2
Tuban o„simliklar botanika fanining, tarkibiy qismlaridan biri bo`lib, unda
tuzilishi xilma-xil bo„lgan suvo„tlari, zamburug„lar va lishayniklarni anatomik va
morfologik belgilariga bog„lab sistematik jihatidan o„rganiladi. Tuban
o`simliklarning yana bir katta guruhi bo„lmish bakteriyalar mikrobiologiya
umumiy kursida alohida ko„rib chiqilishini hisobga olib, ushbu o„quv
qo„llanmaga kirgizilmadi. Tuban o„simliklarning tuzilishi yuksak o`simliklarga
nisbatan sodda, to„qimasiz va vegetativ a‟zolarga ega bo„lmaganligi sababli o„quv
qo`llanmani yozishda ularning tallomi va hujayrasining tuzilishi hamda
ko„payish usullariga e‟tibor berildi.
Ushbu risola O„zbekiston Milliy universiteti talabalari uchun tuban
o„simliklar fanidan tuzilgan dastur asosida yozilgan qisqa o„quv qo„llanma bo„lib,
talabalarni ko„rsatilgan fan bo„yicha zarur bo„lgan birlamchi ma‟lumotlarni
egallashiga mo„ljallangan. Tabiiyki, talabalar talabga to„liq javob bera oladigan
chuqur bilimga ega bulishlari uchun qo„llanma oxirida ko„rsatilgan
adabiyotlardan ham foydalanishlari kerak bo„ladi.
3
KIRISH
Yaqin paytlargacha tirik organizmlar ikkita olamga bo„linib kelingan.
Bular o„simliklar va hayvonlar olami bo„lib, ular o„z navbatida kenja olamlarga
bo`lingan. Jumladan, o„simliklar olami yuksak o„simliklar va tuban o„simliklar
kenja olamlaridan tashkil topgan. Yuksak o„simliklarga 300- 350 ming,
tubanlarga esa 150 mingga yaqin o`simliklar kirgizilgan. Tuban o„simliklar uchun
xos bo„lgan belgilarning asosiylari ularning vegetativ tanasi organlarga
(a„zolarga) bo„linmaganligi, agarda organlarga o„xshash vegetativ hujayralar
to„plami bo„lgan taqdirda ham ular kelib chiqishi jixatidan haqiqiy to„qima
emasligi bilan yuksak o„simliklardan keskin farq qilishi ko„zda tutilgan.
Shuningdek tuban o„simliklarning vegetativ tanasida o„tkazuvchi naylarning
bo„lmasligi, hosil bo„lishi jihatidan esa tuban o„simliklarning barcha to„qimalari
hosil qiluvchi to„qima mahsuli emasligi bilan ajralib turadi. Yuqorida ko„rsatilgan
sabablarga asoslanib tuban o„simliklarning to„qima shakliga ega bo„lgan
hujayralar to„plami soxta to„qima deb hisoblanadi.
Tuban o„simliklarning vegetativ tanasi umumiy nom bilan "tallom" yoki
"qattana" deb yuritiladi. O„simliklarning ushbu guruhiga bakteriyalar, suvo„tlari,
shilimshiqlar, zamburug„lar va lishayniklar kiradi.
So„nggi yillar mobaynida hujayraning tuzilishini mukammal o„rganish
natijasida organik olamning klassifikatsiyasi boshqacharoq guruhlanadigan
bo„ldi. Hujayraviy tuzilishi jihatidan tirik organizmlar prokariotlar va eukariotlar
katta olamlariga ajratiladi. Prokariotlarga hujayra yadrosi membrana bilan
ajralmagan, ya‟ni yadro elementlari bo„lib, haqiqiy yadro darajasigacha
rivojlanmagan organizmlar kiritilgan. Shuningdek prokariotik organizmlarda
yadrocha, yuksak tuzilishga ega bo„lgan xromosoma, DNK atrofidagi giston
oqsili, hujayra organoidlaridan mitoxondriya, plastidlar va boshqa bir qator
kiritmalar yo„qligi bilan eukariotlardan tubdan farq qiladi. Prokariotik
organizmlar faqatgina tuban o`simliklarning vakillari hisoblanib, ularga
bakteriyalar va ko„k - yashil suvo„tlari kiradi. Tuban o„simliklarning qolgan
barcha sistematik guruhlari va yuksak o„simliklar, eukariotlarning vakillari bo„lib
hisoblanadi.
Shuni ham alohida ta‟kidlab otish zarurki, tuban o„simliklar tarkibida ham
avtotrof, ham geterotrof vakillari mavjud. Shulardan suvo„tlari guruhining deyarli
hammasi va bakteriyalarning katta guruhi avtotrof organizmlar hisoblansa, qolgan
guruhlar, ya‟ni zamburug„lar, shilimshiqlar va qisman bakteriyalar geterotrof
organizmlarning vakillari bo„lib hisoblanadi. Tuban o`simliklarning yana bir
guruhi bo„lmish lishayniklar esa avtotrof suvo„tlari va geterotrof zamburug„lardan
tashkil topgan.
Tabiatda tuban o„simliklarning ahamiyati juda katta. Suvo„tlari suv
havzalaridagi hosil bo„ladigan organik moddalarning 80% ni tashkil etadi. Ayrim
bakteriyalar va suvo„tlari atmosfera azotini bog`lab, tuproqni boyitadi.
Bakteriyalar va zamburug`lar tabiatdagi barcha organik qoldiqlarni parchalovchi
geterotrof organizmlar hisoblanib, moddalarning almashinishida muhim rol
4
o„ynaydi. Shuningdek tuban o„simliklarning bir qator vakillari oziq-ovqat, dori -
darmon va fiziologik aktiv moddalar olish uchun manba hisoblansa, boshqa
vakillari esa o„simlik, hayvon va odamlarda kasalliklarni yuzaga keltiruvchi
organizmlar sifatida e‟tiborni o„ziga jalb qiladi.