Siklonlar. Oddiy cho‘ktirish uskunalarida gaz aralashmalaridagi mayda changlarni ajratish ancha qiyin. Cho‘ktirish uskunalarining o‘lchami katta bo‘lganligi uchun ular ko‘p joyni egallaydi. Bundan tashqari, gazlarni tozalash darajasi ancha kichik. Shuning uchun changli gaz aralashmalarini tozalash uchun sanoatda siklonlar keng ishlatiladi. Siklon silindrik va konussimon qismlardan iborat bo‘ladi. Uskunada tozalangan gaz chiqadigan va chang tushadigan patrubkalar bor. Changli gaz siklonga tangensial yo‘nalishda 20÷25 m/s tezlikda kiradi. So‘ngra pastga spiralsimon aylanma harakat bilan yo‘naladi. Natijada markazdan qochma kuch hosil bo‘ladi. Bu kuch ta’sirida gaz oqimidagi qattiq zarrachalar o‘qdan siklonning ichki devori tomon harakat qiladi, so‘ngra devorga urilib o‘z kinetik energiyasini yo‘qotadi va og‘irlik kuchi ta’sirida pastga tushadi. Siklonning pastki konussimon qismida gaz oqimi inersiya bo‘yicha aylanma spiralsimon harakatini davom ettiradi va yuqoriga yo‘nalgan oqim paydo bo‘ladi. Tozalangan gaz markaziy quvur orqali uskunadan chiqib ketadi. Siklondagi changli gazlarning tozalanish darajasi qattiq zarrachalarning kattaligi, gaz oqimining tezligi va uskunaning geometrik o‘lchamlariga bog‘liq bo‘ladi.
Siklonlar konstruktiv tuzilishiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi: silindrli va konusli (1-rasm). Silindrli siklonlarda qobiqning silindrli qismi ancha uzun qilib, konusli siklonlarda esa konussimon qilib tayyorlangan bo‘ladi. Silindrli siklonlar yuqori ish unumdorlikka, konusli siklonlar esa yuqori tozalash darajasiga ega. Biroq konusli uskunalarda bosimning yo‘qolishi ko‘proq bo‘ladi. Konusli siklonlarda yuqoridan pastga qarab ko‘ndalang kesim yuzasining kamayib borishi sababli uskuna devori yaqinda chang zarrachalarining ajralishi tezlashadi. Silindrli siklonning diametri 2 m dan, konusli siklonning diametri esa 3 m dan ortmasligi kerak. Siklonlarning diametri 2–3 m dan ortib ketsa, uskunaning tozalash darajasi kamayadi.
1-rasm. NIIOgaz konstruksiyali siklonlar sxemasi:
a – silindirli; b – konusli. Oqimlar: I–changli gaz, II–tozalangan gaz, III–chang.
Umuman olganda, siklonlar tarkibida 400 g/m3 gacha qattiq fazani ushlagan changli gazlarni tozalash uchun ishlatiladi. NIIOgaz tomonidan ishlab chiqarilayotgan siklonlarning diametri 100÷1000 mm ga, changli gazlarning tozalanish darajasi 30÷85 % ga teng. Changli gaz aralashmalaridagi qattiq zarrachalarning diametri kattalashgani sari gazlarning tozalanish darajasi 90÷95 % gacha ortishi mumkin.
Siklonlarda gaz aralashmalarining tozalanish darajasi ajratish koeffitsiyentiga bog‘liq:
Ka = , (4)
bu yerda, W – gaz oqimining tezligi, m/s; r – siklonning radiusi; g – erkin tushish tezlanishi (g=9,81 m/s2).
Bu tenglikdan ko‘rinib turibdiki, tozalanish darajasini oshirish uchun gaz oqimi aylanma harakatining radiusi, ya’ni siklonning radiusini kamaytirish yoki gaz oqimining harakat tezligini oshirish kerak. Gazlarning tezligini ortishi natijasida siklonda kuchli turbulent oqim hosil bo‘lib, gidravlik qarshilik kattalashadi, changli gazlardagi qattiq zarrachalarning normal cho‘kishi buziladi va gazlarni tozalash qiyinlashadi. Siklonlarning radiusi kichiklashtirilsa, ularning unumdorligi kamayadi. Shuning uchun ko‘p miqdordagi changli gazlarni (140 m3/s gacha) tozalash va ajratish tezligini oshirish uchun parallel ishlaydigan siklonlar guruhi yoki batareyali siklonlar ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |