Eksperimentni baholash. Eksperimentga doimiy tanqidiy nazar bilan qaralish va uning potensial kamchiliklaridan voqif bo‘lish talab etiladi. Natijalarning ishonchliligi (reliability). Natijalar qay darajada ishonchli? Agar u izchil va takrorlanuvchi natijalarni qo‘lga kiritsa (test-sinovlari va kuzatuvlar ishonchliligi), u ishonchli bo‘ladi. Natijalarning asoslanganligi (validity). Nazarda tutilgan natijalarga erishildimi, eksperiment ko‘zda tutilgandek natija berdimi? Uning quyidagi turlari bor: konstruksiya (struktura) asosliligi, ekologik, ichki va tashqi asoslanish. Konstruksiya asosliligi. Bu eksperimentda tadqiqot ob’ektining faollashuvi bilan shug‘ullanadi. Topshiriq o‘rganilayotgan xulq-atvorni mos ravishda yarata oladimi? O‘zgaruvchilar mos ravishda sinaladimi yoki tekshiriladimi? Ekologik asoslilik. U loboratoriyadan tashqari holatdagi xulq-atvorning qay darajada vakili hisoblanadi. Eksperimentdagi topshiriq juda ham sun’iy bo‘lmasligi zarur. Ichki asoslilik. Barcha tushuntiriluvchi o‘zgaruvchilar tartibli ravishda aniqlandimi yoki nazorat qilindimi? Muqobil izoh/sharhlar jiddiy ravishda muhokama qilindimi yoki e’tiborga olindimi? Tashqi asoslilik. Natijalar qay holda butun aholiga nisbatan umumlashtiriladi?
3. Tilshunoslikda statistik tahlil metodining qo‘llanilishi.
Statistik tahlil. O‘zbek tilshunos olimi Z.T. Xolmonova qayd etishicha, ushbu metod universal bo‘lib, tilning barcha sathlarida ishlatilishi mumkin. Til birliklari va hodisalarining nutqda ishlatilish darajasi aynan mazkur metod yordamida tahlil qilinadi. Demak, statistik tahlil barcha til birliklarining nutqda ishlatilish darajasini yoritib berishda muhim metod sanaladi.
SHuningdek, M.T. Irisqulov ta’kidlashicha, til va nutq hodisalarini oddiy sanash, miqdorini aniqlash uslubidir. Til hodisalarining statistik xususiyati lug‘aviy ma’lumotlarga asoslanadi. Ushbu uslub funksional uslublarni farqlashda ko‘p ishlatiladi. Masalan, ma’lum tilda majhul nisbat badiiy uslubga qaraganda ilmiy uslubda ko‘proq ishlatilish darajasi kabi masalalar tahlil qilinishi mumkin.
Statistik tahlil orqali til birliklarining qo‘llanish darajasi yoki ularning nutqda ifodalanish darajasi, ya’ni nutqiy faollik darajasi aniqlanadi. Ushbu tahlil natijalaridan til ta’limida, lug‘at, ko‘llanma va mashina tarjimasi dasturlarini yaratishda foydalanish mumkin.
Savollar:
Eksperimental tahlil nima?
Eksperiment tahlil tilshunoslikda qanday qo‘llaniladi?
Eksperimentning puxta o‘tkazilishi qaysi omillarga bog‘liq?
Eksperiment o‘tkazish bosqichlariga nimalar kiradi?
Eksperimentda olingan natijalarning ishonchliligi qanday baholanadi?
Statistik tahlil nima?
Statistik tahlil tilning qaysi sathlarida qo‘llaniladi?
Til birliklari va hodisalarining nutqda ishlatilish darajalari qaysi tahlil yordamida amalga oshiriladi?
Foydalanish uchun adabiyotlar:
1. Umarxo‘jaev M.E. Umumiy tilshunoslik. – Andijon, 2007.
2. Sodiqov A., Xolmurodov A. Umumiy tilshunoslik. – Toshkent, 2014.
3. Kondrashov N.A. Istoriya lingvisticheskix ucheniy.– M., 2009.
4. Rasulov R. Umumiy tilshunoslik. – T, 2010.
Do'stlaringiz bilan baham: |