II bob. Xavfsizlikka qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
Mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘limni o‘z ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o‘rinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ma’muriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish yo‘riqnomalari.
“Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega bo‘lgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |