Siyosiy kichik tizim. Rivojlangan ijtimoiy tizimga ega bo‗lgan jamiyatda ijtimoiy, etnik
va diniy tabaqalanishning kuchayishi muqarrardir. Mavjud mavqeidagi tub o‗zgarishlardan kelib
chiqadigan qarama-qarshi manfaatlarni ko‗zlovchi ijtimoiy birliklar va guruhlar mavjudligi
ularning o‗rtasida siyosiy munosabatlar yuzaga kelishiga sabab bo‗ladi. Bu manfaatlarni
muvofiqlashtirish zaruriyati jamiyat siyosiy tizimining tuzilishi va funksiyalarini belgilaydi.
Siyosiy tizim jamiyatda siyosiy munosabatlarni tartibga soluvchi davlat va siyosiy tashkilotlar, institutlar va muassasalar majmuidir. Siyosiy tizim murakkab tuzilishga ega. Jamiyatda
fuqarolarga nisbatan qonuniylashtirilgan majburlov choralarini qo‗llash yo‗li bilan o‗zining
siyosiy munosabatlarni tartibga solish borasidagi funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat siyosiy
tizimning bosh elementi hisoblanadi. Davlat jamiyatning muhim ijtimoiy-siyosiy instituti bo‗lib,
muayyan hududda unga oliy hokimiyat vakolatlari beriladi. Bu vakolatlardan davlat odamlar,
ularning guruhlari va birlashmalari xulq-atvorini boshqarish uchun foydalanadi. Davlatning
asosiy belgilari:
1. Jamiyatdan ajratilgan xalq hokimiyati. Hokimiyat – bir sub‘ekt (hokimiyat
boshlig‗i)ning o‗z hukmi ostidagi fuqarolarga buyruqlar berish, ularning bajarilishi ustidan
nazorat olib borish va ularni bajarishdan bo‗yin tovlagan shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‗llash
imkoniyati.
2. Suverenitet, ya‘ni o‗z mamlakati hududida oliy hokimiyatga to‗liq egalik qilish va
tashqi siyosatda mustaqillik.
3. Hokimiyat chiqargan qonunlar va uning vakolatlari amal qilinadigan hudud.
4. Butun aholi uchun majburiy sanalgan qonunlar va normalar qabul qilish mutlaq
huquqi.
5. Davlat xizmati xodimlari, qurolli kuchlar, majburlov organlari va hokazolarni
ta‘minlash uchun aholidan soliqlar undirish huquqi.
Davlatning boshqaruv shakli (ya‟ni hokimiyatni tashkil etish usuli) va davlat qurilishi shakllari mavjud. Boshqaruv shakllariga ko„ra monarxiya va respublika farqlanadi. Monarxiya
quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi: birinchidan – hokimiyat bir shaxsga qarashli bo‗ladi;
ikkinchidan – davlat boshlig‗iga hokimiyat meros bo‗lib o‗tadi. Davlat boshlig‗ining vakolatlari
hech qanday konstitutsiyaviy normalar bilan cheklanmaydigan mutlaq monarxiyalar va monarx
vakolatlari konstitutsiya bilan cheklanadigan konstitutsiyaviy monarxiyalar farqlanadi.
Respublikaning asosiy xususiyati shundan iboratki, unda hokimiyat manbai xalq hisoblanadi,
zero davlatning oliy organlarini xalq saylaydi. Parlament, prezidentlik respublikalari va aralash
respublikalar farqlanadi.