XULOSA
«Avesto» qadim ajdodlarimizning insoniyatga tuhfa qilgan bebaho ma’naviy
ne’mati, tarixiy–qomusiy yodgorlik
dir. Bu asar olam va odam haqidagi bilimlar majmuasi, turli fanlarga oid qimmatli
ma’lumotlarni o’zida mujassam etgan qomus hamdir.
Shu bilan birga bu turfa
bilimlarning hammasiga xos mushtarak jihat borki, u «Avesto»ni yagona va
umumbashariy, ta’limiy-axloqiy qarashlarga boy manba sifatida baholash hamda
undagi mazkur qarashlarni o’rganish dolzarb pedagogik muammo ekanligini
asoslash imkonini beradi.
Bu zardushtiylik ta’limoti asosida insonning axloqiy estetik ideali va
ma’naviy hamda jismoniy poklanish g’oyasidir. Ushbu tadqiqotimiz obyekti
bo’lgan «Avesto»dagi ta’limiy-axloqiy qarashlar ana shu barhayot g’oyaning
muhim bir qismi bo’lib, ayrim xulosalarni umumlashtirishga asos beradi.
1. Axloq–odob masalasi jamiyat rivojining hamma bosqichlarida inson
ma’naviyatining tarkibiy qismi bo’lib kelgan. Inson aql-zakovotining
uzoq asrlar
davomidagi ifodasi «Avesto»ning paydo bo’lishi va mukammallashishi
bosqichlarida ham ta’limiy–axloqiy qarashlar ustuvor bo’lib, u umumbashariy
ahamiyat kasb etgan. Uning ko’p xudolikdan yakka Tangri – mazdaparastlikka
borish yo’li g’oyat murakkab kechgan bo’lsa ham, tub mohiyati o’zgarmagan
insonni e’zozlash va uning barkamolligi ideali saqlanib qolgan.
2. Ma’naviy poklik inson tafakkurining rivoji bilan bog’liq ijtimoiy
pedagogik hodisa sifatida tobora zaruriyat kasb eta borib, «Avesto»ning barcha
qismlariga singib ketgan va bu yodgorlikni o’ziga xos «axloq kodeksi»ga
aylantirgan. Asotir, afsona, rivoyat, qo’shiq, duo va madhiyalar kabi turli janrlar
mazmun va mohiyat jihatidan ana shu poklik g’oyasini
ifodalovchi yagona
ta’limiy–axloqiy tizimni vujudga keltirgan.
3. «Avesto» - yuksak axloq, ma’rifiy barkamollik kitobidir. Undagi axloq
me’yorlari, ta’lim maqomlari ko’p asrlik hayotiy tajribalar natijasi sifatida davrlar
sinovidan o’tgan. Ularning tub mohiyati ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amal
tamoyillarida o’z ifodasini topgan. Bu tamoyillarning har biri insonni barkamol
shaxs sifatida shakllantirish jarayonidagi muayyan axloqiy me’yorning sharti
bo’lib, ular mantiqan biri-birini to’ldiradi va boyitadi. Ularning bari ijtimoiy–
siyosiy, insonparvarlik ruhi bilan yo’g’rilgan.
4. «Avesto»dagi ezgulik g’oyasi insonda elparvarlik,
yaratuvchilik,
kamtarlik, oliyjanoblik, manzil, jamoat joylari, hovuz, ariq, quduq, umuman,
borliqni e’zozlash kabi go’zal axloqiy fazilatlarni tarbiyalashga xizmat etsa,
yovuzlik esa buzg’unchilik, xudbinlik, jaholat, axloqsizlik kabi g’ayri insoniy
illatlarga qaratilgan. Zardushtiylikdagi ta’limiy-axloqiy qarashlar ana shu o’zaro
qarama–qarshi ikki xil falsafiy qutbning muttasil murosasiz kurashidagi muhim
halqalardan biridir.
5. Bunyodkorlik,
halollik, rostlik va naslning asl bo’lishiga intilmoq
«Avesto»dagi ta’limiy–axloqiy qarashlar silsilasida alohida o’rin tutadi. Ilohiy
tafakkur pardasida Yazdon, Zardusht va ma’budlar tilidan yoki epik syujetlar
orqali ifodalangan bu qarashlar chuqur dunyoviy mazmunga egaligi, insonga
qaratilgani bilan ibratlidir. Zero, bu fazilatlar insonning jismoniy yetik va bardam
bo’lishi, ma’naviy
jihatdan pok, iymonli va barkamollikka erishishiga
ko’maklashadi.
6. Axloq «Avesto»da aniq tushuncha bo’lib, jamiyatning barcha a’zolari
uchun muqaddas burch sanalgan, uning mezonlari ishlab chiqilgan. Ularda
kishilarning yoshi, jinsi, kasb–koridan qat’iy nazar hammaning poklik mezoniga
amal qilishi majburiy sanalgan. Bunda kishilarni tarbiyalash va qayta
tarbiyalashning qo’llanishi chinakam insonparvarlik ifodasidir. Bunday qarashlar
Qur’oni karim va Hadis-u shariflardagi fikrlar bilan ko’p jihatdan mazmunan
mushtarakdir.
7. «Avesto»da qayd etilgan ta’lim tizimi
yoshlarga diniy va dunyoviy
bilimlarni singdirishda oila, maktab va o’quv dargohlari hamda jamoatchilik
o’rniga alohida ahamiyat berilgan. Bunda ezgulikka ishonish, unga e’tiqod saqlash,
yomon niyat va yovuzlikdan holi bo’lish bosh dastur-ul amal bo’lib, ilm, hunar va
odob kabi fazilatlar shu yo’ldagi zaruriy shart sanalgan.
8. Barkamol shaxs tarbiyasi «Avesto»ning barcha qismlarida bevosita yoki
bilvosita aks etuvchi markaziy masalalardan biridir. Bunda ezgulik insoniy
kamolotning bosh yo’li, axloqiy tarbiyaning asosiy mezoni sifatida izohlanadi. Bu
mezonda insonlar ruhiyatiga ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal g’oyasini singdirish
va shu orqali ularning axloqiy-ma’naviy kamolotini ta’minlash pirovard
maqsaddir. Zero, har bir inson bu yo’lda o’z qalbidagi jaholat tuyg’usini
yenga
bilib, haqiqat va rostlik maqomi sari dadil intilishi farz qilib qo’yilgan.
9. «Avesto»da ta’lim tizimining har bir bosqichi ilm va hunar, jismoniy va
aqliy faoliyatning o’zaro uzviyligi asosida qurilgan. Bu jarayonda ota-ona, ustoz-
murabbiy va jamoatchilikning o’rni alohida ta’kidlanib, har birining yosh avlod
tarbiyasidagi burchi hamda mas’uliyati umumjamiyat manfaatlariga dahldor deb
sanalgan, yaxshi ustoz qanchalik ulug’lansa, yomon tarbiyachi shunchalik
la’natlangan.
10. «Avecto» ta’limiy–axloqiy o’gitlar majmuasi hamdir. Bu o’gitlar
Zardushtdan tashqari shohlar, vazirlar va kohinlar tilidan keltirilgan bo’lib, ko’p
asrlik hayotiy saboqlar, kuzatishlar ifodasidir. So’z odobi,
ota-onaga hurmat,
yoshlar tarbiyasi, oila va muhabbat kabi masalalarga oid pand-u nasihatlarda
rostgo’ylik, kattalarga hurmat, sobitlilik, halol yashash, kasb-hunarga nisbatan
fidoiylik, sadoqat va muruvvat ko’rsatish kabi fazilatlar ta’sirchan bayon etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: