37
asosan 20-30-yillarda yozib olingan. Yozib olingan materiallarning bunday qisqa
davr bilan chegaralanganligi, yozma manbalarning mavjud emasligi, dostonning
ko‘pgina versiya va variantlari to‘la nashr etilmaganligi uning yuzaga kelish davri,
yaratilish joyi, tarixiy taraqqiyoti haqida tugal xulosaga kelishga monelik qilishi
tabiiydir. Shu sababli men asosiy e'tiborni eposning o‘zbek, qoraqalpoq va qozoq
versiyalariga qaratib, uning yaratilish joyini O‘rta Osiyo hududlarida belgilash va
qariyb ming yil davomida bizgacha yetib kelgan variantlarda yaqin holatda og‘zaki
epik an'analarda ijro etilib kelayotganligini ta'kidlash bilan chegaralanish tarafdori
edim.
13
Viktor Maksimovich esa, doston syujetini turkiy xalqlar tarqalishi, ularning
ko‘chish va bir-birlariga aralashishlari bilan eposning syujet asoslari VI-VIII
asrlarda oltoyda yuzaga kelgan, uning tarixiy taraqqiyoti XVI asrgacha davom
etgan, degan fikrni ilgari surmoqchi bo‘ldi. Atoqli xalq shoiri Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li
variantini dostonning eng mukammal namunasi hisoblash, eposga qalmoq mavzusi
keyin kirib kelganligi kabi masalalarda yakdil edik. Ko‘p munozaralardan keyin
o‘zaro bir fikrga keldik. Shu tariqa bizning kitobimizga epos syujetining “bosqichli
(stadial) taraqqiyoti”, “Boysun-Qo‘ng‘irot redaksiyasi”, “Alpomish” dostoni va
“Bamsi-Bayrak” bo‘yi parallel syujetlar kabi tushunchalar kirib keldi. Boshqird
versiyasi dostonning bizgacha o‘zgara-o‘zgara yetib kelgan qoldiq nusxa
ekanligini, oltoycha “alip-manash”, “Boysun-Qo‘ng‘irot redaksiyasi”ga yaqinligini
ta'kidlash bilan chegaralanildi. Tatar versiyasi haqidagi materiallar u paytda
bizning qo‘limizda yo‘q edi. “Alpomish” dostonining yaratilishi va tarqalish
masalalarida V.M.Jirmunskiy mening qarashlarimga ko‘proq yon berib, bir fikrga
kelgan bo‘lsak-da, “O‘zbek xalq qahramonlik eposi” kitobidagi bu muammoga oid
mulohazalarni dastlabki xulosalar sifatida qabul qilish kerak. Chunki, “Alpomish”
eposining, shuningdek, boshqa dosonlarning yaratilish davri va og‘zaki epik
an'analarda tarqalish xususiyatlari qo‘shimcha tadqiqotlar olib borishni talab qiladi.
Bir necha turkiy xalqlarda og‘zaki ravishda jonli ijro sharoitlarida bizgacha yetib
kelgan eposning mohiyati va tarqalish geografiyasi haqida to‘la tasavvur bera
oladi. Xususan, versiyalarning (qo‘ng‘irot yoki oltoy, o‘g‘uz yoki qipchoq
versiyalarining) biri ikkinchisidan kelib chiqmaganligi yoki biri ikkinchisining
davomi emasligi, ularning har biri alohida-alohida qadimiy qandaydir bir manbaga
borib taqalishi va keyingi taraqqiyotida mustaqil rivojlanganligi to‘g‘risidagi olim
mulohazalarini “O‘zbek xalq qahramonlik eposi” kitobidagi doston syujetining
boqichli (stadial) taraqqiyoti haqidagi xulosaning yanada rivojlantirilishi, deb
baholash kerak. Shu ma'noda o‘zbek “Alpomish”i bilan oltoy “Alip-manash”ini
qiyosiy o‘rganish yangi xulosalarga asos bo‘lishi mumkin.
13
Albert Bates Lord. Epic Singers and Oral tradition. New York: Cornell University, Press, 1991 of Talts. P.83