Viloyatda 2015 yilda ish o´rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta´minlash dasturi to´g´risida Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi qarori
Qo'shilgan sana: 2015-01-31
Manba: Qashqadaryo viloyat hokimlik matbuot xizmati
Muallif: Admin
“Aholini ish bilan ta´minlash to´g´risida”gi O´zbekiston Respublikasining Qonuni (O´zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Axborotnomasi 1998 y., 5-6-son, 17-modda), O´zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2014 yil 22 oktyabrdagi 992-II-sonli va O´zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2014 yil 13 noyabrdagi “2015 yilda ish o´rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta´minlash dasturi to´g´risida”gi SQ-454-II- sonli Qarorlariga (O´zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014 y, 11-son, 317-modda) muvofiq viloyatda 2015 yilda ish o´rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta´minlash maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati to´g´risida”gi Qonun (O´zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 y., 9-son,24-modda)ga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashi,
Q A R O R Q I L A D I:
1. 2015 yil davomida viloyatda yaratiladigan yangi ish o´rinlarining parametrlari 1-ilovaga, Qarshi shahar va tumanlarda yangi ish o´rinlari tashkil etish parametrlari 2-ilovaga hamda viloyat Ishchi komissiyasi ro´yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 2015 yilda yangi ish o´rinlari yaratish hududiy dasturlari parametrlari O´zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 28 noyabrdagi “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo´llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta´minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi to´g´risida”gi PF-4058-sonli Farmoni (O´zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to´plami, 2008 y., 49-son, 477-modda) bilan tasdiqlangan moliyaviy inqirozga qarshi kurash choralari doirasidagi takliflari inobatga olinsin.
Ishchi komissiyasining hududlarga biriktirilgan a´zolariga:
har oyda biriktirilgan hududga chiqqan holda 2015 yilda yangi ish o´rinlari yaratish va aholi bandligini ta´minlash dasturi ijrosini tanqidiy o´rganib, hokimliklar va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida muhokama etib borish;
hududiy dasturlarni amalga oshirishda yo´l qo´yilayotgan qoloqlik va muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralarni ko´rish;
belgilangan vazifalarni talab darajasida bajarmagan tarmoqlar, hokimliklar, mas´ul davlat organlari, tijorat banklari va korxonalar rahbarlarining mas´uliyatini ko´rib chiqish yuzasidan viloyat ishchi komissiyasiga takliflar kiritib borish;
hududiy dasturlarga kiritilgan ob´ektlarning o´z vaqtida ishga tushirilishi, dastur parametrlarining to´liq va sifatli bajarilishi ustidan qat´iy nazorat o´rnatish vazifasi yuklansin.
3. Viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi (O´.Pardaev):
ushbu parametrlar bo´yicha hokimliklar bilan hamkorlikda 2015 yilda har bir hududlar (Qarshi shahri va tumanlar)da yaratiladigan yangi ish o´rinlari parametrlarining ijrosini tahlil qilib, viloyat hokimligiga taqdim etib borsin;
2015 yilda yangi ish o´rinlari yaratish va aholi bandligini ta´minlash dasturining ijrosi monitoringini yuritishda investisiya, lokalizasiya, tarmoqlar, hududlarni, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va boshqa maqsadli dasturlar ijrosiga alohida e´tibor qaratsin.
4. Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasi (I.Jo´raev) tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda moliyaviy sog´lomlashtirish choralari qo´llanilgan sharoitda ish o´rinlarini tiklash, ulardagi bo´sh ish o´rinlari, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish, ishlamasdan turgan korxonalar faoliyatini tiklash hisobiga yaratiladigan yangi ish o´rinlari hisobini yuritsin va nazoratga olsin.
5. Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi (T. Karimov)ga:
viloyatdagi barcha tijorat banklari bilan birgalikda yangi ish o´rinlari yaratishga yo´naltiriladigan kredit resurslari hajmlarini hududlar (shahar, tumanlar), tijorat banklari va maqsadli yo´nalishlar kesimida ajratishning reja jadvalini ishlab chiqish va joylarga etkazish;
tasdiqlangan reja-grafigiga muvofiq tijorat banklari tomonidan 2015 yilda yangi ish o´rinlari yaratish uchun kreditlarning belgilangan muddatlarda ajratilishini qat´iy nazoratga olish, mablag´lar ajratilishini joylarga chiqqan holda hokimliklar, tijorat banklari va tadbirkorlar ishtirokida muhokama etib, zarur choralarni ko´rish tavsiya etilsin.
6. Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasi (I.Jo´raev), Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi (S.Boboqulov)ga:
xususiy tadbirkorlik, kichik biznes va xizmatlar sohasini rivojlantirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratib berish hamda sohada yangi ish o´rinlari yaratish;
kichik biznes sub´ektlarining tashkil etilishi va faoliyat ko´rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini joylarga chiqib o´rganish hamda mavjud muammolarni hal etish bo´yicha zaruriy choralarni ko´rish tavsiya etilsin.
7. Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasi (I.Jo´raev)ga, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi (T.Karimov), viloyat tijorat banklari, tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda iqtisodiy nochor va ishlamasdan turgan korxonalar faoliyatini qayta tiklash, ularda yangi ish o´rinlari yaratish chora-tadbirlariga asosiy mas´ul ekanligini inobatga olgan holda, ushbu yo´nalishda belgilangan yangi ish o´rinlari yaratishning prognoz parametrlari ijrosining ta´minlanishini qat´iy nazoratga olish tavsiya etilsin.
8. Viloyat Moliya boshqarmasi (N.Qulmatov) sug´urta idoralari bilan birgalikda yirik sug´urta idoralarining har bir shahar, tumanlardagi filiallari (vakolatxonalari) tarmog´ini kengaytirishning qo´shimcha chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va shahar, tumanlar kesimida 2015 yilda yangidan tashkil etiladigan ob´ektlarning manzilli ro´yxatlarini tasdiqlasin.
9. Viloyat Davlat soliq boshqarmasi (X.Xolboev) belgilangan tartibda ro´yxatdan o´tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug´ullanayotgan fuqarolarni qonunchilikda belgilangan tartibda ro´yxatdan o´tkazishni ta´minlasin.
10. O´zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 28 iyuldagi “Ta´lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo´shimcha chora-tadbirlar to´g´risida”gi PF-4232-sonli Farmonining (O´zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to´plami, 2010 y., 30-son, 251-modda) 1-bandiga muvofiq mikrofirmalar, kichik korxonalar tomonidan respublikaning kasb-hunar kollejlari, akademik liseylari va oliy ta´lim muassasalari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzilganda, band bo´lgan xodimlarning o´rtacha yillik soni qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan normativdan ko´pi bilan 50 foiz oshgan hollarda, ular uchun imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar saqlab qolinsin.
11. Viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi (Sh.Rajabov)ga, Statistika (F.To´raev), Iqtisodiyot (A.Umirov) boshqarmalari bilan birgalikda 2015 yilda yangi ish o´rinlari yaratish va aholi bandligini ta´minlash dasturi ijrosining har oylik monitoringini hududlar va tarmoqlar kesimida olib borsin, dastur ijrosi haqida umumlashgan ma´lumotlarni viloyat hokimligiga har oyda taqdim etish, dastur ijrosini ta´minlash yuzasidan hududlar, tarmoq va korxonalar bo´yicha aniq takliflar kiritish vazifalari topshirilsin.
12. Viloyat Davlat statistika boshqarmasi (F.To´raev)ga, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish (Sh.Rajabov), Iqtisodiyot (A.Umirov) boshqarmalari bilan birgalikda barcha chora-tadbirlar hisobiga yaratilayotgan yangi ish o´rinlari hisobining yuritilishini ta´minlasin.
yangidan tashkil etilgan ish o´rinlarining hisobi O´zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo´mitasining 2013 yil 6 maydagi 28-q, 31, 4q-2013-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashkil etilgan ish o´rinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi to´g´risidagi” Nizom (ro´yxat raqami 2473, 27.06.2013 y.) (O´zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to´plami, 2013 y., 26-son, 344-modda) hamda O´zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Davlat statistika qo´mitasining 2013 yil 1 maydagi 26, 3q-2013-son qarori bilan tasdiqlangan “Yangidan tashkil etilgan ish o´rinlari bo´yicha tezkor ma´lumotlar va davlat statistika hisobotlarining o´zaro muvofiqligini ta´minlash hamda ularning haqqoniyligini tanlov asosida o´rganish to´g´risidagi” Nizom (ro´yxat raqami 2474, 27.06.2013 y.) (O´zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to´plami, 2013 y., 26-son, 345-modda) asosida amalga oshirsin.
13. Viloyat Davlat soliq boshqarmasi (X.Xolboev), Markaziy banki viloyat bosh boshqarmasi (T.Karimov), Iqtisodiyot boshqarmasi (O´.Pardaev), Fermerlar Kengashi (B.Safarov), Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi (Sh.Rajabov), Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni qo´llab-quvvatlash viloyat boshqarma (I.Jo´raev) lariga:
2015 yilda ish o´rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta´minlash dasturi bajarilishining borishi to´g´risidagi ma´lumotlarni har oyning 25 sanasiga qadar viloyat ishchi komissiyasi (G´.Djavliev)ga taqdim etib borish vazifalari yuklatilsin.
14. Qarshi shahar, tumanlar hokimlariga:
2015 yilda ish o´rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta´minlash dasturining asosiy yo´nalishlari va parametrlari tegishli hududda bajarilishini ta´minlash;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlantirish, xizmatlar ko´rsatish va servis sohasini, qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joy qurilishini va pudrat asosidagi qurilish ishlarini, ko´p tarmoqli fermer xo´jaliklarini yanada rivojlantirish, bekor turgan korxonalarni qayta tiklash, ish o´rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta´minlash bilan bog´lik dasturlarni amalga oshirish bo´yicha zarur chora-tadbirlarni ko´rish;
shahar va tumanlar markazlarida, yirik korxona va tashkilotlar ish beruvchilari ishtirokida ixtisoslashtirilgan ish o´rinlari yarmarkalari o´tkazilishini tashkil etish;
2015 yilda yangi ish o´rinlari yaratish va aholi bandligini ta´minlash dasturi ijrosi haqidagi ma´lumotlarni har oyda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasiga taqdim etib borish;
2015 yilda yangi ish o´rinlari yaratish, aholi bandligini ta´minlash dasturining tasdiqlangan asosiy parametrlarini 2015 yilda yangi tashkil etiladigan va kengaytiriladigan ob´ektlar (korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, tadbirkorlik sub´ektlari, fermer va dehqon xo´jaliklari va shu kabilar) kesimida muddatlar, moliyaviy manbalar, mas´ullar bo´yicha aniqlashtirilgan holda tasdiqlash;
har oyda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari bilan birgalikda 2015 yilda yangi ish o´rinlari yaratish va aholi bandligini ta´minlash hududiy dasturining tasdiqlangan parametrlari bajarilishi, manzilli ro´yxatlarga kiritilgan ob´ektlarning ishga tushirilishi va belgilangan ish o´rinlarining yaratilishini muhokama etib borish;
har bir tuman, shahar hokimlari boshchiligidagi tarkibiga manfaatdor tashkilotlar rahbarlari kiritilgan ishchi guruhlari tashkil etish, ular zimmasiga yangi ish o´rinlari yaratish va aholi bandligini ta´minlash choralarini ko´rish, manzilli dasturga kiritilgan korxonalarning tashkil etilishi va faoliyat yuritishini har tomonlama qo´llab-quvvatlash, jumladan ro´yxatdan o´tkazish, moddiy-texnika resurslaridan va muhandislik kommunikasiyalaridan foydalanish, dastlabki sarmoyani shakllantirish va kreditlar olish, soliqqa tortish, mahsulotni sotish kabi muammolarni aniqlash va joyida hal etish choralarini ko´rish vazifalari topshirilsin.
15. Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining 2013 yil
23 noyabrdagi “Viloyatda 2014 yilda moliyalashning barcha manbalari hisobidan yaratilayotgan yangi ish o´rinlarining parametrlari to´g´risida”gi IV/36-121-sonli qarori 2014 yil 31 dekabrdan o´z kuchini yo´qotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy komissiyalari raislari zimmasiga yuklatilsin.
17. Ushbu qaror rasman e´lon qilingan kundan e´tiboran kuchga kiradi.
Xalq deputatlari viloyat
Kengashining raisi Z.Ro´ziev
2015 yil 30 yanvar,
Qarshi shahri
Do'stlaringiz bilan baham: |