Abdurauf Abdurahim o`g`li Fitrat (1886-1938) Buxoroda tug`iladi. Dastlab maktabda, so`ngra Mirarab madrasasida o`qiydi. U adabiyot, tarix, falsafani chuqur o`rganadi. 1909 yili «Jamiyati xayriya» ko`magida Turkiyaga o`qishga ketadi. 4 yil o`qiydi. U yerda «Munozara» va «Hind sayyohi qissasi» asarlarini yozadi. Bunda Buxorodagi o`quv-o`qituv ishlari, ularni tubdan o`zgartirish masalalariga e’tibor beriladi. «Rahbari najot» (1913), «Oila» (1916) asarlari, «O`quv» (1917) darsligini yozadi. 1922-23 yillarda Buxoro xalq maorifi noziri bo`lib, chet ellarga o`qishga talaba va o`quvchilar yuborishga rahbarlik qiladi. 1923-24 yillarda Moskva va Leningrad (Peturg)da yashab ijod qiladi, professor bo`ladi. Keyin qator oliy o`quv yurtlari, tadqiqot institutlarida pedagogik va ilmiy faoliyat bilan shug`ullanadi.
«Rahbari najot» asarida ta’lim-tarbiya masalalariga alohida e’tibor beradi, fanlar tasnifini yaratadi. O`zining didaktik qarashlarini bayon etadi. «O`quv» darsligi ham juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lib, turmush odobiga oid ko`plab mavzular berilganki, ulardan hozirgi tarbiya ishlarida ham keng foydalanish mumkin.
Abdulla Avloniy (1878-1934) Toshkentda hunarmand oilasida dunyoga keladi. Maktabda, so`ngra Abdumalikboy madrasasida o`qiydi. Yoshligidan she’rlar yozadi.
1904 yili tinimsiz harakatlardan so`ng Mirobodda yangi usulda maktab ochadi. 1907 yili uning muharrirligida «Shuhrat» gazetasi chiqa boshlaydi. 1909 yili «Jamiyati xayriya» ochib, bolalar o`qishi uchun pul yig`ib, maktablarga tarqatadi. Maktabining dovrug`i keng tarqaladi, chor hukumati talabi bilan o`lka ma’muriyati maktabini 1908 yili yopadi.
1909 yili Avloniy endi Degrez mahallasida maktab ochadi. Darsliklar yozishga kirishadi. 1909-1917 yillarda uning «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», «Turkiy guliston yoxud axloq», «Maktab gulistoni», «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» to`plami nashr etiladi.
1913 yili yozilgan «Turkiy guliston yoxud axloq» axloqiy va ta’lim-tarbiyaviy asar bo`lib, unda «insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi bir ilm-axloq» haqida fikr yuritiladi.
Bola kamolotida tarbiyaning roli juda kattaligini tushunadi va tarbiya «yo hayot yo mamot masalasi» deb biladi. Bu fikrga yurtboshimiz ham alohida munosabat bildirganlar:
«Men Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, fikrini ko`p mushohada qilaman.
Buyuk ma’rifatparvarning bu so`zlari asrimiz boshida millatimiz uchun qanchalar muhim va dolzarb bo`lgan bo`lsa, hozirgi kunda ham biz uchun ham shunchalik, balki undan ham ko`ra muhim va dolzabdir».
Yurtboshimiz bergan bu baho Avloniy g`oyalarining hozirgi kunimiz uchun ham muhimligini, ulardan keng foydalanishimiz zarurligini ko`rsatadi.
Avloniy ma’rifatparvarlik faoliyatini boshqa sohalarada ham davom ettiradi. U 1913 yili 1 o`zbek teatr gruppasi «Turkiston»ni tuzadi. O`zi dramalar yozib beradi. «Turon» gazetasini chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |