Tashqi ta’sirlar bozorlarning samarasiz bo`lishiga sabab bo`lsa-da, hukumat harakati har doim ham muammoni hal qilish uchun zarur emas. Ba’zi hollarda, odamlar xususiy yechimlar ishlab chiqishi mumkin.
Xususiy yechim turlari
Ba'zan tashqi ta’sir muammolari ma'naviy kodekslar va ijtimoiy sanksiyalar bilan hal etiladi. Ko`p odamlar nima uchun, masalan, hamma joyni iflos qilmasligini ko`rib chiqaylik. Iflos qilishga qarshi qonunlar mavjud bo`lsa-da, bu qonunlar kuchli amal qilmaydi. Ko`pchilik odamlar iflos qilmaydi, chunki bunday qilish, albatta, noto`g`ri narsa. Ko`pchilik bolalarga o`rgatiladigan “Oltin qoida”ga ko`ra, "hammani o`zingdek bil". Bu ma'naviy to`siq bizning xatti-harakatlarimiz boshqa odamlarga qanday ta'sir etishini hisobga olish kerakligini aytadi. Iqtisodiy jihatidan, u tashqi ta’sirni o`zlashtirish ma’nosini bildiradi.
Tashqi ta’sirlar uchun yana bir xususiy yechim tashqi ta’sirlarni hal qilish uchun tashkil etilgan xayriyalardir. Misol uchun, maqsadi atrof-muhitni himoya qilish bo`lgan Sierra Club xususiy xayriya bilan moliyalashtiriladigan notijorat tashkilot hisoblanadi. Boshqa bir misol sifatida, kollej va oliy o`quv yurtlari
bitiruvchilari, korporatsiyalar va fondlardan sovg`alar oladi, chunki ta'lim jamiyat uchun ijobiy tashqi ta’sir olib keladi. Hukumat xayriya uchun daromad solig`iga imtiyozlar beruvchi soliq tizimi orqali tashqi ta’sirning bu xususiy yechimini rag`batlantiradi.
Xususiy bozor ko`pincha tegishli partiyalarning manfaatlariga tayanib tashqi ta’sirlar muammosini hal qilishi mumkin. Ba'zan hal qilish turli xil biznes integratsiyasi shaklini oladi. Misol uchun, bir-biriga yaqin joylashgan olma yetishtiruvchi v aasalarichini olaylik. Har bir biznes boshqasiga ijobiy ta'sir etmoqda: daraxtlar gulini changlash orqali asalarilar bog`bonga olma yetishtirishda yordam beradi. Shu bilan birga, asalarilar olma daraxtlaridan nektar olib asal ishlab chiqarish uchun foydalanadi. Shunday bo`lsa-da, olma yetishtiruvchi qancha daraxt ekishga qaror qilishi va asalarichi qancha asalari saqlashga qaror qabul qilishida, ular ijobiy tashqi ta'sirni hisobga olmaydilar. Natijada, olma yetishtiruvchilar juda kam daraxt ekadi va asalarichi juda oz asalari saqlaydi. Asalarichi olma bog`larini sotib olsa yoki olma yetishtiruvchi asalari qutilarini sotib olsa, bunda tashqi ta’sirlar o`zlashtirilishi mumkin: Har ikki faoliyat keyin bir xil firma ichida bo`ladi va bu firma daraxtlar va asalarilar maqbul sonini tanlashi mumkin bo`ladi. Tashqi ta’sirni o`zlashtirish ayrim firmalarning turli turdagi bizneslarga jalb qilinishining bir sababidir.
Xususiy bozor uchun tashqi ta'sirni hal qilishning yana bir usuli manfaatdor tomonlar bilan aloqaga kirishishdir. Yuqoridagi misolda, olma yetishtiruvchilar va asalarichi o`rtasidagi shartnoma juda kam daraxt va juda oz ari muammosini hal qilishi mumkin. Shartnoma daraxtlar sonini, asalarilar sonini va ehtimol, bir tomonning boshqa biriga to`lovlarini belgilashi mumkin. Daraxtlar va asalarilar to`g`ri sonini aniqlash orqali shartnoma odatda bu tashqi ta’sirdan kelib chiqadigan samarasizlik hal qilinishi va ikki tomon uhcun yaxshi bo`lishi mumkin.