Voyaga yetmagan shaxslar sodir etadigan jinoyatlarning
oldini olishni tashkil etish
Voyaga yetmaganlar sodir etadigan jinoyatlarning oldini olish davlat va jamoatchilik tomonidan umumiy maqsadda tashkil etiladi. Ushbu faoliyat yo‘nalishida ichki ishlar vazirligi ham o‘z xizmat vazifalaridan kelib chiqqan holda zarur amaliy chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi IIV tizimida davlat siyosati talablaridan kelib chiqib, voyaga yetmaganlarni tarbiyalash uchun zarur profilaktika ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda bir qator islohotlar qilindi. Bu islohotlarni amalga tatbiq etishda vazirlik tizimiga kiruvchi turli soha xodimlari va mutaxassislarining ishtiroki kompleks tarzda ta’minlanmoqda. Tabiiyki, bunday tashkiliy ishlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilmasligini ta’minlash va, eng muhimi, retsidiv jinoyatlarning yuzaga kelishining oldini olishdir. Voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olish bir butun muammo bo‘lib, bu muammoni yechishda qator ilmiy-nazariy bilimlarga va amaliy tajribalarga amal qilish talab etiladi. Xususan, barcha yo‘nalishda bo‘lganidek, jinoyatchilikka qarshi kurashda, shu jumladan, voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olish uchun, birinchi navbatda, axborot-tahlil ishlarini amalga oshirish lozim. Chunki axborot- tahlil ishlari orqali voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan barcha huquqbuzarliklarning umumiy holati, ularning miqyosi, tarkibi, tabiati va dinamikasi to‘g‘risida zarur ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligini baholashda ularning yuzaga kelishiga ta’sir etuvchi omillarni inobatga olish, u yoki bu hududiy birlikda ma’lum bir turdagi, ayniqsa, og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi jinoyatlarning sabablarini tahlil etish juda muhim bo‘lib, ularning oldini olishda katta ahamiyatga ega. Eng muhimi, voyaga yetmaganlar jinoyat- chiligining axborot-tahlil ishlari kamida 3-5 yillik davrni o‘z ichiga olishi lozim Jinoyatchilikka taalluqli barcha statistik ma’lumotlardan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Voyaga yetmagan jinoyatchilarning yoshiga ko‘ra, ya’ni 14-15 va 16-17 yoshlardagi o‘quvchilarni, ishlab chiqarishda band bo‘lgan o‘smirlarni, o‘qimayotgan va ishlamayotganlarni, maxsus mehnat-tarbiya koloniyalarida bo‘lib qaytgan va hisobda turuvchi voyaga yetmaganlarni jinoyat sodir etishda har birining miqdori va ulushi umumiy jinoyatchilikda qanchani tashkil etishini aniqlash ham juda muhimdir. Voyaga yetmaganlar sodir etadigan jinoyatlar va umuman barcha turdagi huquqbuzarliklarning chuqur va atroflicha tahlil natijalari profilaktika faoliyatini amalga oshirish uchun davlat va jamoat idoralari hamda tashki- lotlarga taqdim etiladi. Shu o‘rinda, amalga oshiriladigan tadbirlarning rejalashtirilishi kompleks tarzda bo‘lishiga erishish lozim. Bu, birinchidan, voyaga yetmaganlar sodir etadigan jinoyatlarning turli xususiyatlarga egaligi, ikkinchidan, bu toifadagi shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda turli subyektlarning ishtirok etishidir. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha ishlab chiqiladigan kompleks reja-tadbirlarni davlat va uning ma’muriy-hududiy birliklarining har birida ishlab chiqish borasida juda ko‘p tajriba to‘plangan, deyish mumkin. Bunday tadbirlar, ta’kidlanganidek,
2-5 yillik muddatga mo‘ljallanadi. Zarur hollarda hududiy kompleks chora- tadbirlar rejasida davlat boshqaruvining aniq bir tarmog‘i bilan hamkorlikda ish ko‘rish ham e’tiborga olinadi. Jinoyatchilikning oldini olishda asosiy bo‘g‘in hisoblanuvchi ichki ishlar organlari barcha turdagi profilaktika ishlarini tashkil etishda voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari, prokuratura, sud va boshqa huquqni muhofaza etuvchi davlat organlari, maorif muassasalari, sog‘liqni saqlash, o‘quv yurtlarining pedagogik jamoalari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari va ular tizimiga kiruvchi jamoat tashkilotlari, mudofaa vazirligi tizimiga kiruvchi mudofaa bo‘limlari ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik ishlarini amalga oshiradilar hamda zarur hollarda muvofiqlashtirish ishlarini yo‘lga qo‘yadilar. Ushbu ishlarni amalga oshirishda profilaktika ishlarini tashkil etuvchi subyektlarning o‘zaro hamjihatligini ta’minlash uchun zarur hamkorlik usullari joriy etiladi. Jumladan, ichki ishlar organlarining taklifi va ishtiroki bilan voyaga yetmaganlarning tarbiyasi va hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida turli sport musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan inshootlar hamda moddiy resurslardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Shu asosida qiziquvchilar klublari, uyushmalari, sport-mehnat lagerlari, to‘garak va seksiyalar, o‘quv yurtlarini otaliqqa olish hamda ota-onalarni pedagogik va huquqiy bilimlarini oshirish tashkil etiladi. Voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida temir yo‘l vokzallari, istirohat bog‘lari, ommaviy dam olish maskanlari, tomoshaxonalar, diskoteka, jamoatchilik ovqatlanadigan joylar, hovli va boshqa turar joylarda, ichki ishlar organlari hamda jamoatchilikning zarur kuch va vositalarini jalb qilgan holda (profilaktika inspektorlari, jinoyat qidiruv xodimlari, post-patrul xizmatlari) reyd, tekshiruv va shu kabi turli tadbirlar amalga oshiriladi. Ushbu tadbirlar jarayonida tarbiyasi buzuq bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarning to‘planadigan joylari, daydilik bilan shug‘ullanuvchi o‘smirlar, fohishabozlik bilan shug‘ullanuvchilar, uy- joyidan qochib ketgan yoshlar aniqlanadi va qabul qilish hamda taqsimlash idoralariga joylashtiriladi, voyaga yetmaganlarga spirtli ichimliklar iste’mol qilish imkonini beruvchi holatlar bartaraf etiladi.
Voyaga yetmaganlar sodir etadigan huquqbuzarliklarning oldini olishda militsiya idoralarining xodimlari (profilaktika inspektorlari, jinoyat qidiruv va tergov idoralari xodimlari, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash xizmati xodimlari) olib boradigan huquqiy tarbiya ishlarini ommaviy va yakka tartibda tashkil etish katta ahamiyatga ega. Ushbu tadbirlarni olib borishda voyaga yetmaganlarning yoshini e’tiborga olish yaxshi natija berishini yodda tutish lozim. Bunga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya etuvchi qonunchilik, ya’ni jinoyat, ma’muriy va turli huquq tarmoqlarining mazmun hamda mohiyatini targ‘ib qiladilar, o‘qish va yashash joylarida ichkilikbozlik va giyohvandlikka qarshi kurashni, maktab, kollej, litsey va oliy o‘quv yurtlarida ularning huquqiy dunyoqarashi va bilimlarini oshirishga yordam ko‘rsatishni tashkil etadilar. Bunday tadbirlar ma’ruza, davra suhbatlari, ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar orqali amalga oshirilsa profilaktika choralarining samarasi yanada ortadi. To‘g‘ri, huquqiy tarbiya va targ‘ibot ishlarini olib borishda nafaqat voyaga yetmaganlar, balki ularning ota-onalari, pedagogik jamoalar, mahalla faollari va boshqa tarbiyaviy ishlarni olib boruvchilarga ham alohida e’tibor qaratish va ularning huquqiy bilimlarini talab darajasida bo‘lishiga erishish lozim. Voyaga yetmaganlar sodir etadigan jinoyatlarning oldini olishda umumiy profilaktik chora-tadbirlarni olib borish bilan birga, ichki ishlar organlari tomonidan turli yo‘nalishlardagi maxsus profilaktika ishlari ham yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, voyaga yetmaganlar dunyoqarashiga salbiy ta’sir etuvchi ayrim jinoyatlarni operativ qidiruv usul hamda vositalar orqali o‘z vaqtida ochish. Binobarin, jazoning muqarrarligini to‘g‘ri anglanishini ta’minlash ham muhim profilaktika ta’sir chorasi ekanligini e’tibordan chetda qoldirmaslik zarur. Yana bir o‘ziga xos profilaktika chorasi sifatida huquqbuzarlik sodir etayotgan voyaga yetmaganlarning ota-onalariga (homiy yoki vasiylariga) g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishlicha rasmiy ogohlantirish berishdir. Yakka tartibda amalga oshiriladigan tadbirlarda o‘z vazifasini bajarmayotgan ota-onalarga nisbatan kriminologiya tavsiyalaridan o‘rin olgan ta’sir etishning barcha usul hamda vositalari (ijtimoiy-foydali, tarbiyaviy ahamiyatga ega turli choralar, ommaviy axborot vositalari, ishontirish va majburlash, rag‘batlantirish kabi) joriy etiladi. Bunda, biz yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, shaxsning yoshi va boshqa xususiyatlari inobatga olinishi lozim.
Voyaga yetmaganlar sodir etadigan jinoyatlarning sabablarini aniqlash nafaqat jamoatchilik yordamiga, balki zarur hollarda yuqori tajribali soha mutaxassislari yordamiga tayanishni ham taqozo etadi. Jumladan, voyaga yetmagan huquqbuzarlarning shaxsiy xususiyatlarini aniqlashda tibbiyot xodimlari, narkolog, seksolog, ruhshunos kabi mutaxassislar yordamiga tayanish lozim. Kriminologiyada ta’sir chorasi sifatida amalga oshiraladigan turli profilaktik chora-tadbirlar ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etiladi va amaliy tavsiyalar beriladi. Ijtimoiy profilaktikada o‘zining ota-onalik burchini bajarmayotgan, voyaga yetmaganlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan shaxslarga ham majburiy choralar qo‘llaniladi va shu orqali ularga ta’sir ko‘rsatiladi. Bunda jinoyat, ma’muriy qonunchiliklar asosida javobgarlik belgilanadi. Jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar bilan profilaktika ishlarini tashkil etishda tergovchilar amalga oshiradigan protsessual harakatlar ham katta ahamiyatga ega. Chunki jinoyatning sodir etilishi sabablari va unga imkon yaratgan sharoitlar tergov jarayonida aniqlanadi. Tergovchi ushbu sabab va sharoitlarni bartaraf etish uchun tegishli davlat organlari hamda jamoat tashkilotlarining mansabdor shaxslarga talablar qo‘yadi. Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha tahliliy natijalar jamoatchilik yig‘inlarida, ishlab chiqarish korxonalari va o‘quv yurtlari jamoalarda ko‘rib chiqiladi hamda muhokama etiladi. Voyaga yetmaganlar jinoyat sodir etishining oldini olish va, umuman, yosh avlodni to‘g‘ri tarbiyalab voyaga yetkazish davlatning ichki siyosatida muhim o‘rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |