Korxonada mehnatga haq to’lash shakllari va tizimlari Korxonalarda mehnatga haq to`lashni oqilona tashkil qilish xodimlar faoliyatini rag`batlantirish, tayyor mahsulot va mehnat bozorida raqobatchilikni, rentabellikni va mahsulotlarning daromadliligini ta`minlashi lozim. Mehnatga haq to`lashni oqilona tashkil etishdan maqsad−uning hajmi va xodimning korxona xo`jalik faoliyatiga mehnat faoliyatida qo`shgan hissasiga mos kelishini ta`minlash, ya`ni mehnat o`lchami va iste`mol o`lchami o`rtasidagi mutanosiblikni ta`minlashdir.
Ish haqi - har bir xodimning sarflagan mehnati miqdori va sifatiga mos ravishda taqsimlanuvchi va xodim tasarrufiga pul shaklida kelib tushuvchi milliy daromadning bir qismidir. Ish haqi−bu mehnat uchun mukofotdir.
Xodimlar mehnatiga haq to`lash ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilingan mehnat resurslarining bahosidir. Boshqacha qilib aytganda, ish haqi – bu, mahsulot ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining korxona xodimlari mehnatiga haq to`lash uchun sarflanuvchi qismidir.
Ish haqining nominal va real turlari mavjud.
Nominal ish haqi−bu xodimning ma`lum bir vaqt mobaynida bajargan mehnati uchun qisoblangan va to`langan ish haqidir.
Real ish haqi−nominal ish haqiga sotib olish mumkin bo`lgan tovar va xizmatlar miqdori; real ish haqi – bu, nominal ish haqining “iste`mol qobiliyati ”dir.
Korxonalarda ish haqi sohasidagi siyosatni ishlab chiqish va uni tashkil etishda quyidagi tamoyillarni inobatga olish zarur:
•adolatlilik, ya`ni bir xil mehnat uchun bir xil haq to`lash;
•bajarilayotgan ishning murakkabligi va mehnat malakasi darajasini hisobga
olish;
•mehnatning zararli sharoitlari va og`ir jismoniy mehnatni hisobga olish;
•sifatli, sidqidildan mehnat qilishni rag`batlantirish, yo`l qo`yilgan yo`qotishlar yoki o`z majburiyatlariga mas`uliyatsiz yondashishni moddiy jazolash;
•mehnat unumdorligi sur`atini o`rtacha ish haqining o`sish sur`atlariga nisbatan tezroq o`stirish;
•ish haqi miqdorini inflyatsiya sur`atlariga mos ravishda muvofiqlashtirish;
•mehnatga haq to`lashning korxona ehtiyojlariga to`liq javob beruvchi ilg`or shakl va tizimlarini qo`llash.
Zamonaviy sharoitlarda korxonalarda mehnatga haq to`lashning turli tizim va shakllari qo`llanilib, ulardan eng ko`p tarqalganlari sifatida ishbay va vaqtbay usulni ko`rsatish mumkin.
Mehnatga ishbay haq to`lash ishlab chiqarilgan mahsulot (bajarilgan ish, ko`rsatilgan xizmat) uchun to`lanadigan haqni anglatadi.
Korxonalarda ko`pincha faqat ishbay emas, balki ishbay-mukofotli haq to`lashdan foydalaniladi.
Mehnatga ishbay-mukofotli haq to`lashda ishchi bajargan ishiga haq olishdan tashqari, mukofotga ham ega bo`ladi. Mukofot asosan ma`lum bir ko`rsatkichlarga erishish - mahsulot ishlab chiqarish rejasini bajarish, mahsulot sifatini oshirish, xom ashyo va materiallarni tejash va shu kabilar uchun beriladi.
Mehnatga vaqtbay haq to`lash tarif tizimida ko`zda tutiluvchi ishlab berilgan vaqt - kalendar’ vaqt emas, balki normativ vaqt uchun to`lanadigan haqni anglatadi.
Vaqtbay-mukofotli haq to`lashda ishchi ishlab bergan vaqtiga haq olishdan tashqari, ushbu ish haqiga ma`lum bir foiz hisobida mukofot ham oladi.
Mehnatga akkord haq to`lash tizimi mehnatga ishbay haq to`lashning bir turi bo`lib, uning mohiyatiga ko`ra, bunda bajarilishi kerak bo`lgan ishlarni muddatini ko`rsatgan holda baholash amalga oshiriladi.
Korxonada quyidagi hollarda akkord haq to`lash tizimidan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
•korxona biron-bir buyurtmani o`z vaqtida bajara olmasa va buning uchun shartnomaga asosan yirik miqdorda jarima to`laydigan bo`lsa;
•korxonaning to`xtab qolishiga sabab bo`luvchi favqulodda vaziyatlar (yong`in, sel, zilzila, suv toshqini yoki jiddiy sabablarga ko`ra asosiy texnologik liniyalarning ishdan chiqish hollari) ro`y berganda;
•alohida ishlarni bajarishga o`ta zarurat tug`ilganda yoki korxonada yangi asbob-uskunalar ishga tushirilganda.
Ko`pchilik korxonalarda ish haqini hisoblash tarif tizimi, ayniqsa uning tarif stavkasi va tarif setkalari kabi elementlari asosida amalga oshiriladi.
Tarif stavkasi−turli guruh va kategoriyadagi ishchilarning vaqt birligidagi mehnati uchun to`lanuvchi haqning mutlaq (absolyut) o`lchamidir. Minimal tarif stavkasi yoki birinchi razryadli stavka boshlang`ich hisoblanadi. U eng oddiy mehnat turiga to`lanuvchi haq darajasini belgilab beradi.
Tarif setkalari mehnatga haq to`lashdagi mutanosibliklarni malaka darajasini hisobga olgan holda, belgilash uchun xizmat qiladi. U tarif razryadlari va ularga mos keluvchi tarif koeffitsientlari yig`indisini ifodalaydi. Tarif koeffitsientining eng past razryadi birga teng deb olinadi. Undan keyingi tarif razryadlari mos keluvchi tarif stavkalari birinchi razryadli tarif stavkasidan necha marta katta bo`lishini ko`rsatadi.
Korxonalarga mehnatga haq to’lash shakl va tizimlarini mustaqil belgilash huquqi berilgan. Mehnatga haq to’lashning ikkita shakli mavjud: ishbay va vaqtbay. Mehnatga ishbay shaklida haq to’langanda ish haqi, mahsulotning sifati, murakkabligi va ish sharoitini hisobga olgan holda, ishlab chiqarilgan mahsulot birligining miqdoriga bog’liq. Vaqtbay shaklida ish haqi, xodimlar malakasi va ish sharoitini hisobga olgan holda, sarflangan (haqiqiy ishlagan) vaqtning miqdoriga bog’liq.
Kadrlar, mehnat unumdorligi va ish haqi o`zaro chambarchas bog`liq bo`lgan tushunchalar hisoblanadi. Har bir korxonada mehnat va ish haqi bo`yicha reja tuzilib, uning maqsadlari ishchi kuchidan foydalanishni yaxshilash zahiralarini topish va bu asosda mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan bo`lishi lozim. Bu rejalarga ko`ra mehnat unumdorligining o`sish sur`ati o`rtacha ish haqi suratlaridan tezroq o`sishi lozim.