O`rta Osiyo xalqlarining, jumladan, Xorazm, Sug‘d, Farg‘ona va Xuroson xalqlarining o`ziga xos madaniyatini, O`rta Osiyo xalqlarining dunyo madaniyatiga qo`shgan hissasini inkor etish qo`pol xatolikdir. Bunga juda ko`p dalillar keltirish mumkin: IX asrda Bag‘dodda “Ma’mun akademiyasi”da ishlagan olimlarning ko`pi, shu jumladan, Muhammad ibn Muso al- Xorazmiy (780 - 850); Abdulhamid ibn Turk al- Xuttaliy (IX), Abbos ibn Said al- Javhariy (IX), Abu al -Abbos Ahmad al- Farg‘oniy (IX), Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziy(IX)laro`rtaosiyolikedi.Afsuski, irqchilik va yevrotsentrizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan reaktsion burjua olimlari Sharq xalqlarining, jumladan, O`rta Osiyo xalqlarining dunyo madaniyati va faniga qo`shgan hissalarini inkor etib, go`yoki Sharq olimlari faqat qadimgi yunon fanini tarjima qilib yevropaliklarga yetkazib bera olgan, aslida esa Sharq olimlari yunon fanining barcha g‘oyaviy asoslariga tushunib yeta olmaganlar degan kamsituvchi uydirmalarni to`qigan. Shunga qaramasdan G‘arbning progressiv olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot va ishlar bu fikrlarning mutlaqo haqiqatga zid va qo`pol ekanligini isbotladi.
IX asr boshlarida Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy birinchi marta algebra fanining asoslarini yaratib, uni mustaqil fan sifatida yuzaga keltiradi, hind matematik ma’lumotlaridan unumli foydalangan holda o`nlik pozitsion hisoblash sistemasiga asos soladi va uning Yevropada tarqalishiga yo`l ochib beradi. U yana birinchi marta Ptolemeyning “Geografiya”sini yunon tilidan arab tiliga tarjima qilib, Sharq xalqlarini yunon geografiyasi bilan tanishtiradi va hind astronomik jadvallaridan unumli foydalanib, eng birinchi astronomik jadvalni tuzadi. Shu sababli ham J.Sarton IX asrning birinchi yarmini Xorazmiy nomibilanatagan.Buyuk matematik, astronom va geograf, “hozirgi zamon algebrasining otasi” Muhammad al Xorazmiy VIII asrning oxiri - IX asrning birinchi yarmida ijod etdi. Olimning tug‘ilgan va vafot etgan yillari hamda hayot yo`li haqida aniq ma’lumot saqlanmagan. U tug‘ilgan yilni taxminan 783 yil deb taxmin qilinadi. Xorazmiyning boshlang‘ich ta’limi va qanday sharoitda Xorazmni tashlab ketganligi ham fan uchun hozircha noma’lum. U paytlarda xalifalikda ilmiy xabarlarning tarqalishida savdo munosabatlari muhim rol o`ynagan. Xalifalik Hindiston, Xitoy, Vizantiya, Xazariya, Bulg‘or, Rusiya va O`rta dengiz bo`yidagi mamlakatlar bilan savdo munosabatlariga ega edi. Abbosiy xalifalarning ilm va olimlarga beqiyos homiyligi va chet mamlakatlar bilan o`rnatilgan munosabatlar sababli ilmning butun islom olamida gullab rivojlanishiga asosiy omillardan bo`ldi.
Xalifalikdagi ilk ilmiy izlanishlar Damashqda boshlandi. Xalifalikdagi kelasi asrlarda bo`ladigan ilmiy taraqqiyotning poydevori V - VI asrlardayoq shakllangan edi. Bu davrda Suriya va Eronda yirik ilmiy maktablar bo`lib, ularga Vizantiyadan quvg‘in qilingan dahriy yoki xristian sektant olimlari, ko`proq nestorianlar kelgan edi. Ular ko`plab yunoncha kitoblarni suryon tiliga tarjima qilgan edilar. Umaviy xalifalar davrida ham qator suryoniy olimlar xalifalar saroyida xizmat qilardi. Bular orasida Sever Seboxt (VII), Jirjis Usquf (VII), Ya’qub ar-Ruhaviy (640-702) va boshqalar bor edi. Ular Ptolemeyning “Almagest”, “Tetrabib - los” asarlari, iskandariyalik Teonning (IV) Ptolemeyning asarlariga sharhlari va qator olimlarning tibbiyot sohasidagi asarlarini suryoniy tiliga tarjima qiladilar. 762 yili xalifalikning poytaxti Bag‘dodga ko`chiriladi va Bag‘dod tezda xalifalikning eng birinchi yirik ilmiy markaziga aylanadi. Xalifalardan al-Mansur (754-775) va Horun ar-Rashid (786-809) tabiiy fanlar va matematikaning rivojlanishiga xayrixohlik bildiradi. Xususan, al-Mansur o`zi bilan Damashqdagi olimlarni Bag‘dodga olib keladi. Horun ar-Rashid davrida esa yirik kutubxona ochilib, unga hatto Vizantiyadan ham kitoblar olib kelinadi. Bag‘dodda o`nlab boshqa kutubxonalar ham ochiladi, ko`plab olimlar va xattotlar ilmiy asarlarni yunon va suryon tilidan arabchaga tarjima qilish hamda nusxa ko`chirish bilan band edilar. Xorazmiy ham Bag‘dodga xalifa al-Ma’mun bilan keladi va “Bayt al-hikma”ning kutubxonasigamudirlikqiladi.
Saqlangan ma’lumotlarga ko`ra, Xorazmiy yozgan asarlarning soni o`ndan ortiqdir:
1. Astronomik asar, lotincha Algoritmi de numero indorum (“Algoritmi hind hisobi haqida”) nomi bilan ma’lum. Asarning arabcha nusxalari saqlanmagan. Bu yerda keltirilgan nom asarning XIV asrda ko`chirilgan va Kembrij universitetida saqlanadigan nusxasida keltiriladi. Asarning lotincha tarjima matni bir necha bor nashr qilingan va shu nashrlar asosida rus tilidagi tadqiqotlari ham chop etilgan.
2. Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala. (“Al-jabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob”) Xorazmiyning “Algebra” asari ham “Arifmetika” asari singari juda mashhur bo`lib, u ham XII asrda lotin tiliga bir necha marta tarjima qilingan. Bu tarjimalarning dastlabkisi 1145 yilda Chesterlik (angliyalik) Robert tarafidan, Kremonalik (Italiya) Gerardo va Seviliyalik (Ispaniya) Ioann tomonidan amalga oshirilgan. “Algebra”ning uchta qo`lyozma nusxasi mavjud. Ular Qobul, Madina va Oksforddagi kutubxonalarda saqlanadi. “Al-jabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob” asari fan tarixchilari tomonidan matematik tahlil ham qilingan va asardagi matematik iboralar, meros ulashish masalasi, shuningdek, Xorazmiy matematikasining Yevropa matematikasiga ta’siri masalalari turli davrlarda nashr etilgan maqola va kitoblarda o`z aksini topgan.
3. Ziji al-Xorazmiy (“Xorazmiy ziji”) arabcha nusxada saqlanmagan. Asarning 1007 yili ispaniyalik arab astronomi Maslama al-Majritiy (X-XI) qayta ishlagan nusxasidan XII asrda Adelard Bat bajargan lotincha tarjimaning nusxalari mavjud. Bu nusxalar Buyuk Britaniya, Frantsiya va Ispaniyadagi kutubxonalarda saqlanadi. Bu lotincha nusxalar asosida “Zij”ning matni nemis tilidagi izohlar bilan 1914 yilda nashr qilingan. Keyinchalik shu nashr asosida asar turli qismlarining inglizcha tarjimalari hamda unga bag‘ishlangan tadqiqotlar (ingliz, rus tillarida) amalga oshirildi.
“Xorazmiy ziji” o`rta asrlardagi eng avvalgi zijlardan bo`lgani uchun birinchilarga xos kamchiliklardan ham xoli emas edi. Bu kamchiliklarga Xorazmiyning o`z zamondosh olimlari va undan keyingi asrlardagi astronomlar ham ahamiyat berishgan. Shu mavzuga oid quyidagi asarlarni misol keltirsa bo`ladi:
1) “Ta’lil li Zij al-Xorazmiy” (“Xorazmiy zijiga izoh”). Ahmad ibn Kasir al-Farg‘oniy (IX).
2) “Zij”. Abu al-Fazl ibn Moshoolloh (IX).
3) “Ta’lil zij al-Xorazmiy” (“Xorazmiy eijini tushuntirish”). Muhammad ibn Abdulaziz al-Hoshimiy.
4)“ Kitob al-masoil al-mufida val javoboti as-sadida” (“Foydali savollar va to`g‘ri javoblar kitobi”). Abu Rayxon Beruniy.
5) “Ibtol al-buhton bi irod al-burhon ala a’mol al-Xorazmiy” (“Xorazmiy zijidagi amallarni dalillar bilan isbotlab, (u haqdagi) bo`htonni fosh etish”). Abu Rayxon Beruniy.
6) “Kitob al-vosita bayna Abu al-Hasan al-Ahvaziy va al-Xorazmiy” (“Abu al-Hasan al-Ahvaziy va al-Xorazmiy ikkisi o`rtasidagi vosita kitobi”). Abu Rayxon Beruniy.
7) “Sharh ziji al-Xorazmiy” (“Xorazmiy zijiga sharh”). Ahmad ibn al-Musanno ibn Abdulkarim (XI).
4. “Zaraif min amali Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy tarif as-samt bil-asturlob” (“Asturlob yordamida azimutni aniqlash”).Yagona arabcha qo`lyozmasi (hijriy 622 yili ko`chirilgan) Istanbulda Ayo So`fiyo kutubxonasida 4830/13 raqamli inventar bo`lib saqlanadi. Ruscha tarjimasi nashr etilgan.
5. “ Kitob ar-ruhama” (“Marmar soat haqida kitob”). Bu asar ham (620 yilda ko`chirilgan) Ayo So`fiyo kutubxonasida saqlanadi. Ruscha tarjimasi nashr etilgan.
6. “Kitob at-tarix” (“Tarix kitobi”). Bu asardan parchalarni Ibn an-Nadim, al-Mas’udiy, at-Tabariy va Hamza al-Isfahoniylarda keltiriladi. Beruniy o`zining “Yodgorliklar” asarida keltiradi.
7. Abu Maslama al-Majritiy o`zining “G‘oyat al-hakim ” nomli asarida Xorazmiyning astro-magik ma’noga ega asaridan sitata keltiradi. Bu asar saqlanmagan.
8. “Risola fi istixroj tarix al-yahud va ayodihim” (“Yahudiylar eralari va bayramlari haqida risola”). Kalendarga taalluqli asar. Tarjimasi nashr etilgan.
9. “Kitob surat al-arz” (“Er surati kitobi”) - Xorazmiy “Geografiya”si. Qisman nashr etilgan.
10. “Kitob al-amal bil asturlob” (“Asturloblar bilan amal tutish haqida kitob”). Bu risolaning matni Berlindagi sobiq Pruss kutubxonasida 5093 raqam bilan saqlanadigan anonim risola qo`lyozmasi tarkibiga kirgan. I. Frank uning qisman nemischa tarjimasini nashr etgan. E. Videman bilan birgalikda I.Frank undagi ikki bo`limning tarjimasini nashr etgan. Risola K. Shoy tomonidan ham o`rganilgan. B.A.Rozenfeld va N.D.Sergeyeva uning ruscha tavsifini nashr etishgan. Qo`lyozmadagi birinchi asar al-Farg‘oniyga, ikkinchi asar al-Xorazmiyga tegishlidir.
Xorazmiyning yuqorida ko`rib o`tilgan asosiy asarlariyoq u fanning qator tarmoqlarining asoschisi bo`lganligini ko`rsatadi. Uning g‘oyalari matematika va astronomiyaning oyoqqa turishi va rivojlanishiga sabab bo`ldi.
Ko`rganimizdek, Xorazmiy yozgan asarlarning yevropa olimlari tomonidan o`rganilib, undan foydalanishlari ularning ustozi Xorazmiy va umuman, musulmon olimlari ekanligi ayon bo`ladi.
Xorazmiysiz na o`rta asrlar matematikasi va astronomiya rivojini, na hozirgi barcha sohalardagi taraqqiyotni tasavvur qilib bo`lmasdi. Bu hech qanday mubolag‘asiz haq so`zdir. Xorazmiy o`z asarlari bilan fanning ko`p sohalarining, ayniqsa, astronomiya va algebra rivojiga mislsiz ta’sir ko`rsatdi. Xorazmiy Yeru osmon muammolarini hal qilishda katta jonbozlik ko`rsatdi. Xristofor Kolumb Amerikani kashf etganida Xorazmiyning asaridan foydalandi, hozirgi zamon oliy matematikasi uchun Xorazmiy “algebrasi” start maydonchasi bo`ldi, “0” ni muomalaga kiritmaganida, na fan, na tijorat, na texnika va na boshqa sohalar taraqqiyoti hozirgi bu darajasiga, shaksiz, yetmas edi. Buni butun dunyo afkor ommasi tan olgandir. 1983 yildagi “YuNESKO” tarafidan buyuk olimning 1200 yillik yubileyi sharafiga O`zbekistonda o`tkazilgan katta bayram tadbirlari bunga yaqqol misoldir.
Do'stlaringiz bilan baham: |