Umrbod ta`minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasining mazmuni
Shartnoma mazmuni asraluvchi shaxsning o`ziga egalik huquqi asosida tegishli bo`lgan uy-joyning yoki uning bir qismi (kvartira) ni yoxud boshqa ashyolarni topshirish majburiyati bo`lsa, mulkni oluvchining esa asraluvchi shaxsning umrbod uy-joy, oziq-ovqat, kasal bo`lganida parvarish qilish va zarur bo`lgan boshqa yordamlarni ko`rsatish majburiyati tashkil etadi.
Bu shartnomada taraflar sifatida faqat fuqarolar ishtirok etadi. Shartnoma mohiyatiga ko`ra, unda uy-joy (kvartira)ni oluvchi sifatida voyaga yetgan, muomala layoqatiga to`liq ega bo`lgan, moddiy jihatdan o`zga shaxsni to`liq ta`minlash imkoniyatiga ega bo`lgan har qanday jismoniy shaxs (shu jumladan, chet ellik fuqaro yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxs) ishtirok etsa, uy-joy (kvartirani boshqa shaxsga beruvchi sifatida faqat nogironligi, keksaligi tufayli mehnatga layoqatsiz bo`lgan fuqarolar (jumladan, O`zbekiston Respublikasi hududida qonuniy tarzda doimiy yashovchi chet el fuqarosi shuningdek, fuqaroligi bo`lmagan shaxslar) ishtirok etishlari mumkin bo`ladi. “Mehnatga layoqatsiz fuqaro” tushunchasi shartnomada taraf sifatida ishtirok etishi nazarda tutilayotgan subyektlardan keng bo`lib, mehnatga layoqatsiz deganda voyaga yetmagan fuqarolar, nogironlar, qariyalar, aqli zaif va ruxiy xastalar tushuniladi. Shartnomada taraf sifatida esa voyaga yetmagan fuqarolar umrbod ta`minlash uchun uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasini tuzishga haqli emaslar. Ular kelajakda voyaga yetgandan so`ng mehnatga layoqatli bo`lishlari mumkinligi bu shartnomani tuzishga to`sqinlik qiladi. Demak shartnomada umrbod ta`minlanishga muxtoj taraf sifatida qariyalar, nogironlar ishtirok etishlari mumkin.
Umrbod asrash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni topshirish shartnomasi tuzilishi va ijro etilishida qonuniylikni ta`minlash inson huquqlarini himoya qilish, mamlakatda qonuniylik muhitini qaror toptirishda katta ahamiyatga ega.
Mazkur shartnomada mehnat qilish yoshida bo`lgan mehnatga layoqatli shaxslar kreditor sifatida qatnasha olmaydilar, chunki mehnatga layoqatli shaxs uy-joyni yoki boshqa ashyosini asraluvchi shaxs sifatida boshqa birovga topshirishi – uning mehnat qilmay yashashiga va jamiyat oldida axloqqa to`g`ri kelmaydigan holat yuz berishiga sabab bo`ladi. Demak, bunday shartnomada nogironlar, shuningdek, qarilik pensiyasini olish yoshiga yetgan shaxslar kreditor sifatida qatnashadilar.
Mulkni oluvchi fuqaro muomala layoqatiga ega bo`lgan, asraluvchi shaxsni umrbod moddiy ta`minlash, parvarishlash va zarur bo`lgan boshqa yordamlar berib turish majburiyatini bajara oladigan har qanday fuqaro bo`lishi mumkin (biroq vasiylar va homiylar o`z nazorati ostidagi shaxslar bilan bunday shartnoma tuza olmaydilar).
Do'stlaringiz bilan baham: |