Topshiriq: “Mustaqil fikrlashga o`rgatish”. Ogohlik, hushyorlik, ma’naviy tahdid so`zlari bo`yicha fikrlar va g`oyalar olamiga tashrif buyurish. (Sababi, natijasi )
MMIBDO‘: ______________________
Sinf rahbar: ______________________
Sana:__________
26-mavzu: Milliy urf-odatlarimiz zamonaviy an’analarimiz (21 mart Navro`z munosabati bilan)
Kun shiori: “Umrimizning har daqiqasi Navro`zga aylansin!”
Maqsad:O`quvchilarda vatanparvarlikni singdirish, milliy bayramimiz Navro`zga bo`lgan hurmatni, milliy urf-odatlarimizga g`ururni rivojlantirish.
Natija:O`quvchilarning erkin fikrlashi, tassurotlari va olgan xulosasi.
Kommunikativ kompetensiya — muloqotda muomala madaniyatiga amal qilishni, ijtimoiy moslashuvchanlikni, hamkorlikda jamoada samarali ishlay olish layoqatlarini shakllantiradi
Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi —media madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini shakllantiradi
Foydalanadigan ko`rgazmali qurollar:shiorlar, plakatlar, devoriy gazetalar, slaydlar, tarqatma materiallar.
Doskada: Vasli aro ko`rdim, teng emish bo`yi – yu sochi,
Tun – kun ekan, zohir o`lur bo`ldi chu Navro`z.
Alisher Navoiy
O`qituvchi: Avvalambor, ota-bobolarimizdan qolgan qadriyatlarimizga amal qilib, bizni shu mo`tabar kunlarga – yangi yilga, Navro`z ayyomiga yetkazgani uchun Yaratganimizga shukrona va hamdu sanolar aytishimiz darkor.
O`zining buyuk fazilatlariga hamisha sodiq bo`lib, murakkab sinov davrlarida ham Navro`zdek noyob urf-odatini ko`z qorachig`iday asrab, e’zozlab kelgan ajdodlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi, albatta.
Asrlar bo`yi, ming yillar davomida Navro`zi olam xalqimizda, har bir oilada, har bir xonadonda eng orziqib kutiladigan xursandchilik, go`zallik va nafosat kuni, bahor faslini namoyon qiladigan bayram bo`lib kelmoqda.
Navro`z – tabiatning uyg`onish, yasharish fasli. Tabiat uyg`onar ekan, inson ruhi ham yangilanadi. Shu bilan birga inson bilagiga kuch, yuragiga yangi intilish, hayotiga yangi umid va orzular kirishi tabiiydir.
Barchamizning ezgu niyatimiz – yurtimiz tinch va obod, dasturxonimiz to`kin va barakali bo`lsin, oilamiz va farzandlarimiz, yoru birodarlarimiz sog`-salomat, baxtli-saodatli bo`lsin.
Tinchlik barqaror bo`lgan yurtga bayram yarashadi. Halovatli elning bahori ham, yozi ham, kuzi-yu qishi ham-qo`yingki, har bir kuni fayzli-tarovatli bo`ladi. Totuvlik, osudalik bo`lgan joydan balo-qazolar yiroq yuradi.
Navro`z yana bir xislati bilan bizning milliy tabiatimizga yaqin. Shu kunlarda eski gina-kuduratlarni, har xil yomonliklarni sedan chiqarish, mehr-oqibatli, muruvvatli bo`lish, beva-bechralarning holidan xabardor bo`lish, yetim-yesirlarning ko`nglini olish singari, Allohning o`zi el-yurtimizga ato etgan ota-bobolarimizdan meros bo`lib kelayotgan fazilatlar ham Navro`zning olijanob mohiyatidir. Umrimizning har daqiqasi Navro`zga aylansin!
Navro`z qiz – juvonlarga alohida ko`rk beruvchi bayramdir. Bayram munosabati bilan ular qo`llariga xino, qoshlariga o`sma qo`yadilar. Arg`imchoqlarda uchishib, turfa o`yinlar o`ynashib, keng yam – yashil dalalarda sayr etishib, qizg`in gurunglar qiladilar.
Navro`z bayrami bolalar va o`spirinlar uchun olam – olam quvonch, shodlik keltiruvchi tantanadir. Unga yosh bolalar ham, o`smir yigit – qizlar ham alohida tabrik bilan keladilar. Ular uchun Navro`z udumlari, an’analari va rasm – rusumlari juda qiziqarli bo`lib, diqqat bilan kuzatadilar, o`zlari ham zavq – shavq unda ishtirok etishga harakat qiladilar.
O`zbek xalqi asrlar davomida o`ziga xos va xilma-xil urf-odatlar, marosimlarni yaratdi. Bular doimiy takrorlanishi va ularga amal qilib kelinishi natijasida vujudga kelgan. Biroq urf-odat va marosimlar ham jamiyat taraqqiyoti tufayli o`zgarib, ularning ayrimlari amaliyotdan chiqib unutilgan. Turmushga, zamonga qarab, yangi-yangi urf-odatlar va marosimlar kirib, takomillashib boradi. Xalqchil odatlar zamonlar osha davr sinovlariga bardosh berib, avloddan avlodga o`tib kelmoqda. Asrlar davomida bir makonda aralash yashab kelgan Markaziy Osiyo xalqlarining an’analari va urf-odatlarida o`xshashliklar ko`p. Turli tarixiy davrlarda O`zbekistonning tub yerli turg`un aholisiga kelib qo`shilgan qabila va elatlar o`rtoqlashib, o`zbeklarning udumlarini qabul qilganlar va ayni vaqtda unga o`z hissalarini qo`shganlar. Har bir xalqning tarixan tarkib topgan o`ziga xos urf-odatlar va an’analari e’zozlanib, avlodga meros qoldiriladi. Shu tariqa avlodlar an’analarni davom ettirib, ularning barqarorligini ta’minlaydilar. Ijtimoiy tarbiyaviy ahamiyatga molik odat va marosimlar jamoatchilik boshqaruvida bo`lgan. O`zbeklarning an’ana va urf-odatlari tarixan tarkib topgan ijtimoiy munosabatlar mahsuli bo`lib, xalqning yashash sharoiti, muhiti natijasida vujudga kelgan.
Navro`z Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining qadimiy, an’anaviy Yangi yil bayrami. Navro`z bayrami bahor oyiga – qishloq xo`jalik ishlarining boshlanishiga to`g`ri kelgan. Qadim zamonlarda Navro`z kunlari odamlar bir-birlariga qand hadya qilishgan. Odamlar mehnat orqali erishilgan har bir yutuqdan ruhlanib, mehnat samarasini tantana bilan nishonlash an’ana tusini olgan. O`zbekistonda ilgari keng tarqalgan va Navro`z bilan bog`liq marosimlardan yana biri “Go`ja oshi” yoki “Yil boshi go`ja oshi” deb atalgan. Bu taom xonadonlardan ixtiyoriy ravishda yig`ilgan har xil masalliq – don, mosh, loviya, no`xat, yog`-go`shtdan tayyorlangan.
O`zbekiston mustaqilikka erishgach, muhim sanalar bilan bog`liq umumbashariy, milliy bayramlar bilan bir qatorda Ro`za va Qurbon hayitlari, Navro`z bayramlari tiklanib, nishonlanib kelinmoqda. Bulardan tashqari respublikamiz, viloyatlarida turli etnik mazmunga ega qadriyatlarga asoslangan marosimlar xalq sayillari shakllarida o`tkaziladi. Masalan: “Asrlar sadosi”, “Mingta sunnat, mingta nikoh to`yi ” , Ro`za oylarida iftorliklar berilayapti. Bular ham zamonaviy an’analarimizga aylanib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |