2.11 N-1 shaklidagi dalolatnomasini rasmiylashtirish tartibi va unda ko’rilgan chora tadbirlar
O‘zbekiston Respublikasi hududida mulkchilikning barcha shakllaridagi korxona, tashkilot va muassasalarda, shuningdek mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan ayrim fuqarolarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq holda yuz bergan baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida”gi Nizomga asosan amalga oshiriladi. Quyidagi baxtsiz hodisalar maxsus tekshiriladi: bir vaqtning o‘zida ikki va undan ziyod xodimlar bilan salomatlikka etkazilgan zararning og‘irligi darajasidan qat’i nazar, yuz bergan guruhiy baxtsiz hodisalar; o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalar; oqibati og‘ir baxtsiz hodisalar. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa natijasida xodimning mehnat qobiliyati kamida bir kunga yo‘qotilsa yoki tibbiy xulosaga muvofiq, engilroq boshqa ishga o‘tishi zarur bo‘lsa, N-1 shakldagi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ish beruvchi tekshirish tugagandan so‘ng 3 sutkadan kechiktirmay jabrlanuvchiga yoki uning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxslarga davlat tilida yoki boshqa maqbul tilda rasmiylashtirilgan baxtsiz hodisa to‘g‘risidagi N-1 shakldagi dalolatnomani berish kerak. Ish beruvchi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida tekshirish hamda hisobga olish, N-1 shakldagi dalolatnomani tuzish, baxtsiz hodisa sabablarini bartaraf etish, chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish uchun javobgardir. Ish beruvchi N-1 shakldagi dalolatnomani tuzishdan bosh tortsa, jabrlanuvchi yoki uning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxs N-1 shaklidagi dalolatnoma mazmunidan norozi bo‘lsa, jabrlanuvchi yoki uning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxs korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasiga yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga murojaat qiladi. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi 10 kun muddat ichida baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini o‘rganib chiqadi, mehnatni muhofaza qilish qoidalari va me’yorlari, mehnat xavfsizligi andozalari buzilishini aniqlaydi, zarur deb hisoblasa, ish beruvchidan N-1 shakldagi dalolatnomani tuzishni yoki qayta tuzishni talab qiladi. Ish beruvchi bu talablarni bajarmasa, korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi davlat mehnat texnika nazoratchisiga murojaat qiladi. Guruhiy o‘lim bilan tugagan va oqibati og‘ir baxtsiz hodisa to‘g‘risida ish beruvchi darhol sxemaga binoan quyidagilarga xabar berishi kerak: - davlat mehnat texnika nazoratchisiga, yuqori turuvchi xo‘jalik organiga, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga, viloyat (Toshkent shahar) mehnat bosh boshqarmasiga, baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi hududiy ichki ishlar organiga, baxtsiz hodisaga uchragan xodimni yuborgan tashkilotga, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchiga, kasaba uyushmasi tuman, shahar kengashiga. N-1 shakldagi dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan baxtsiz hodisalar korxona tomonidan hisobga olinadi va daftarda qayd qilinadi.
Ishlab chiqarishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa to‘g‘risida xabar berish SXEMASI:
Baxtsiz xodisa sodir bo‘lgan korxona, muassasa yoki tashkilot;
Boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi;
Kasaba uyushmalari tuman, shahar kengashlari;
Xududiy kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi
Respublika Kengashi;
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi.
Korxonada 1yil davomida baxtsiz hodisalar faqatgina detalga kraska sepish holatida yuz bergan. Ushbu ishchiga 3000000 miqdorida kompensatsiya to`lab berilgan. Baxtsiz hodisa o`rganib chiqilib, aybdor shaxslarga tegishli choralar ko`rilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |