Globallashuv uzoq vaqt davomida tarkib topuvchi hamda butun borliqni qamrab oluvchi bashariyat miqyosidagi iqtisodiy tizimni namoyon etadi. Hozirda u jahon xo‘jaligining umumjahon tavsifiga ega hamda yaxlit holda butun insoniyatga taalluqli bo‘lgan ma’lum bir unsurlarini o‘z ichiga olishi mumkin. Shunga ko‘ra, hozirgi vaqtda jahon xo‘jaligining globallashuv yo‘lidagi rivojlanishining dastlabki qadamlari, yo‘nalishlari amalga oshmoqda.
Globallashuvning yo‘nalishlari makroiqtisodiyotga nisbatan sifat jihatidan yangi bo‘lgan iqtisodiy munosabatlar turining tarkib topishiga olib keladi. Globallashuv jararyonining quyidagi yo‘nalishlarini ajratib ko‘rsatish mumkin.
Birinchi yo‘nalish– mulkchilik munosabatlarining globallashuvi. Hozirda mulkiy o‘zlashtirishning mamlakatlar hududidan chetga chiquvchi, ko‘plab davlatlarning ishtiroki asosida ro‘y beruvchi ko‘rinishlari amal qilmoqda. Bularga transmilliy korporatsiyalar (TMK), shuningdek TMKning xalqaro birlashmalarini misol keltirish mumkin.
Evropa ittifoqi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mintaqaviy integratsiyalashuv milliy tuzilmalardan yuqori turuvchi organlarni tarkib toptirishi mumkin. Bu organlar yeIga a’zo davlatlarning mulkchilik munosabatlarini ham ma’lum darajada tartibga soladi.
Ikkinchi yo‘nalish– kooperatsiya va mehnat taqsimotining nisbatan yuqori darajasiga o‘tish. Yuqori darajada rivojlangan mamlakatlar hozirgi zamon murakkab mehnat kooperatsiyasiga xos bo‘lgan xo‘jalik o‘zaro aloqalarining juda katta tarmog‘iga kirishib ketganlar. Eng mukammal texnika vositalarini yaratishda turli mamlakatlardan yetkazib beriluvchi ko‘plab butlovchi qismlardan foydalaniladi. Masalan, AQSH “Boing” samolyotini ishlab chiqarishda butlovchi qism va detallarni mingga yaqin xorijiy firmalardan oladi.
Uchinchi yo‘nalish– xo‘jalikni tashkil etishning butunlay yangi shakllarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi. Jahonda xo‘jalik aloqalarini tashkil etish shakllarining tubdan o‘zgarishi ko‘p jihatdan axborot tarqatishning globallashuvi bilan bog‘liq. Jumladan, yangi asrimizning dastlabki davri uchun quyidagi jarayonlar xos bo‘ladi: a) butun jahonni to‘liq kompyuterlashtirishni taqozo etuvchi global axborot tizimlari (Internet singari) yanada rivojlanadi; b) sun’iy yo‘ldoshlar imkoniyatlaridan foydalanishning yangi tizimi uyali telefon aloqasidan yo‘ldoshlar orqali ta’minlanuvchi global aloqaga o‘tish imkonini beradi; v) insoniyat ochiq axborotlashgan jamiyat tomon intiladi; g) Internet orqali savdo tizimi keng rivojlanadi.
To‘rtinchi yo‘nalish– xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning tartibga soluvchi roli rivojlanadi. Jahon xo‘jaligisubyektlarining o‘zaro aloqasi hamda o‘zaro bog‘liqligining kengayishi va kuchayishi global muammolarni hal etishda tobora ko‘proq davlatlarning ishtirok etishini taqozo etadi. Bu muammolarning murakkablashuvi ularning o‘z vaqtida va tezkorlik bilan hal etilishida hukumatlararo va nohukumat (ishlab chiqaruvchilar, kompaniyalar va firmalar, ilmiy jamiyatlar va boshqa tashkilotlarning birlashmalari) xalqaro iqtisodiy tashkilotlarining faoliyatini zaruriyatga aylantiradi.
Shuningdek, jahon xo‘jaligi globalashuvi jarayonlarining ziddiyatli tomonlariham mavjud. Bu ziddiyatlarning asosiylari quyidagilardan iborat:
1) turli mamlakatlardagi iqtisodiy rivojlanishning bir tekisda bormasligi.
Iqtisodiy o‘sishning jadallashuvida ilmiy-texnika inqilobi (ITI) hal qiluvchi rol o‘ynaydi. XX asrning ikkinchi yarmiga kelib yangi texnika va texnologiyalarga “sakrab” o‘tilishi o‘ziga xos “tutash zanjir” hosil qildi. Global miqyosdagi axborotlashtirish natijasida turli mamlakatlarning texnologik jihatdan baravarlashuvi tendentsiyasi kuchaydi. Axborot, aloqa va transport vositalari rivojlanishidagi texnikaviy to‘ntarish yer sharining barcha mintaqalarida ITI yutuqlarini tezlik bilan o‘zlashtirish imkonini berdi. Natijada, bir mamlakatda yaratilgan yangi texnika va texnologiyalar, sun’iy to‘siqlarni bartaraf etgan holda, jahon bo‘yicha tezlik bilan tarqalmoqda.
Biroq, XX asrning oxiriga kelib, jahon xo‘jaligidagi iqtisodiy o‘sish sur’atlarida jiddiy tafovutlar sezilmoqda. Birinchidan, rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarishning ko‘payishi tezligi juda o‘sib ketdi. Aholi jon boshiga YaIM o‘sish tendentsiyasiga ega bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlar soni ko‘paydi. Ikkinchidan, iqtisodiy rivojlanish sur’atlaridagi tafovutlar natijasida g‘arb mamlakatlari iqtisodiy qudratining sekin-asta, biroq muntazam ravishdagi nisbatan pasayishi tendentsiyasi kuzatilmoqda.
Ba’zi mamlakatlar o‘zlarining iqtisodiy o‘sish sur’atlarini sezilarli darajada oshirgan holda zamonaviy sanoatlashgan ishlab chiqarishning eng yuqori darajasiga erishiga harakat qilmoqdalar. Masalan, 1970-1980 yillarda yangi industrial mamlakatlarning “dastlabki avlodi” – Koreya Respublikasi, Tayvan, Singapur va Gonkong ancha tez sur’atlarda rivojlandi. 1990 yillarning oxiriga kelib yangi industrial mamlakatlarning “ikkinchi avlodi” – Indoneziya, Filippin, Malayziya, Tayland jadal sur’atda taraqiy etdi. Ular rivojlangan mamlakatlar bilan nafaqat an’anaviy ishlab chiqarish sohalari, balki murakkab texnika mahsulotlari, jumladan ishlab chiqarish vositalari bozori bo‘yicha raqobatlasha boshladilar.
Biroq, hali jahon xo‘jaligi tarkibida ishlab chiqarishning sanoatlashuvi darajasiga yetmagan, taraqqiyotda ilgarilab ketgan mamlakatlarga yetib olish uchun zarur resurslarga ega bo‘lmagan ko‘plab mamlakatlar ham mavjud.
2) boy va qashshoq mamlakatlar o‘rtasidagi farqning kuchayishi.
Jahon miqyosida yaratilgan mahsulot va daromadlarning turli mamlakatlar o‘rtasidagi taqsimoti o‘ta darajada notekis bormoqda. XX asrda yer shari aholisining eng boy chorak qismi YaIMning o‘rtacha jon boshiga 6 baravar o‘sishiga erishgan bo‘lsa, eng kambag‘al chorak qismi esa bu ko‘rsatkichning 3 baravar o‘sishiga erishgan xolos.
BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi davrda jahonda ochlikka mahkum kishilar soni 500 mln.ga yetadi, ularning deyarli yarmi ochlik va to‘yib ovqatmaslik hamda buning oqibatida kelib chiquvchi turli kasalliklar natijasida o‘limga mahkumdirlar. 1 mlrd.dan ortiq kishilar yetarli darajada ovqatlanmaslik muammosiga duch kelmoqdalar. Shuningdek, “yashirin ochlik” – sifatli va to‘liq ovqatlanmaslik ham keng tarqalgan.
Shunga qaramay, fan va texnikaning zamonaviy darajasi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ahamiyatli darajada ko‘paytirish imkonini berib, u nafaqat hozir, balki kelgusida yashashi mumkin bo‘lgan barcha aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondira oladi.
3) ekologik halokat tahdidlarining kuchayib borishi.
Insoniyat taraqqiyotining butun tarixi davomida xo‘jalik faoliyatining tabiatga ta’siri u qadar ahamiyatli bo‘lmay, tabiat o‘zining ekologik muvozanatini qayta tiklashga qodir bo‘lib kelgan. Biroq, hozirga kelib, atrof-muhitga ko‘rsatilayotgan ta’sir shunchalik kuchayib ketdiki, natijada tabiat o‘zini-o‘zi qayta tiklash qobiliyatini yo‘qotib bormoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, keyingi 200 yil ichida yer yuzidagi 900 minga yaqin turdagi o‘simlik va hayvonlar qirilib ketgan.
Foydali qazilmalarning ba’zi bir qayta tiklanmas zahiralari tugab bormoqda, o‘rmon materiallari resurslari va xom ashyoning boshqa turlari qayta tiklanib ulgurmayapti. yer yuzidagi iqlimning o‘zgarishi, azon qatlamining siyraklashuvi, boshqa halokatli jarayonlarning kuchayishi sivilizatsiyaga jiddiy tahdid solmoqda.
Ishlab chiqarishning tabiiy muhitga salbiy ta’sirining oldini olish uchun tozalash qurilmalari va boshqa ekologik himoya vositalarini barpo etish uchun yirik kapital qo‘yilmalar talab etiladi. Global ekologik muammolarni hal etish uchun butun dunyo mamlakatlari va xalqlarining kuchlarini birlashtirish lozim bo‘ladi.
4) turli mamlakatlarda aholi sonining o‘zgarishining farqlanishi.
Yana bir global ziddiyat sifatida XX asrning ikkinchi yarmida boshlangan demografik “portlashlar”, ya’ni yer shari aholisi sonining jadal o‘sishi ko‘rsatiladi. Ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar aholsining tez o‘sishi bir qator jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Ba’zi bir mamlakatlardagi aholi sonining ko‘payishi natijasida ratsional xo‘jalik yuritishga to‘sqinlik qiluvchi aholining nisbiy ortiqchaligi belgilari ko‘zga tashlanadi. Ishlab chiqarish hajmining ko‘payishiga qaramay aholi jon boshiga ist’emol, ayniqsa rivojlangan mamlakatlardagi iste’mol darajasi bilan taqqoslaganda, kishilarning haqiqiy ehtiyojlariga qaraganda past darajada qolmoqda.
Bu kabi holatlardan ba’zi bir demograf-olimlar asossiz ravishda, keskin xulosalar chiqarib, aholi nufusi jarayonlari ustidan davlat miqyosidagi nazoratlarning o‘rnatilishi, jumladan oilani rejalashtirish dasturlarini ishlab chiqish kabi da’volarini kuchaytirmoqdalar. Bunday assosiz dasturlardan ko‘ra, ular bu mamlakatlarda YAngi texnika va texnologiya asosida ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish dasturini taklif qilsalar yaxshiroq bo‘lar edi. Aholi nufusi borasidagi barcha fikr-mulohazalar ham real asosga ega bo‘lmay, biz ulrning ba’zi birlarini XX-bobda tanqidiy jihatdan ko‘rib chiqqan edik.
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, hozirda jahon miqyosida yuz berayotgan globallashuv jarayonlari o‘zining ijobiy yo‘nalishlari va ziddiyatlariga ega bo‘lib, bu jihatlarning nisbatini tartibga solishda dunyoning barcha mamlakatlarining faol ishtiroki va birlashuvi talab etiladi.
3. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning shakllari.
Jahon infratuzilmasining rivojlanishi
Jahon xo‘jaligi murakkab tizim hisoblanadi. Turli milliy iqtisodiyotlar (yoki ular tashqi iqtisodiy qismlari) ning barcha majmui tovarlar, xizmatlar va ishlab chiqarish omillarining harakati bilan mustahkamlangan bo‘ladi. Shu asosda mamlakatlar o‘rtasida xalqaro iqtisodiy munosabatlar vujudga keladi. Xalqaro iqtisodiy munosabatlar (ba’zida ularni tashqi iqtisodiy aloqalar, jahon xo‘jaligi aloqalari deb ham yuritiladi) – bu jahonning turli mamlakatlari o‘rtasidagi xo‘jalik aloqalari majmuidir.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:
- tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi;
- kapital va chet el investitsiyalarining harakati;
- ishchi kuchi migratsiyasi;
- ishlab chiqarishning davlatlararo kooperatsiyasi;
- fan va texnika sohasidagi ayirboshlash;
- valyuta-kredit munosabatlari.
Tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi eng avvalo milliy xo‘jaliklarning xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokiga bog‘liq. Xalqaro mehnat taqsimoti rivojlanishi natijasida jahon bozori tarkib topadi. Jahon bozoriga tovar va xizmatlarning xalqaro harakati sifatida qarash mumkin. Jahon bozori o‘zining rivojlanishida bir qator bosqichlardan o‘tadiki, ulardan har biri milliy xo‘jalikning xalqaro iqtisodiy munosabatlarga jalb qilinishining ma’lum darajasi bilan tavsiflanadi. Tovar va xizmatlarning xalqaro savdosi va jahon bozorining asosiy belgi va xususiyatlarini XXVII-bobda batafsil ko‘rib chiqamiz.
Kapitalning xalqaro harakati - bu kapitalning chet elda joylashtirilishi va harakat qilishi.U chet elga quyidagi shakllarda chiqariladi:
- xususiy yoki davlat kapitali shaklida. Kapitalning xalqaro tashkilotlar yo‘li bilan harakati ko‘pincha mustaqil shakl sifatida ajratiladi;
- pul va tovar shaklida. Jumladan, kapital chiqarish mashina va uskunalar, patentlar, nou-xau hamda tovar kreditlari shaklida bo‘lishi mumkin;
- qisqa va uzoq muddatli kreditlar shaklida;
- ssuda va tadbirkorlik kapitali shaklida. Ssuda shaklidagi kapital quyilmalar bo‘yicha foiz, tadbirkorlik shaklidagi kapital esa foyda keltiradi. Tadbirkorlik kapitali to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfelli investitsiyalardan iborat bo‘ladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar shu kapital hisobiga qurilgan obyekt (korxona)lar ustidan nazorat qilish huquqini beradi, portfelli investitsiyalar esa bunday huquqni bermaydi. U odatda aktsiya paketlari hamda obligatsiya va boshqa qimmatli qog‘ozlar shaklida beriladi.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning ancha murakkab jihatlaridan biri ishchi kuchining xalqaro migratsiyasihisoblanib, u o‘z ifodasini ishchi kuchi resurslarining ancha qulay sharoitda ish bilan ta’minlash maqsadida bir mamlakatdan boshqasiga ko‘chib o‘tishida topadi.
Xalqaro migratsiya jarayonini iqtisodiy omillar bilan birga siyosiy, etnik, madaniy, oilaviy va boshqa tavsifdagi omillar ham taqozo qiladi.
Xalqaro migratsiya ikkita asosiy tarkibiy qismni o‘z ichiga oladi: emigratsiya va immigratsiya. Emigratsiya– mamlakatlardan doimiy yashash joyiga chiqib ketishni, immigratsiya– mamlakatga doimiy yashash uchun kirib kelishni bildiradi. Xalqaro migratsiya shuningdek repatriatsiya – ya’ni fuqarolarni ilgari chiqib ketgan mamlakatlariga qaytarilishi jarayonini ham o‘z ichiga oladi.
Xalqaro migrantlar beshta asosiy toifaga ajratiladi: