Fotometrik qo‘shaloq yulduzlar. Fotometrik qo‘shaloqlarda umumiy yorqinlikning davriy o‘zgarishlari sistemadagi komponentalarining harakatlari tufayli kelib chiqadi. Odatda fotometrik juftliklar biri birini to‘sib o‘tadilar, bunda yorqinlikning o‘zgarishlari nafaqat tutilishlari tufayli, balki yaqin joylashgan komponentalari sirtlari ko‘tarilish-pasayish effektlari sababli shakllarining ellipsoidal ko‘rinishga egaligidan ham sodir etiladi. Bunday sistemalarda komponentalarning biri yoki ikkalasi ham ko‘tarilish-pasayish tufayli ellipsoidal shaklga kirgan bo‘ladi.
|
6.16 rasm. Algol, Liraning β va Katta Ayiqning W turidagi qo‘shaloq sistemalarning ravshanlik egri chiziqlari ko‘rinishlari. Taqqoslash uchun Quyoshning o‘lchami berilgan.
| Orbitaning turli joylarida shakli buzilgan komponenta sirtining proeksiyalanadigan yuzasi o‘zgarib turadi. Sirtidagi harorati ham ko‘tarilgan do‘ngliklar qismida pastroq bo‘ladi. Ushbu faktorlar birgalikda yorqinliklarining kichik o‘zgarishlarini keltirib chiqaradi.
To‘siluvchan qo‘shaloqlarda orbita qiyaligi 90° ga yaqin bo‘lishi lozim. Faqat bunday spektroskopik juftliklarda qiyalik ma’lum bo‘lishi tufayli massalari aniqlanishi mumkin.
Tutuluvchan o‘zgaruvchan yulduzlarda yulduziy kattaliklari o‘zgarishi vaqt funksiyasi sifatida taqdim etilishi yorqinlik egri chizig‘i deb nomlanadi. Yorqinlikning egri chizig‘ining shakliga ko‘ra bunday yulduzlar uchta asosiy turga bo‘linadi, bular: Algol, Liraning β yulduzi va Katta Ayiqning W yulduzidir (9.6 rasm).
Algol yulduzlari. Algol turidagi tutuluvchan o‘zgaruvchan yulduzlar Perseyning β yoki Algol yulduzi kashf qilingandan so‘ng shunday deb nomlandilar. Davrning kattagina qismida ravshanlik egri chizig‘i deyarli o‘zgarmasdir. Bu esa, yulduzlar aloxida-alohida ko‘ringan fazalariga mos keladi, o‘sha momentlarda umumiy yulduziy kattalik o‘zgarmaydi. Ravshanlik egri chizig‘ida ikki xil minimum kuzatiladi, ulardan biri – bosh minimum ikkinchisiga nisbatan ancha chuqurroq. Ushbu effekt yulduzlar ravshanligidagi farqlaridan kelib chiqadi. Bosh yulduz, u odatda nisbatan sovuqroq gigantdir, kichikroq, ammo qaynoqroq komponentani to‘sib o‘tganda ravshanlik egri chizig‘ida chuqur minimum kuzatiladi. Kichik, ammo yorqinroq yulduz gigantning diskidan o‘tayotganda sistemaning umumiy yulduziy kattaligi unchalik kuchli o‘zgarmaydi.
Minimumlarning shakli tutilishlar to‘liq yoki qisman bo‘lishiga bog‘liqdir. Qisman tutilishlarda ravshanlik egri chizig‘i silliqroq, chunki yorqinlik tutilish chuqurligiga monand sekin-astalik bilan o‘zgaradi. To‘liq tutilishlarda komponenta butunlay ko‘rinmay qoladigan oraliq mavjud. Bu paytda umumiy yorqinlik deyarli o‘zgarmas, ravshanlik egri chizig‘idagi minimumida esa, yassi tub kuzatiladi.
Algol turidagi o‘zgaruvchanlarda minimumlarning shaklidan orbita qiyaligi haqida ham ma’lumot olish mumkin.
Minimumlarning davomiyligi yulduzlar radiuslari bilan orbita o‘lchamlari nisbatiga bog‘liqdir. Agar yulduz bir vaqtning o‘zida ham spektral qo‘shaloq bo‘lsa, orbitaning haqiqiy o‘lchamlarini topish mumkin. U holda sistemagacha masofani aniqlamasdan ham komponentalarning massalarini, orbita o‘lchamini, binobarin, yulduzlarning radiuslarini aniqlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |