KAZUS №5
Maktabda o’qituvchi bo’lib ishlaydigan A.Ashurovga metallolom topshirish rejasini bajarmaganligi uchun maktab direktori O.Sobirov hayfsan e’lon qildi. A.Ashurov ushbu hayfsan ustidan arz qilib, sudga murojaat qildi
Vaziyatga IRAC usulida huquqiy baho bering.
Kazusning xulosa qismidan keyin (alohida abzatsda) kazusda tasvirlangan holatga o’z shaxsiy munosabatingizni erkin bayon qiling (80-100so’z). Bunda quyidagi masalalarga e’tibor qarating:
Kazusda bayon etilgan holatning ijtimoiy oqibatlari.
Majburiy mehnatga qarshi milliy va xalqaro qonunchilik.
Majburiy mehnatga munosabatingiz? Nega majburiy mehnat qonunchilikda taqiqlangan? Buning davlat va jamiyat uchun qanday zarari bo’lishi mumkin?
Manba:
Konstitutsiya 37-modda
VMQ 349, 10.05.2018
MJTK 51-modda
Bu yerda asosiy muammolar sifatida quyidagilarni ko’rsatib o’tish mumkin:
Birinchi muammo: Maktab direktori O.Sobirov o’qituvchi bo’lib ishlaydigan A.Ashurovga metallolom topshirish majburiyatini yuklashi qonuniymi?
Ikkinchi muammo: O.Sobirovning A.Ashurovga hayfsan e’lon qilishi qonunga to’g’ri keladimi?
Ushbu kazusni yechish uchun quyidagi manbalardan foydalaniladi:
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “Majburiy mehnatga barham berishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 349-sonli qarori, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 51-moddasi
Birinchi muammoga to’xtaladigan bo’lsak, O’zbekiston Konstitutsiyasining 37-moddasiga ko’ra, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash , tegishli qonunga binoan ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega va qonunda ko’rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. O’zbekiston Respublikasida “Majburiy mehnatga barham berishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 349-son qarorga ko’ra ta’lim sohasi xodimlarini, ta’lim muassasalari o’quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, ya’ni obodonlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo’jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig’ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish mumkin emas.
Ikkinchi muammoga e’tiborni qaratsak, O.Sobirov A.Ashurovga metallolom topshirmaganligi uchun hayfsan e’lon qilgan. O’zbekiston Respublikasida “Majburiy mehnatga barham berishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 349-son qarorida ko’rsatilishicha ta’lim muassasasi xodimlarini majburiy mehnatga jalb etish taqiqlangan va bunday mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar ko’rilishi belgilangan. Shu nuqtayi nazardan olib qarasak, O.Sobirovni hayfsan e’lon qilishga haqqi yo’q. Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq majburiy mehnatga majburlash bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha jarima solishga sabab bo’ladi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, O.Sobirov xodimlarga metallolom topshirish majburiyatini yuklashga haqli emas. Shundan kelib chiqib, O.Sobirov A.Ashurovga hayfsan berishi to’g’ri emas.Bu holatda O.Sobirov nohaq edi.
Men o’z fikrimni bildiradigan bo’lsam, bunday vaziyatning bo’lishi xodimlarga ortiqcha yuk bo’ladi. Lekin bunday hollar oldinlari oddiy hol edi. O’qituvchilar bilan bir qatorda maktab o’quvchilariga ham shunday ishlar yuklanardi. Bu esa ta’lim tizimiga og’ir bosim qilardi. Natijada o’qitish sifati pasayib, o’quvchilarda ta’lim tizimi to’g’risida salbiy fikrlar yuzaga kelardi. Ammo hozir ham, ba’zi joylarda shunaqangi holatlar ishlab turibdi. Bu esa o’qituvchilar bilan birga oddiy o’quvchilarga va ayniqsa maktab o’quvchilarining oilalariga ham qiyinchiliklar keltirib chiqaradi.
Hozirda majburiy mehnatni oldini olish uchun qattiq kurashilmoqda. Buning uchun bir qator qonunlar qabul qilinyapti. Jazolar kuchaytirilmoqda. Jumladan, majburiy mehnat uchun jarima miqdori muttasil oshirib borilishi holatlarini kuzatishimiz mumkin. Jahon hamjamiyati, avvalo xalqaro tashkilotlar majburiy mehnatni doimo tanqid qilib, unga qarshi bo’lib kelishgan. Ular iloji boricha ko’proq insonlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga intilishadi.
Mening majburiy mehnatga munosabatim albatta salbiy. Bu ochiqchasiga inson huquqlarining buzilishidir. Majburiy mehnatni qonunchilikda taqiqlanishi sabablari ham insonlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdir. Bu xalqaro makonda ham davlatning obro’siga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Majburiy mehnatni bo’lishi butun dunyoni shu mamlakat haqida salbiy fikr va qarashlar bo’lishiga olib keladi. Bu mamlakat rivojiga yomon ta’sir qilishi mumkin.
SULTONOV BEHZOD