1.3. Valyuta kurslarining o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillar
Valyuta kurslarining o‘zgarishiga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ularni qisqacha qarab chiqamiz:
1. Iste’molchi dididagi o‘zgarishlar. Iste’molchilar didining boshqa mamlakat buyumlariga nisbatan o‘zgarishi bu mamlakat valyutasiga talab yoki taklifni hamda uning valyuta kursini o‘zgartiradi.
2. Daromadlardagi nisbiy o‘zgarishlar. Agar bir mamlakatda milliy daromadning o‘sishi, boshqa mamlakatdagi bu ko‘rsatkichning o‘sishidan ustun bo‘lsa, bunda uning valyuta kursi pasayadi. Mamlakatning importi uning daromadi darajasiga to‘g‘ri bog‘liqlikka ega.
3. Pul birliklarining sotib olish qobiliyati va inflyatsiya sur’ati. Valyutalarning sotib olish qobiliyati bo‘yicha bir biriga nisbatan o‘lchanishi (sotib olish qobiliyatini pariteti) qiymat qonunini aks ettirgan holda valyuta kursining asosi bo‘lib xizmat qiladi. Valyuta kursi va pul birligining sotib olish qobiliyati orasidagi muvofiqlik hamma vaqt ham kuzatilmaydi. Masalan, 1980 yil ichida AQSH dollarining kursi Doych markaga nisbatan 2%ga o‘sgan, ammo shu bilan birgalikda ichki bozorda dollarning sotib olish qobiliyati 13%ga, doych markaniqi esa 6%ga pasaygan. Buning sababi shundaki, valyutalarning kunlik kurslar kotirovkasi ularni sotib olish qobiliyatlariga nisbatan korrektirovka qilinmasligida va valyuta kurslariga boshqa omillarning ta’siridadir. 2. Mamlakat to‘lov balansining ahvoli bevosita valyutaga bo‘lgan talab va taklifga, valyuta kursining darajasiga ta’sir etadi va uning u yoki bu tarafga og‘ib ketishiga olib keladi. Aktiv to‘lov balansi milliy valyuta kursini o‘sishiga olib keladi, chunki xorijiy qarzdorlar tomonidan unga bo‘lgan talab oshib boradi. Passiv to‘lov balans esa, aksincha milliy valyuta kursining pasayishiga olib keladi.
4. Turli mamlakatlardagi foiz stavkalarning bir-biridan farqi. Foiz stavkasining ko‘tarilishi xorijiy kapitallarning mamlakatga oqib kelishini rag‘batlantiradi. Foiz stavkalarining pasayishi esa, aksincha, kapitalning, shu jumladan milliy kapitalning ham mamlakatdan chetga oqib ketishiga olib keladi. Kapital harakati (oqimi), ayniqsa “qaynoq” (chayqov) pullar to‘lov balanslar muvozanatsizligini kuchaytirib yuboradi. Foiz stavkalari valyuta bozorlari operatsiyalariga va ssuda kapitallari bozorlaridagi operatsiyalarga ta’sir etadi. Operatsiyalarni amalga oshirishda banklar, maksimal foyda olish maqsadida, milliy va 38 xalqaro bozordagi foiz stavkalarning farqlarini hisobga oladilar. Ular xorijiy ssuda kapitallari bozorida arzonroq kredit olib, xorijiy valyutani milliy ssuda kapitallari bozorida nisbatan yuqoriroq foizda joylashtirishga harakat qiladilar.
5. Valyuta bozorlarining faoliyati va chayqov valyuta operatsiyalarining valyuta kursiga konyunkturaviy ta’siri. Agarda biror bir valyutaning kursi pasayib borsa, bozor ishtirokchilari uni nisbatan muvozanatliroq valyutaga almashtiradilar va bu bilan ular uning qadrsizlanishini tezlashtirib yuboradilar. Valyuta bozorlari mamlakat iqtisodida va siyosatida bo‘layotgan o‘zgarishlarga, kurslar nisbatining tebranishiga tez aks ta’sir ko‘rsatadi. Yevrobozorda u yoki bu valyutadan foydalanish darajasi uning kursiga bevosita ta’sir etadi. Masalan, Yevrobanklar operatsiyalarining 70-75% AQSH dollarida amalga oshishi, AQSH dollariga bo‘lgan talab masshtablarini belgilaydi.
6. Davlat tomonidan muvofiqlashtirish va mamlakat Markaziy bankining valyuta siyosati.
7. Mamlakatning to‘lov qobiliyati va jahon bozorida mamlakat milliy valyutasiga ishonch darajasi. Agarda mamlakatning iqtisodiy holati jahonda yuqori baholanayotgan bo‘lsa, unda uning valyutasi kuchli hisoblanadi va iqtisodiy jihatdan kuchsizroq hisoblangan davlat valyutasiga nisbatan yuqoriroq bahoda sotilishi mumkin.
8. Kutilayotgan inflyatsiya darajasi, uning sur’atlari, ichki bozorda pul massasining o‘sishi.
9. Valyuta kursiga undan xalqaro hisob-kitoblarda foydalanish darajasi ham ta’sir etadi. Masalan, 1980 yillarning o‘rtalarida AQSH dollari zimmasiga xalqaro hisob-kitoblarning 60%i to‘g‘ri kelar edi.
10. Valyutalarning kurs nisbatlariga yana xalqaro to‘lovlarning tezlashishi yoki sekinlashishi ham ta’sir etadi. Masalan, muayyan valyuta kursining pasayishini ko‘zda tutgan holda qarzdorlar, zarar ko‘rmaslik uchun kontragentlarga bu valyutadagi to‘lovlarni tezlashtirishga harakat qiladilar. Agarda valyuta qadrining ko‘tarilishi kutilsa, aksincha, bu valyutadagi to‘lovlarni amalga oshirishning kechiktirilishi kuzatiladi. Jahon bozoridagi bunday taktika “lidz end leyoz” nomini olgan va u to‘lov balansi va valyuta kursiga ta’sir etadi.
11. Narxdagi nisbiy o‘zgarishlar. Agar bir mamlakat, masalan, AQSH ichki narx darajasi tez o‘ssa, boshqa mamlakat, masalan, Buyuk Britaniyada bu daraja o‘zgarishsiz qolsa, bunda amerikalik iste’molchi nisbatan arzon Britaniya tovarini izlaydi va shu bilan funtga talabni oshiradi. Aksincha, britaniyaliklar Amerika tovarlarini sotib olishga kam moyil bo‘ladi va bu funt taklifini pasaytiradi. Funtga talab o‘sishi va taklif pasayishining bu uyg‘unlashuvi dollarlarning qadirsizlanishini keltirib chiqaradi.
12. Nisbiy real foiz stavkalari. Faraz qilamiz, AQSH inflyatsiyani quvib o‘tish maqsadida «qimmat pul» siyosatini amalga oshira boshlaydi. Natijada, real foiz stavkalari (inflyatsiya sur’atini hisobga olib o‘zgartirilgan (korrektirovka qilingan) foiz stavkalari AQShda boshqa mamlakatlar, masalan, Buyuk Britaniyaga qaraganda ko‘tariladi. Britaniyalik jismoniy shaxs va firmalar ishonch hosil qiladiki, AQSH moliyaviy vositalarni qo‘yish uchun juda jozibador va qulay joyga aylanadi. Amerika moliyaviy aktivlariga talabning bu ko‘payishi Angliya funti taklifining kengayganligi va shu sababli dollar qiymati o‘sganligini bildiradi.
5. Spekulyatsiya. Faraz qilamiz, AQSH iktisodiyotida quyidagilar kutiladi:
a) Britaniyanikiga qaraganda tez o‘sa boshlaydi;
b) Britaniyanikiga qaraganda ancha kuchli inflyatsiyaga duch keladi;
v) Britaniyaga qaraganda ancha past real foiz stavkalariga ega bo‘ladi.
Bu tahmin (prognoz)lar kelajakda dollar kursi pasayishi, funt kursi esa, aksincha ko‘tarilishidan darak beradi. Demak, dollarni ushlab turuvchilar ularni funtga aylantirishga harakat qiladi va shu bilan funtga bo‘lgan talabni oshiradi. Bu almashish, dollar kursining pasayishini va funt kursining oshishini keltirib chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |