4. Sotuvchilarga ta’sir etish uslublari.
Sotuvchilarga nisbatan SOR (do’kon, namoyish zallari va hokazolarning xodimlari) bu insonlar tomonidan sotishning yuqori darajalariga erishishga yo’naltirilgan. Rag’batlar sifatida quyidagilar qo’llanilishi mumkin:
1. Pul mukofotlari.
2. Qo’shimcha ta’til.
3. Firma hisobidan xordiq chiqarish safarlari.
4. Qimmatbaho sovg’alar.
Ma’lumki, tovar xaridi xaridor to’loviga qobiliyatli va tovar unga zarur bo’lgandagina amalga oshadi. Lekin tovarni xarid qilish uchun uning iste’mol xususiyatlari haqida ma’lumotga ega bo’lish kerak. Bundan tashqari, bozorda odatda bitta ehtiyojni qondiradigan bir nechta tovarlar mavjud bo’ladi va xaridor ular orasidan tanlashga majbur bo’ladi. Iste’mol xususiyatlari noma’lum bo’lgan tovar bunday vaziyatda sotib olinmaydi, vaholanki, inson yangiliklarga nisbatan har doim biroz xavfsirash bilan qaraydi («ishonchsizlik to’sig’i»). Aynan ana shu to’siqni yo’qotish talabni shakllantirish va sotishni rag’batlantirish xizmati (TAShSOR)ning asosiy vazifalaridan biridir.
Talabning shakllanishi (TASh) xaridorga tovarning mavjudligi haqidagi xabarni yetkazish, bu tovar orqali qondiriladigan ehtiyojlar haqida unga ma’lumot berish, bu ehtiyojlarning qondirilish sifatini isbotlovchi dalillarni keltirishdan iborat.
TASh tadbirlari — reklama, ko’rgazma va yarmarka faoliyati va hokazolar yordamida potentsial xaridor ongida xarid haqida qaror qabul qilishda asosiy rol o’ynaydigan «tovar haqidagi tasavvur» shakllanadi.
TASh tadbirlarining asosiy vazifasi bozorga «bozor uchun yangilik bo’lgan tovarlar»ni olib kirish, bozorning qandaydir ulushini egallashda boshlang’ich sotilishlarni ta’minlashdan iborat.
Sotishni rag’batlantirish bo’yicha tadbirlar (SOR) tovarning iste’mol xususiyatlari bilan shaxsiy tajribasi orqali tanish bo’lgan xaridorga qaratilgan. SOR vazifalari — mazkur tovarning keyingi xarid qilinishiga, katta partiyalarni sotib olishga, firma va xaridor o’rtasida muntazam tijorat aloqalarini rag’batlantirishga qaratilgan.
5. Reklama tushunchasi, maqsadi va vazifalari, turlari.
Yuqorida keltirib o’tganimizdek, reklama tovarlarni siljitishning muhim elementlaridan biri hisoblanadi. «Reklama» so’zi lotin tilidan olingan bo’lib («reklamare» - dodlash), kimdir yoki nimadir haqida ma’lumotni tarqatish, biror narsaga iste’molchi va xaridorlarning fikrini jalb qilish maqsadida amalga oshiriladigan tadbirlarni anglatadi. Ma’lumki, firmalarning bozorda muvaffaqiyat bilan faoliyat ko’rsatishi uchun faqatgina sifatli tovarlarni ishlab chiqarish yetarli emas. Balki, bu borada iste’molchilarni shu tovarlarning iste’mol xossalari haqida har tomonlama xabardor qilib, o’z tovarlarining iste’molchilar ongida aniq mavqyeni egallashiga erishish muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun, birinchi navbatda, korxonalar reklama vositalaridan unumli foydalana bilishlari lozim.
O’zbekiston Respublikasining 1998 yil dekabr oyida qabul qilingan «Reklama to’g’risida»gi Qonunida qayd etilishicha «Reklama – haqiqiy va jismoniy shaxslar yoki mahsulot haqidagi bevosita yoki bilvosita foyda olish maqsadida tarqatiladigan maxsus axborotdir». Bu Qonunda ko’rsatilganidek, reklama aniq, haqiqiy va qonunlarga zid bo’lmasligi kerak. Shuningdek, foydalanilayotgan reklama shakl va vositalari iste’molchilarga ma’naviy va moddiy zarar keltirmasligi talab etiladi.
Demak, «Reklama to’g’risida»gi Qonun reklamani ishlab chiqish va tarqatish bilan bog’liq bo’lgan munosabatlarning huquqiy asosini yaratib berdi. Uning asosiy maqsadi tovarlarning sifati, iste’mol xususiyatlari va boshqa tavsiflari haqida noaniq, haqiqiy bo’lmagan ma’lumotlarni tarqatishning oldini olish asosida huquqiy va jismoniy shaxslarning, shuningdek iste’molchilarning haq-huquqlarini himoya qilishdan iboratdir.
Halqaro savdo palatasi tomonidan 1987 yilda qabul qilingan Halqaro reklama Kodeksida ham har qanday reklama murojaati odob-axloq normalariga mos, haqqoniy va ishonchli bo’lishi ko’rsatib o’tilgan.
Ko’pincha reklama tovarni sotadi degan uncha to’g’ri bo’lmagan xulosaga kelinadi. Chunki, reklama tovarni sotmaydi, balki potentsial xaridorlarni topib, talabni rag’batlantiradi. Masalan, xaridor magazinga kirib axtargan tovarni topdi, lekin tovarning sifati, assortimenti yoki bahosi uni qoniqtirmaganligi sababli tovarni sotib olmasdan magazindan chiqib ketdi. Bu yerda xaridorga reklama ta’sir ko’rsatdimi? - degan savol tug’iladi. Bu savolga ha, - deb ijobiy javob berish mumkin. Reklama uchun eng asosiy vazifa - bu potentsial xaridorni tovar sotilayotgan joyga keltirishdan iboratdir. Xaridorning magazinga kelib, tovar sotib olmasdan chiqib ketmasligi uchun reklama tovar siljitishning boshqa uslublari bilan birga qo’llanilishi maqsadga muvofiqdir. Eng asosiysi esa tovar sifati va estetik xususiyatlari bo’yicha xaridor didiga mos bo’lishi kerak. Shu sababli reklamaning samaradorligini sotilgan tovarlar hajmi bilan emas, balki potentsial xaridorlarning necha marta tashrifi va necha marta telefon orqali murojaat qilganligi kabi ko’rsatkichlar asosida baholash to’g’ri hisoblanadi.
Reklamaning vazifasi – xabar berish, ishontirish va eslatishdan iboratdir. Shuning o’zi reklamaning tovar sotilishiga ta’sir ko’rsatishidan dalolatdir.
Reklamani ishlab chiqish va tashkil etish korxona butun faoliyatining bir qismi hisoblanadi. Shu sababli reklama ishlarini tashkil etish ma’lum tartib va qoidaga bo’ysunadi.
Quyidagi 26-rasmda reklamani ishlab chiqish tartibi keltirildi.
-
Do'stlaringiz bilan baham: |