Umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining binodan tashqaridagi sanitariya qurilmalarini tuzilishi va jihozlanishiga sanitariya talablari.
I-Kirish
2004 – 2016 yillarda Investitsiya dasturlari asosida Respublikada 488 ta yangi maktab binolari qurilgan, 3685 ta maktablar rekonstruksiya qilingan, 4920 ta bolalar sporti obyektlari qurilib topshirilgan. Aksariyat maktablar yonida qo‘shimcha o‘quv bloki, sport zallari qurilib foydalanishga topshirilgan. Bundan tashqari, hamma tumanda bir nechta musiqa va san’at maktablari hamda maktabdan tashqari bolalar muassasalari qurilib faoliyatini boshlagan. 560dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasalari mukammal ta’mirlangan. Natijada maktab yoshidagi va maktab o‘quvchilarining bilim olish sharoiti, jismoniy va aqliy rivojlanish sharoiti sezilarli darajada yaxshilandi.
Ma’lumki, markazlashgan suv tizimi bo‘lmagan, tuman markazlaridan uzoqda qurilgan, tog‘ va cho‘l zonalarida joylashgan ta’lim muassasalarida, birinchi o‘rinda, umumtalim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining hojatxonalari binodan tashqarida qurilmoqda. Mavjud qurilish va sanitariya me’yoriy hujjatlarida ushbu obyektlarni hojatxonaga oid sanitariya talablari esa obyektda markaziy ichimlik suvi hamda oqava suv tizimi bor bo‘lgan holatlari hisobga olingan.
Ko‘p joylarda maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari binosidan tashqarida joylashgan hojatxonalar hashar yo‘li bilan qurilgan. Shu sababli, aksariyat muassasa hojatxonalari qurilganda va ta’mirlanishida polini nishabi bo‘lishiga hamda trapni qurilishiga e’tibor berilmagan holatlar ko‘p uchramoqda. Tanaffus vaqtida maktab hojatxonalaridan, qisqa muddatda, bir vaqtni o‘zida, o‘nlab o‘quvchilar foydalanishadi. Hojatxona poli notekis bo‘lganda yoki nishabi bo‘lmaganda polida peshob ko‘lmaklarni yig‘ilishiga sabab bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida, o‘quvchilar poyabzalini va shimlarini ifloslantirishi, noxush xid paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, poli notekis, nishabi va trap bo‘lmagan hojatxonalarda tozalash ishlari sifatsiz o‘tkaziladi.
Ushbu uslubiy qo‘llanmaning maqsadi, maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalari binosidan tashqaridagi sanitariya qurilmalarini loyihasini ishlashda, ularni qurishda, ta’mirlashda va foydalanishida maktab rahbariyati va mutasaddi xodimlarni ma’suliyatini oshirish va gigiyenik talablari bilan tanishtirish.
Vazifalari quyidagilardan iborat:
1. Binodan tashqaridagi hojatxonalar uchun loyiha, ularni qurilishi va foydalanishiga oid tavsiyalar ishlab chiqish.
2. Tavsiyalarni joriy etilishi maktabni ekologik muhitini va sanitariya sharoitini yaxshilashga hamda o‘quvchilarni ko‘nikmalarini shakllantirishiga erishish.
3. Maktabda o‘qitish va maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim tarbiya berishning xavfsiz, sog‘lom va qulay muhitini yaratish.
II. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari binosidan tashqaridagi hojatxonalarni loyihalash, qurilish va ta’mirlash ishlarini olib borishda sanitariya talablari.
1. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari binosidan tashqaridagi hojatxonaning ko‘rinishi va chizmalari 1-sonli rasmda keltirilgan.
2. Hojatxonalar o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilar soniga qarab 4-18 o‘rinli (ochkoli) bo‘lishi mumkin.
3. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari hovlisidagi hojatxona o‘qish binolaridan kamida 20 metr masofada quriladi.
4. Hojatxonaga olib boruvchi yo‘lak tekis asfaltlangan yoki boshqa qoplama bilan yopilgan bo‘lishi kerak.
5. Hojatxonaga olib boruvchi yo‘lakning atrofi ko‘kalamzorlashtiriladi va gullar ekiladi.
6. Hojatxonalarda o‘g‘il bolalar va qiz bolalar uchun xonalar aloxida quriladi. Har 30 nafar qiz bola uchun 1 o‘ra (ochko), har 40 nafar o‘g‘il bola uchun 1 o‘ra (ochko) va pissuar quriladi.
7. Pedagog, tarbiyachi va boshqa xodimlarga alohida erkak va ayollar uchun kabinalar quriladi. Bunda kabinaning sathi 3m2 tashkil etishi kerak.
8. Hojatxona kabinalarning sathi kamida 1,2 m2 tashkil etishi kerak.
9. Hojatxonani poli tekis bo‘lib, yaxshi yuviladigan materialdan quriladi yoki plitka qoplanadi. Bunda polni nishabi 5% tashkil etishi kerak va kerakli joylarda trap ham quriladi.
10. Devorlari, shifti suvni o‘tkazmaydigan, shovqin yutadigan materiallardan qurilishi kerak. Devorlari plitka, kafel bilan qoplanadi yoki balandligi kamida 0,8 m moy bo‘yoq bilan bo‘yaladi.
11. Hojatxona eshiklari va oynalari tekis, yaxshi yuviladigan xom ashyodan quriladi.
12. Hojatxonaning balandligi 2,4 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
13. Hojatxonada tabiiy yoritilishning koeffesiyenti 0,8 %ni tashkil etadi.
14. Sun’iy yoritilishi 35 lyuksdan kam bo‘lmasligi kerak.
Rasm -1
Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari binosidan tashqaridagi 8 ochkoli hojatxonaning ko‘rinishi
15. Hojatxonada havo yaxshi almashishi lozim. Shuning uchun aloxida mo‘ri quriladi.
16. Hojatxonaning atrofi asfalt yoki beton bilan 80 sm kenglikda qoplanadi.
17. Maxsus maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarilarda nogironalar uchun aloxida kengaytirilgan kabinalar tashkil etiladi.
18. Chiqindi yig‘iladigan o‘raning tagi va atrofi sementlangan bo‘lib yer osti suvlarni ifloslantirmaydigan bo‘lishi shart.
19. O‘rani 2/3 qismi chiqindilar bilan to‘lgan vaqtda maxsus assenizatsiya mashinasi yordamida tozalanadi.
20. Hojatxonani qurilish, yangi o‘quv yilga tayyorlash vaqtidagi ta’mirlash ishlari tugatilgandan so‘ng polning nishabi tekshirilib hamda trap orqali suvlarni oqib ketishi, sinab ko‘rilgandang so‘ng sifati to‘g‘risida xulosa beriladi. Shunda sinash uchun quyilgan suv o‘raga oqib ketmasdan ko‘lmak hosil qilsa bu to‘g‘rida maktab direktori nomiga raport yoziladi, hojatxoning poli va trapi esa qaytadan ishlanadi.
III. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari hojatxonalarida tozalash ishlarini olib borilishi.
1. Hojatxonalarni tozalash va zararsizlantirish uchun alohida shaxs biriktiriladi.
2. O‘quvchi bolalarni hojatxonalarini tozalash va zararsizlantirish ishlariga jalb etish ta’qiqlanadi.
3. Xizmatchi xodimlar maxsus kiyim-boshlar, yuvish va zararsizlantirish vositalari bilan ta’minlanadi.
4. Hojatxonalar tualet qog‘ozi, ishlatilgan qog‘oz uchun chelak bilan jihozlanadi.
5. Hojatxonalarda har kuni tozalash ishlari tashkil etiladi hamda zararsizlantirish ishlari olib boriladi. Maktabda o‘qish 2 smenada tashkil etilgan holda tozalash ishlari 2 marotaba o‘tkaziladi.
IV. Shaxsiy gigiyena talablarini bajarilishi uchun sharoitlarni tashkil etilishi.
1. 0102-00-sonli umumta’lim maktablardagi o‘qish sharoitlariga qo‘yiladigan gigiyena talablari “Sanitariya qoida va me’yorlari”ga muvofiq umumta’lim maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarida har 30 nafar o‘quvchi va bolalarga 1 ta qo‘l yuvgich bo‘lishi belgilangan.
2. Tashib kelingan suv sig‘imlarini hojatxonaga ulash masalasi hal etilgan taqdirda qo‘l yuvgichlar hojatxona ichida o‘rnatiladi. Rasm 2.
3. Markazlashgan suv tizimi bo‘lmagan maktablarda qo‘l yuvgichlar hojatxonadan chiqish yo‘li, bino yo‘nalishida, bo‘lishi maqsadga muvofiq. (rasm 3,4)
4. Qo‘l yuvgichlar o‘quvchi va bolalarning bo‘yiga qarab osiladi, shunda ulardan foydalanganda kiyimi va poyabzaliga suv sachramaydigan bo‘lishi kerak.
5. Qo‘l yuvgichlar yonida sovun va sochiqlar bo‘lishi shart. Sochiq bo‘lmagan holda o‘quvchilar sochiqlarni uydan olib kelishi tashkil etiladi.
6. Markazlashgan suv tizimi bo‘lmagan joylarda osma qo‘l yuvgichlarda doim suv bo‘lishini ta’minlash zarur. Bunda maxsus sig‘imda suv tashib keltiriladi va qo‘l yuvgichlarga quyiladi. Bu ishlarni belgilangan navbatchi yoki mas’ul shaxs bajaradi.
7. Ta’lim muassasasi rahbari buyrug‘i bilan qo‘l yuvish uchun olib kelinadigan ishlarni tashkil etilishi, sig‘imda zahira suvni bo‘lishiga xamda qo‘l yuvgichlarni suv bilan to‘ldirilishi uchun ma’sul shaxslarga bu ishlarni olib borish yuklatiladi.
Rasm 2
Rasm 3
Eslatmalar:
1. Yuqumli kasalliklarga chalinmaslik uchun oddiy tozalik qoidalariga amal qilish kifoya.
Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, qo‘llarni doim yuvib yurish gepatit (sariq), gripp, gijjalar, dizenteriya singari turli yuqumli kasalliklarning yuqish xavfini bir necha martaga kamaytiradi.
2. Qo‘llarni qachon yuvish kerak ?
- Hojatxonaga kirib chiqqandan so‘ng;
- Uy tozalagach, parranda va hayvonlarni parvarishidan so‘ng;
- Yo‘talish va aksirishdan so‘ng;
- Ko‘chadagi faoliyatlardan (o‘yinlar, bog‘da ishlash, itlar bilan o‘ynash va h.k) so‘ng;
- Ovqat tayyorlash va iste’mol qilishdan oldin;
- Bemor do‘stlar yoki qarindoshlarni borib ko‘rishdan avval va keyin.
3. Qo‘llarni qanday yuvish kerak ?
Qo‘llarni yuvishdan oldin bajariladigan vazifalar:
A) Tirnoq o‘sgan bo‘lsa, tirnoq olish moslamasini tozaligiga e’tibor berish va tirnoqni kalta qilib olish.
B) Yopishtirma tirnoqlardan va qatlam-qatlam bo‘lib ko‘chadagi lakdan foydalanmaslik.
V) Uzuk, soat va boshqa taqinchoqlarni yechib qo‘yish (chunki ular qo‘llardagi kirlarni samarali yo‘qotilishiga xalaqit beradi).
G) Qo‘l yuvishdan oldin yenglarni shimarish (yuvish davomida kiyimlarning xo‘l bo‘lmasligi uchun).
4. Qo‘llarni sovun va suv bilan yuvish kabi oddiy harakat (ayniqsa, ovqatlanishdan oldin va hojatxonadan so‘ng), ichak kasalliklarni 40 %ga, nafas yo‘li kasalliklarni deyarli 25 %ga kamaytirish imkonini beradi. Har yili dunyoda gepatit va dizenteriya kassaligidan 3,5 million bolalar dunyodan ko‘z yumadilar.
5. “Toza qo‘llar” shiori ostida o‘tadigan Butun jahon kuni har yilning 15 oktyabrida nishonlanadi. Bu bayramning maqsadi – yer yuzidagi barcha insonlarga qo‘llarni tez-tez va toza yuvish muhimligini targ‘ibot qilish hisoblanadi. Chunki qo‘llarni sovun va suv bilan tozalab yuvish bir qancha kasalliklar bilan kasallanishning oldini oladi.
“Toza qo‘llar” nomli bu anjumanda har yili 80 ta mamlakatdan 120 million bolalar qatnashadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |