Voqeaband o‘yinlami tashkil etish va o ‘tkazish
Reja:
1.
Hozirgi zamon fan tadqiqotlarida bola nutqini o‘stirish va
rivojlantirish masalalari
2.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalarning tillarni
o‘rganishdagi nutqini rivojlantirishda o‘yinning axamiyati
3.
Maktabgacha yoshdagi bolalarga o‘zga tilni o‘rgatish
sotsiolingvistik muammo sifatida
Hozirgi zamon fan tadqiqotlarida bola nutqini o‘stirish va
rivojlantirish masalalari
Ilk bolalik chog‘iga taalluqli bo‘lgan nutq o‘sishi va rivojlanishi
bosqichlari turli sohalar olimlarini, jumladan pedagog-psixologlar,
lingvistlarni, eng avvalo, bu nutq rivojlanishidagi o‘ziga xos davr
bo‘lganligi uchun ham qiziqtiradi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, u
nutqni o‘stirish va rivojlantirish uchun senzitiv hisoblanadi: bu davrda
nutq muloqot vositasi sifatida paydo bo‘ladi va takomillashadi; u
shunchalik jadal sur’atlarda rivojlanadiki, nutqning keyingi butun
ontogenezi jarayonida ushbu holat boshqa kuzatilmaydi.
K.D.Ushinskiyning ta’kidlashicha, «…bola ikki-uch yilda shuncha
narsani oson va tez o‘rganib oladiki, keyin yigirma yil qunt bilan
astoydil o‘qigan taqdirda ham uning yarmini o‘zlashtira olmaydi».
Ilk yoshdagi bolalar nutqini o‘rganishga E.I.Tixeeva, M.M.Kolsova,
N.M.Askarina, G.M.Lyamina, M.I.Lisina va boshqa ko‘plab taniqli
olimlar, pedagoglar va metodistlar sezilarli hissa qo‘shishgan.
Ilk yoshda nutqni o‘stirish va rivojlantirish ikki yo‘nalish bo‘yicha
ro‘y beradi:
1 – nutqni tushunishni takomillashtirish;
2 – bola nutqining faolligini shakllantirish.
Bolalar nutqini psixologiya-pedagogika nuqtai nazaridan tadqiq
etishni F.A.Soxin va O.S.Ushakovalar tasnifiga ko‘ra, uchta
yo‘nalishga ajratish mumkin:
- tarkibiy – til tizimining turli tarkibiy darajalari – fonetik, leksik,
grammatik darajalarini shakllantirish;
- funksional – kommunikativ funksiyada tilni egallash ko‘nikmalarini
shakllantirish;
- kognitiv – til va nutq hodisalarini eng oddiy usulda anglashni
shakllantirish.
Ilmiy tadqiqotlar va yo‘nalishlar tahlili maktabgacha yoshdagi bolalar
nutqining turli tomonlarini rivojlantirish xususiyatlari hamda ularning
ilmiy adabiyotda o‘rganilganlik darajasini aniqlash imkonini beradi.
V.I.Loginova, YU.S.Lyaxovskaya, V.V.Gerbova, E.M.Strunina va
boshqalarning tadqiqotlarida bolalar ona tili leksikasini o‘zlashtirib
olishlarining o‘ziga xos xususiyatlari yoritilgan.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning lug‘atni o‘zlashtirishlarida ikki
jihat ajratib ko‘rsatilgan: atrofdagi olam lug‘atini (so‘z boyligini)
anglash bilan birgalikda rivojlantirish; lug‘atni til birligi sifatida
o‘zlashtirish. Ular predmetli aloqalar va munosabatlar mantig‘ida
ham, til mantig‘i borasida ham so‘z ustida ishlash zarurligini isbotlab
berishgan.
Bolalar nutqining grammatik tuzilishi sohasidagi tadqiqotlar bolalarda
nutqning morfologik va sintaktik tomonlarini shakllantirish
(F.A.Soxin, M.I.Popova, A.V.Zaxarova, V.I.YAdeshko,
A.G.Tambovseva va boshq.), ona tilining so‘z hosil qilish tizimi
xususiyatlarini aniqlash, shuningdek, bolalar nutqining grammatik
tuzilishini takomillashtirishga oid pedagogik ishda nafaqat odatdagi
grammatik xatoliklarni o‘rganish va tuzatishga, balki birinchi
navbatda grammatik umumlashmalarni shakllantirishga e’tiborni
qaratish zarurligini isbotlash imkonini berdi.
Bolalar tomonidan tilning tovush tizimini o‘zlashtirilishi bo‘yicha
o‘tkazilgan tadqiqotlarda (G.M.Lyamina, E.I.Radina, G.A.Tumakova,
A.I.Maksakov, M.I.Gening, N.A.German va boshq.) o‘rganish
predmeti sifatida xizmat qildi.
Logopediyaning bolalar nutqidagi kamchiliklarning oldini olish bilan
bog‘liq masalalar doirasini ishlab chiquvchi profilaktik yo‘nalishi
keng tarqalgan.
Bolalar nutqini rivojlantirishga oid yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan
yondashuvlar maktabgacha yoshdagi bolalarning tilni tizim sifatida,
ya’ni tovush tomoni, lug‘at tarkibi va grammatik tuzilishni birgalikda
o‘zlashtirishlarini o‘rganish sohasiga taalluqlidir.
Bolaning til tizimini egallash borasidagi barcha yutuqlarini muloqotni
ta’minlovchi mazmunli, keng yoyilgan fikr sifatida qaraladigan ravon
nutq o‘z ichiga oladi. U mazmunliligi, mantiqliligi va izchilligi bilan
ajralib turadi. Ravon nutq bola til boyligini qanchalik
o‘zlashtirganligining ko‘rsatkichi hisoblanadi, u bolaning aqlan,
estetik, emotsional jihatdan rivojlanish darajasini aks ettiradi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning ravon nutqi tadqiqotchilari
E.I.Tixeeva, E.A.Flerina, A.M.Leushina, L.A.Penevskaya va
boshqalar bolalar og‘zaki nutq va hikoya qilishni o‘zlashtirishining
o‘ziga xos xususiyatlari, dialogik va monologik nutqning o‘zaro
bog‘liqligini chuqur tushunish asosiga quriladigan ravon nutqni
o‘qitish tizimiga asos solishgan. Ular tomonidan bolalar hikoyalari
tasniflab chiqilgan bo‘lib, uning asosini fikr bildirish manbasi:
predmetlarni tavsiflash, adabiy matnlarni hikoya qilib berish, suratga
qarab hikoya qilish, shaxsiy va jamoa tajribasidan misol keltirish,
ijodiy hikoya qilishlar tashkil etadi.
Monologik nutqni o‘stirish va rivojlantirish nazariyasi va
metodikasining yanada rivojlanishi bolalar ravon nutq turlari va fikr
bildirishning turli xillarini o‘zlashtirish xususiyatlarining chuqur
tadqiq etilishi bilan tavsiflanadi. Izohlovchi nutqlar, mulohaza
shaklidagi jumlalarning xususiyatlari o‘rganiladi va uning negizida
bolalarga monologlarning turli xillarini o‘rgatish metodikasi
yaratiladi.
F.A.Soxin, O.S.Ushakova va ularning shogirdlari tomonidan ravon
nutqni shakllantirishninig turli jihatlari bo‘yicha olib borilgan
tadqiqotlar ravon nutqni baholashning shunchaki mantiqlilik,
izchillikdan ko‘ra yanada aniqroq mezonlarini qidirishni galdagi
vazifalardan biri qilib qo‘ydi. Ravonlikning asosiy ko‘rsatkichi
sifatida so‘zlar, gaplar va fikrlarning qismlari o‘rtasida zarur aloqa
vositalaridan foydalangan holda, matnni tarkibiy jihatdan to‘g‘ri
tuzish qobiliyatini shakllantirish qabul qilingan.
Maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish masalalarini
tadqiq etish O‘zbekiston Respublikasida o‘tgan asrning 50-yillarida
boshlangan. Maktabgacha ta’lim sohasidagi birinchi fan nomzodi
A.V.Nikolskaya mahalliy millat bolalariga rus tilini o‘qitish zarurligi
masalasini ko‘tarib chiqdi. U tomonidan o‘tkazilgan sinov tadqiqotlari
(1958-60 yillar) natijasida maktabgacha katta yoshli o‘zbek bolalariga
ruscha og‘zaki nutqni o‘rgatish metodikasining asosiy mazmuni
belgilangan va uning asosiy masalalari ishlab chiqilgan.
XX asrning 70-yillarida A.V.Nikolskayaning ilmiy rahbarligi ostida
E.M.Razbaeva tomonidan maktabgacha yoshdagi katta bolalarda
o‘qilgan asarlar asosida kattalar mehnatiga hurmatni tarbiyalash
bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi. S.O.G‘ozieva tomonidan
(E.M.Razbaevaning ilmiy rahbarligi ostida) maktabgacha katta
yoshdagi bolalarda o‘zbek xalq og‘zaki ijodidan (xalq ertaklari,
o‘yinlar) foydalanish asosida atrofdagilarga adolatli munosabatda
bo‘lishni shakllantirish masalalari tadqiq qilindi.
1979 yildan boshlab to bugungi kungacha maktabgacha yoshdagi
bolalarga ona tili va o‘zga tilni (rus, o‘zbek) o‘qitish muammosi
O‘zbekiston olimlari, metodistlari, psixologlarining tadqiqot ob’ekti
hisoblanadi (F.R.Qodirova, R.M.Qodirova, G.X.Jumasheva,
D.Abdurahimova, L.R.Mirjalilova, N.SH.Nurmuhammedova va
boshq.).
Barcha tadqiqotchilar bola nutqini va uning rivojlanishini alohida
ajratilgan holda emas, balki katta yoshli kishining bolaga pedagogik
ta’siri bilan o‘zaro bog‘liqlikda ko‘rib chiqadilar. Ushbu yondashuv
o‘rinlidir, zero fandagi zamonaviy tadqiqotlar nutqni o‘zlashtirish va
ijtimoiy o‘zaro hamkorlik – o‘zaro bog‘liq jarayonlardir, nutqni
o‘stirish va rivojlantirish esa – ijodiy jarayon, biroq u stixiyali jarayon
emas, degan fikrga asoslanadi.
Inson tajribasining tarixan shakllangan mazmuni so‘zli shaklda
umumlashtirilgan, uni bayon etish va o‘zlashtirish esa ushbu
jarayonda nutqning ham ishtirok etishini nazarda tutadi. Nutq bolaga
inson madaniyatining barcha yutuqlariga yo‘l ochadi. Umuman
shaxsning va barcha asosiy psixik jarayonlar (qabul qilish, fikrlash va
boshq.)ning shakllanishi ham bolada nutqning rivojlanishi bilan
bog‘liqdir. Bolaning psixik jihatdan shakllanishida nutqning alohida
o‘rin tutishi uning turli bosqichlarda rivojlanishiga yordam beruvchi
shart-sharoitlar va omillarni bilishni juda muhim qilib qo‘yadi.
Nutqning rivojlanishi bilan harakatlanuvchi kuchlar haqidagi masala,
ushbu holat shiddat bilan, sakrash tarzida ro‘y berishi tufayli ham,
muhim ahamiyat kasb etadi.
Bolalarda nutq rivojlanishini rag‘batlantiruvchi yoki unga to‘sqinlik
qiluvchi kuchlarni aniqlash ushbu jarayonga aniq maqsadni ko‘zlagan
holda pedagogik ta’sir ko‘rsatishni tashkil etish kalitidir.
Olimlar bolalarni o‘qitishni ularning yuqori darajadagi aqliy va nutqiy
rivojlanish darajasini ta’minlash, til qobiliyatlarini shakllantirish
imkonini beradigan darajada optimal tashkil etish yo‘llarini topish
borasida faol ish olib bormoqdalar. Nutqni o‘qitishning nazariy va
empirik muammolarini tadqiq etish quyidagi nazariy qoidalardan
kelib chiquvchi umumiy boshlang‘ich pozitsiyalarga ega:
- ta’lim maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishda,
ayniqsa zamonaviy noqulay nutqiy muhit sharoitida hal qiluvchi
ahamiyatga ega;
- nutqni o‘rgatish – «…dan to …gacha» kabi qattiq qoliplar to‘g‘ri
kelmaydigan hamda nutqni rivojlantirishning yosh qonuniyatlari va
bolaning individual xususiyatlari bilan belgilanadigan ijodiy
jarayondir;
- nutqni rivojlantirishning asosida kommunikativ yondashuv bo‘lishi
kerak, xususan: ona tilini o‘zlashtirish nutqiy muloqot faoliyatiga
qo‘shilishi, o‘quv sharoiti tabiiy muloqot sharoitlariga
yaqinlashtirilishi lozim;
- o‘qitish vaziyatida katta yoshli odamning bola bilan o‘zaro
hamkorligining xususiyati ushbu bola uchun etakchi bo‘lgan muloqot
shakli bilan belgilanishi lozim;
- til ustida nutqiy faoliyat tuzilmasi doirasida hamda uning barcha
komponentlarini: undov-motivatsiya, yo‘naltirish-tadqiqot, ijro
komponentlarini hisobga olgan holda ish olib borish zarur;
-nutqni o‘qitish bolalarning tilni o‘rganish bo‘yicha mustaqil
faoliyatiga asoslanishi va bolalar faolligining boshqa turlari bilan
bog‘liq bo‘lishi kerak.
Hozirgi paytda maktabgacha yoshdagi bolalarga nutqni o‘qitish
muammosini ishlab chiqish mazkur metodologik xolatlardan kelib
chiqqan holda olib borilmoqda.
Maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish sohasidagi
psixologik, pedagogik tadqiqotlarni tahlil qilish quyidagi xulosalarga
kelish imkonini beradi:
-nutqni o‘stirish va rivojlantirish – bolaning individual psixik
rivojlanishida markaziy o‘rin tutuvchi ijtimoiy-tarixiy tajribani
o‘zlashtirishining murakkab, ko‘p omilli jarayonidir;
-nutqni o‘stirish va rivojlantirish – bu malakali pedagogik rahbarlikni
nazarda tutuvchi ijodiy jarayon, lekin u stixiyali jarayon emas;
-bola nutqni o‘stirish va rivojlantirish jarayonini boshqaruvchi
pedagog bu jarayonning turli yosh bosqichlaridagi qonuniyatlari,
mexanizmlari, o‘ziga xosliklarini bilishi, nutqiy rivojlantirishning
o‘ziga xosliklarini ko‘ra olishi va bolaning individualligini hisobga
olgan holda, uning nutqiga ta’sir ko‘rsatishning eng samarali
yo‘llarini tanlashi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |