Bog'liq «sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririya (1)
QO‘SHILGAN VA ZAXIRA KAPITALLARINING HISOBGA OLINISHI
Korxonada qo‘shilgan kapital hisobi quyidagi schyotlarda yuritiladi:
8410-«Emission daromad»
8420-«Ustav kapitalini shakllantirish bo‘yicha kursdagi farq».
Ushbu schyotlar passiv bo‘lib, ular oddiy va imtiyozli aksiyalar bo‘yicha nominal qiymatdan yuqori bahoda olingan summalarni va ularning harakatini umumlashtirish uchun mo‘ljallangan.
Korxonada qo‘shilgan kapital quyidagi operatsiyalar natijasida vujudga kelishi mumkin:
emission daromadni yuzaga keltiruvchi nominal qiymatdan yuqori bahoda aksiyalar birlamchi sotilishida;
kursdagi farqni keltirib chiqaruvchi xorijiy investitsiyali korxonalar ustav kapitalini shakllantirish paytida.
Misol. Nominal qiymati 600 so‘m bo‘lgan aksiyalar 850 so‘mga sotildi.
D-t 5110-«Hisob-kitob schyoti»-850 so‘m
K-t 4610-«Ustav kapitaliga badallar bo‘yicha muassislar qarzlari»– 600 so‘m
K-t 8410-«Emission daromad»–250 so‘m.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, 8410-«Emission daromad» schyoti krediti bo‘yicha faqatgina aksiyalarning birlamchi emissiyasi paytidagi nominal qiymatidan ortiqcha summa hisobga olinadi. Mazkur summa foyda solig‘iga tortish obyekti bo‘lib hisoblanmaydi.
Sotish bahosidan past narxlarda sotib olingan aksiyalarni sotishda va summalar kamomadida 8410-«Emission daromad» schyotida zarar aks ettiriladi.
Misol. 1200 so‘mlik nominal qiymatli, dastlab 1240 so‘mdan sotilgan aksiyalar 1260 so‘mdan sotib olindi, keyin esa ikkinchi marta 1200 so‘mdan sotildi:
D-t 5110-«Hisob-kitob schyoti»–1200 so‘m D-t 8410-«Emission daromad»–40 so‘m
D-t 9690-«Moliyaviy faoliyat bo‘yicha boshqa xarajatlar»–20 so‘m K-t 8610-«Sotib olingan xususiy oddiy aksiyalar»–1260 so‘m.
Qo‘shma korxonaning ustav kapitalini shakllantirishda ta’sis hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish paytidagi va ustav kapitaliga amalda valuta va valuta boyliklariga oid badallarni kiritish paytidagi valuta kurslarining farqlanishi natijasida kursdagi tafovut yuzaga keladi.
Misol. Ta’sis shartnomasiga muvofiq qo‘shma korxonaning ustav kapitalida chet ellik muassisning ulushi 200 dollardan iborat. Hujjatlarni ro‘yxatga olish paytida 1$ 300 so‘mga teng bo‘lganligini hisobga olgan holda, uning ulushi 60000 so‘m, deb baholandi. Biroq pul mablag‘lari bilan badallar to‘lash paytida 1$ 310 so‘mga teng bo‘lgan. Bu esa korxona so‘m hisobida 200 dollarni olib, 60000 ming so‘m emas, balki 62000 so‘mga ega bo‘ladi, degan ma’noni anglatadi. Bu tafovut 2000 (62000–60000)ming so‘m qo‘shimcha sarmoyaga kiritiladi:
D-t 5210-«Mamlakat ichkarisidagi valuta mablag‘lari» – 62000 so‘m. K-t 4610-«Ustav kapitaliga badallar bo‘yicha muassislar qarzlari» –
60000 so‘m.
K-t 8420-«Ustav kapitalini shakllantirishda kursdagi farq» – 2000 so‘m.
Biroq keyinchalik xorijiy valutadagi pulga oid moddalar har bir hisobot davri yakunlanadigan sanada qayta baholanadi, bu qayta baholash natijasi kelgusi davrlar daromadi yoki xarajatlariga o‘tkaziladi.
Amaldagi qonunchilikka binoan korxonada rezerv kapitali tashkil etiladi. Uning miqdori jamiyat ustav kapitalining 15 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Rezerv kapitali har yili sof foydadan ajratmalar o‘t- kazish yo‘li bilan jamiyat ustavida belgilangan miqdorga yetguncha tashkil etiladi. Rezerv kapitali korxona ko‘rgan zararini qoplash, imtiyozli aksiyalar uchun dividend to‘lash, aksiyadorlar talabiga ko‘ra aksiyalarni qayta sotib olish uchun ishlatiladi. Shu bilan birgalikda rezerv kapitali schyotlari uzoq muddatli aktivlarni qayta baholashda yuzaga keladigan inflyatsion rezervlarga muvofiq foyda hisobidan tashkil qilinadigan rezerv hisobi uchun mo‘ljallangan.
Rezerv kapitali hisobi quyidagi schyotlarda yuritiladi: 8510-«Aktivlarni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar». 8520-«Rezerv kapitali».