Limfa aylanishi
Odam tanasida qon tomirlari bilan birgalikda limfa tomirlari ham mavjud bo'lib, ular bo'ylab limfa suyuqligi oqadi. Limfa sistemasi limfa kapillyarlari, mayda, o'rtacha, yirik limfa tomirlari va limfa tugunlaridan iborat. Limfa aylanishining qon aylanishidan farqi shundaki, limfa tomirlari a'zo va to'qimalarga kelmaydi, balki ulardan boshlanadi. Chunonchi, mayda qon tomirlari, ya'ni ka¬pillyarlardan to'qimalarga o'tgan qonning suyuq qismi (suv va ba'zi bir erigan moddalar)ning ortiqchasi to'qimalardan limfa kapillyarlariga o'tadi. Limfa kapillyarlari bir-biriga qo'shilib, mayda, o'rtacha va yirik limfa tomirlarini hosil qiladi.
Oyoqlardan, qorin bo'shlig'idagi organlardan, ko'krak, bo'yin va boshning chap tomonidan hamda chap qo'ldan yig'ilgan limfa tomirlari birlashib, yirik ko'krak limfa tomirini hosil qiladi va u chap o'mrov osti vena tomiriga quyiladi. Boshning, bo'yinning, ko'krak qafasining o'ng tomonidan va o'ng qo'ldan yig'ilgan limfa tomirlari birlashib, yirik o'ng limfa tomirini hosil qiladi va u o'ng o'mrov osti vena tomiriga quyiladi.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |