Mafkuraviy tarbiya - inson, ijtimoiy guruh, millat, jamiyat dunyoqarashini shakllantirishga, ularni muayyan maqsadlarni ifoda etadigan g‘oyaviy bilimlar bilan qurollantirishga yo‘naltirilgan jarayon.
Mamlakatimizda istiqlolning birinchi kunlaridan boshlab ko‘pgina eng muhim va ustuvor masalalar qatori yoshlar tarbiyasiga, xususan, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga etkazishga ham alohida e’tibor berib kelinmoqda. Xalqimiz, jamiyatimiz oldiga umummilliy vazifa sifatida qo‘yilgan va izchil amalga oshirib borilayotgan bu masala Birinchi Prezident tomonidan ishlab chiqilgan va butun dunyoda o‘zbek modeli deb tan olingan, yurtimizda bozor munosabatlariga o‘tish, jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh qilish va yangi hayot asoslarini barpo etishga qaratilgan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lining uzviy bir qismini tashkil etadi.
O‘z navbatida xalq ma’naviyatini yuksaltirishda yoshlarning qalbi va ongini milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi ruhida tarbiyalash, ularni zamonaviy bilim va hunarlarni egallagan, har tomonlama aqlli, ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan barkamol qilib tarbiyalash hal qiluvchi vazifalardan biriga aylandi.
SHuning uchun ham o‘tgan davr mobaynida ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun respublikamizda sog‘lom avlod, sog‘lom bola – sog‘lom ona, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi kabi bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi va hayotga izchil tadbiq etilmoqda. SHuningdek, yoshlarning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan mustahkam huquqiy baza yaratildi. Milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillari ishlab chiqilib, ta’limning barcha bosqichlarida va ta’limdan tashqaridagi aholi o‘rtasida ma’naviyat va ma’rifat asoslarini o‘rgatadigan, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalar, ommaviy kitoblar, targ‘ibot vositalari nashr qilindi, pedagog kadrlar tayyorlandi.
Bundan tashqari, o‘tgan davrda ijtimoiy hayotda yoshlarga haqiqiy tayanch va suyanch bo‘ladigan, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadigan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va uning turli bo‘g‘indagi tuzilmalari, “Sog‘lom avlod uchun”, Zulfiya nomidagi, “Nihol” kabi mukofotlar, tashkil etildi. Bularning barchasi zamirida bir ezgu maqsad – mamlakatimiz yoshlarini har tomonlama kamol toptirish, ularni kelajagimizning haqiqiy egalariga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar turgani tabiiy, albatta.
Hayot tajribasi shuni ko‘rsatadiki, barkamol inson tarbiyasida boshqa ko‘pgina omil va mezonlar qatori ma’naviy omillar alohida o‘rin tutadi. SHuning uchun ham YUrtboshimiz yosh avlod haqida, uning kelajagi haqida gapirganda, ma’naviyat masalalarini ham alohida tilga oladi. CHunki bugungi murakkab zamonda ma’naviy komil insonni tarbiyalamasdan turib, hech qaysi jamiyat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erisholmaydi.
CHunki ma’naviyat – bu insonning qalbi va ongidagi tuyg‘u va tushunchalar, uning dunyoqarashi va e’tiqodi, o‘z xalqi va Vataniga muhabbati, o‘zining kimligi, qanday buyuk insonlarning avlodi ekanini chuqur anglagan holda, har qanday sharoitda ham ularning sha’nu shavkatiga munosib bo‘lib yashashi demakdir. Ma’naviyat – ezgulik qonuniyatlari asosida ezgulikni himoya qilib yashash demakdir. Bu dunyoda ezgulik tuyg‘usini boy bergan odamdan yaxshilik kutib bo‘lmaydi. Ezgulik tuyg‘usini yo‘qotgan odamning hayvondan farqi qolmaydi.
Binobarin, yoshlarni yuksak ma’naviyatli qilib tarbiyalash – ularni ezgulik ruhida tarbiyalash demakdir. Bunday insonlar esa yon-atrofida bo‘ladigan ishlarga befarq qarab turolmaydi: yaxshi ishlarga qo‘shilishga, yomon ishlarga esa qarshilik ko‘rsatishga harakat qiladi. Binobarin mafkuraviy immunitet mustahkamlanishining asosiy ko‘rinishlaridan biri bu kishilarda yuksak ma’naviyatning shakllanishidir
Do'stlaringiz bilan baham: |