YAIM tarkibida xizmat ko’rsatish sohasining ulushi (foiz hisobida)
Shu bilan birga, mazkur yillarda mobil aloqa va axborotlashtirish, kompyuterda dasturlashtirish xizmatlari, konsalting, yuridik va auditorlik xizmatlari, rielterlik va brokerlik xizmatlari, xususiy tibbiyot, avtosug’urta, texnologik asbob-uskunalar servisi va ularni ta’mirlash kabi zamonaviy xizmatlar turlari, moliyaviy xizmatlarning yangi turlari, shu jumladan lizing, elektron banking va hokazolar paydo bo’ldi va bugungi kunda ularning ko’rsatilgan xizmatlar umumiy hajmidagi ulushi 20 foizdan ko’pni tashkil qilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi tarixiy obidalar soni bo’yicha jahonda yetakchi o’rinlardan birini egallab turish bilan birga, ulkan meros – Buyuk ipak yo’li tarixi bilan chambarchas bog’lanib ketgan ko’p asrlik tarix va madaniyatni aks ettiruvchi 4 mingdan ortiq tarixiy-me’moriy yodgorliklarga ega.
Samarqand, Buxoro, Hiva, Shahrisabz, Qo’qon kabi tarixiy yodgorliklarga boy shaharlar butun jahonga mashhur. Bu azim shaharlar betakror tarixiy qiyofasi bilan har qanday odamni o’ziga jalb etadi. Hozirgi vaqtda O’zbekistonning betakror tarixiy, arxitekturaviy tizimlari va yodgorliklari bilan tanishtirishga yo’naltirilgan, O’zbekistonning barcha hududlari bo’ylab yuzdan ortiq sayyohlik yo’nalishlari tashkil etilgan bo’lib, bu tarixiy ob’yektlarning 140 tasi YUNESKO tashkiloti tomonidan muhofazaga olingan.
Mamlakatimizda 348 ta turistik firma va tashkilot faoliyat ko’rsatib turibdi, ko’plab tarixiy obidalar, arxitektura va me’morchilik yodgorliklarini qamrab olgan 110 ta xalqaro sayyohlik yo’nalishlari, shu jumladan tarixiy-madaniy meros ob’yektlari bo’yicha 65 ta, tabiiy-rekreatsion yo’nalishi bo’yicha 30 ta va sog’lomlashtirish turizmi bo’yicha 15 ta ekologik yo’nalish yo’lga qo’yilgan.
O’zbekistonda xalqaro toifadagi qulay mehmonxonalar tarmog’i yaratilgan. 24 minngdan ortiq o’rinli 470 tadan ortiq mehmonxona, motel va kemping turistlarga xalqaro standartlarga muvofiq xizmatlar ko’rsatmoqda. O’zbekiston mehmonxonalari orasida eng mashhur mehmonxonalar majmualari bo’lmish Radisson SAS, Dedeman Hotels & Resorts va boshqalar shular jumlasidandir.
Har oqshom 36 ta professional teatr, jumladan A.Navoiy nomidagi O’zbekiston davlat akademik katta teatri tashrif buyuruvchilarni o’ziga chorlaydi. Har yili musiqali va teatr festivallari o’tkaziladi. Shuningdek, bo’sh vaqtda sport bilan shug’ullanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan – golf va bouling-klublar, ko’p sonli fitnes-markazlar, basseynlar va ko’plab boshqa inshootlar barpo etilgan.
Joriy yilning oktyabr oyida uch ming yillik tarixga ega, azaldan ilm savdo-sotiq, madaniyat, hunarmandchilik taraqqiy etgan, butun yer yuzidan olimu allomalar, sayyohu savdogarlar intilgan Samarqand shahrida Butunjahon turzim tashkiloti ijroiya kengashi 99-sessiyasining o’tkazilishi ham bugungi kunda sayyohlik sohasida O’zbekiston nufuzining yanada ortib borayotganiga dalolatdir.
O’zbekistonda iqtisodiy islohotlar amalga oshirila boshlangan vaqtdan e’tiboran kichik va xususiy biznesni rivojlantirish ko’pukladli bozor iqtisodiyotini shakllantirishning asosiga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |