarayonki, u shaxs ongining narsa va xodisalarga yo’nalganligini aks ettiradi. Hosil bo’lish va amal qilish xususiyatiga ko’ra diqqat ikki turli: ixtiyorsiz va ixtiyoriy bo’ladi. Ixtiyorsiz diqqat kishining anglashilgan niyatlari va maqsadlaridan mustasno tarzda hosil bo’ladi. Ixtiyoriy diqqat ongli ravishda boshqarilayotgan va tartibga solingan bo’ladi. Ixtiyorsiz diqqatning paydo bo’lishi psixofiziologik va psixik omillar bilan belgilanadi. Ixtiyoriy diqqat shaxs faoliyatida namoyon bo’ladi. Shu diqqat turi borligi tufayli kishi xotiradan o’zi uchun zarur ma’lumotlarni faol tarzda, tanlab ajratib olishga, to’g’ri qarorlarni tanlashga, faoliyat jarayonida paydo bo’ladigan vazifalarni amalga oshirishga layoqatli bo’ladi. Diqqatning xususiyatlariga: ko’chishi, barqarorligi, taqsimlanishi va ko’lami kiradi. Diqqatning salbiy jihati ham mavjud. Bu parishonxotirlikdir. Parishonxotirlik diqqatni uzoq vaqt davomida jadal bir narsaga qaratishga layoqatsizlikda, diqqatning tez-tez va oson bo’linib turishida namoyon bo’ladi. Bu esa o’qish va ishda susayishga olib keladi. Shuning uchun har bir talaba o’z ta’lim faoliyatini samaradorligini oshirishi uchun diqqat xususiyatlarini bilishi bilan birga, uni boshqarish va rivojlantirish omillarini topa olishi kerakdir.
Diqqatni ilmiy tadqiq etish N.V.Dobrinin, N.V.Kuz’minina, I.V.Straxov, M.V.Gamezo, F.N.Gonobolin kabi bir qator olimlar tomonidan olib borilgan. Diqqat jarayonining fiziologik asoslarini tushuntirishda esa rus fiziologlari I.P.Pavlov, A.A.Uxtomskiylarning olib borgan ishlari muhimligi bilan ajralib turadi. Ularning ta’limotlariga asosan, diqqatning xolatlari, sifatlari, xususiyatlari, birinchidan, qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlarining o’zaro birgalikdagi harakati bilan, ikkinchidan, miya strukturasida hukm suruvchi qo’zg’aluvchanlik bilan uyg’unlikka egadir.
Diqqat muammosini boshqa psixik jarayonlar bilan bog’liq jihatlarini N.N.Lange, A.R.Luriya va boshqalar ham o’rganganlar. N.N.Lange diqqat muammosini o’rganishda qadimgi davrdan boshlab, to 19 asrgacha bo’lgan rivojlanish bosqichini sakkizta turkumga ajratgan holda tahlil qiladi.
Diqqat xususiyatlarini bilish har bir shaxsning faoliyatida ma’lum samaraga olib kelgani bois, uni o’rganish va diagnostika qilish shaxsga albatta yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |