Virulentlik. Mikrobning patogenlik darajasi uning virulentligi deyiladi, ya’ni virulentlik mikrobning individual belgisi bo’lib, har xil sharoitlarda o’zgarib turadi. Virulentlik laboratoriya hayvonlarini zararlab aniqlanadi. Hayvonlarni o’ldira olgan kulturaning eng kam miqdori DLM (dosis letalis minima) mikrob virulentligining ko’rsatkichi hisoblanadi. U Virulentlikni shartli qabul qilingan o’lchov birligi.
Hayvonlar patogen mikrobga nisbatan individual moyillikka ega ekan, mikrobning virulentligini yanada aniq tavsiflash uchun uning absolyut o’ldiruvchi dozasi (bu 100% zararlangan tajribadagi hayvonlarni oldiruvchi mikrobning eng kam miqdori) yoki LD50, LD75 - o’rtacha va undan yuqori o’ldiruvchi dozasi aniqlanadi. LD50 – patogen mikroblar virulentligining ko’proq obyektiv kriteriysi bo’lib, bu xususiyatni baholashda xatolikni kamroq bo’lishini ta’minlaydi.
Virulentlikni o’zgaruvchanligi kulturaning yoshi, uni o’stirish sharoiti, oziq muhit tarkibiga bog’liq. Boshqa tomondan mikrobning virulentligi makroorganizmni rezistentligi ya’ni, hayvon turi va yoshiga, ularni saqlash sharoitlariga ham bog’liq ravishda o’zgaradi. Masalan, pnevmoniya qo’zg’atuvchisiga laboratoriya hayvonlaridan oq sichqon, dengiz cho’chqasi va quyonlar moyil. Ammo, oq sichqonlarni o’lishi uchun pnevmokokkni bir-ikkita hujayrasini organizmga kirishi yetarli, biroq dengiz cho’chqasi va quyonlarni bu bakteriyaning yuqori dozasi bilan zararlagandagina ularda o’limga olib keladigan kasallik rivojlanadi. Bundan tashqari vierylentlikni namoyon bo’lishi mikrobni organizmga rirish yo’llariga ham bog’liq. Masalan dengiz cho’chqalari tuberkulyozga moyil laboratoriya hayvoni, unga nafas yollari orqali Mycobacterium tuberculosisni bir-ikkita hujayrasini yuborganda kasallik rivojlanib o’limga olib keladi, lekin ichak orqali zararlaganda o’ldiruvchi doza bir nechta ming hujayraga ortadi. Tuberkulyoz mikobakteriyalarini terisi ostiga yuborib zararlaganda jarayonning limfa tugunlarida kechadigan shakli rivojlanib, nisbatan yengil o’tishi va tez sog’ayib ketishi bilan farq qiladi, shu doza bilan vena ichiga yuborib zararlaganda esa ko’pincha o’lim bilan tugaydigan infeksiyaning o’tkir o’tuvchi umumlashgan shakli (dessiminirlangan miliar tuberkulyoz) paydo bo’ladi.
Mikroblarni virulentlik xususiyatlarining o’zgaruvchanligi ularni virulentligini aniqlash uchun tajribalar o’tkazisda standart sharoitlarga riyoya qilish zaruratini ko’rsatadi. Virulentlikning pasayishi yoki ortishi tabiiy (spontan) paydo bo’lishi yoki maqsadli ravishda paydo qilish mumkin. Sun’iy ravishda mikrob virulentligini oshirish uchun moyil hayvonlar organizmidan ketma-ket zararlab o’tkazish, mutagenlarni ta’sir ettirish mumkin. Virulentlikni pasaytirish uchun aksincha mikrobni moyil bolmagan hayvonlar organizmidan ketma-ket o’tkazish, ularni sintetik oziq muhitlarda uzoq vaqt o’stirish, shuningdek, har xil omillar: immune zardoblar, maxsus bakteriofaglar, antimikrobli preparatlar, dezinfeksiyalovchi moddalar, yuqori harorat kabilarni ta’sir ettirish bilan erishish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |