1-маvzu. YOZMA VA OG‘ZAKI MULOQOT KO‘NIKMASINING
YURIST KASBIY FAOLIYATIDAGI O‘RNI
(Tuzuvchi: Raxmonova D.M.)
1. Yuristning yozma va og‘zaki muloqot ko‘nikmasiga ehtiyoji
nimalardan iborat?
2. Nutq madaniyati nimalarda ko‘rinadi?
3. Mazkur modulning o‘qitilishida qanday maqsad ko‘zda tutiladi?
4. “Yuristning yozma va og‘zaki muloqot ko‘nikmasi” modulining
vazifalari nimalardan iborat?
5. Huquq va til munosabati.
Huquqshunoslikni
ko‘pchilik
tilshunoslik
bilimlari
talab
qilinmaydigan kasblardan deb o‘ylaydi. Vaholanki, nutqiy ko‘nikmasi bo‘lmagan
shaxs hech qachon yaxshi yurist bo‘la olmaydi. Profilaktika inspektorimi,
surishtiruvchi, tergovchi, advokat yoxud sudyami – barchasi xizmat vaqtining katta
qismini odamlar bilan muloqotga sarflaydi.
Yurist, xususan ichki ishlar organining xodimi hamkasblari, rahbariyati va
unga bo‘ysunadigan shaxslar, fuqarolar bilan, ommaviy axborot vositalari vakillari
bilan doimiy muloqotda bo‘ladi. Muloqot ba’zan og‘zaki suhbat tarzida kechsa,
ba’zan taqdimotlar, turli xil hujjatlar tuzish va rasmiylashtirishni o‘z ichiga oladi,
shuning uchun og‘zaki va yozma nutq ichki ishlar organlari xodimlari kasbiy
malakasining eng muhim belgisi hisoblanadi. So‘nggi paytlarda tizim
xodimlarining fuqarolar bilan muomala madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor
qaratilib, «Ichki ishlar organlarining tashqi sohaviy xizmatlari faoliyatida axloq va
muloqot madaniyati kodeksi» tasdiqlangan.
Xalq manfaati yo‘lida xizmat qilayotgan har bir xodim, avvalo, o‘zining
bilimi, ma’naviyati va dunyoqarashi kengligi bilan ajralib turishi kerak.
Dunyoqarash, salohiyat, tafakkur teranligi esa, shubhasiz, muloqot jarayonida
ko‘zga tashlanadi.
Yuristning nutq madaniyati tushunchasini quyidagicha izohlash
o‘rinlidir:
Yuristning yozma nutq madaniyati yuridik tilni, uning qonun-
qoidalarini ongli idrok qilish asosida yurisprudensiya doirasida ifodali nutq tuza
olish mahoratidir.
Yuristning nutq madaniyati faqat to‘g‘ri nutq tuzish emas, balki
uquvlilik hamda nutqiy chechanlikdir.
Yuristning nutq madaniyati til vositalaridan o‘rinli foydalangan holda
huquq sohasida maqsadga muvofiq yozish va so‘zlay olish san’atidir.
Yuristning nutq madaniyati bu, avvalo, ravon va mazmunli, oddiy va
tushunarli fikrlash madaniyatidir.
Bo‘lajak yuristlarimiz yozma nutq madaniyatining yuqorida eslab o‘tilgan
talablariga har doim rioya qilishlari lozim. Zero, hozirgi zamon yuristlari nutqning
ma’muriy-buyruqbozlik usuli, do‘q-po‘pisa va zo‘ravonlikka asoslangan
“muomala madaniyati”dan emas, balki til madaniyatining milliy istiqlol g‘oyalari
bilan yo‘g‘rilgan shakllaridan foydalanmoqlari zarur. Ayniqsa, yuristlar ijtimoiy
hayotda ko‘pchilik bilan muloqotda bo‘ladilar, har xil toifadagi kishilar (guvohlar,
jabrlanuvchilar, aybdorlar, jinoyatchilar va b.) bilan ro‘baru keladilar. Tergov va
sud jarayonida o‘ta ehtiyotkorlik ularning tilga bo‘lgan munosabatida yaqqol
namoyon bo‘ladi. Qolaversa, yuristlar faoliyatini rasmiy hujjatlarsiz tasavvur qilib
bo‘lmaydi. Tergov ishlari bilan bog‘liq turli bayonnomalarni to‘ldirish, sud hukmi,
ayblov nutqini tayyorlash va boshqa rasmiy hujjatlarni o‘ta savodxonlik bilan
yozish ham ularning til vositalaridan foydalana olish qobiliyatiga bog‘liqdir.
Demak, bo‘lajak yuristning o‘zi mohir notiq, nutqi esa mantiqli va ta’sirli
bo‘lmog‘i davr talabi.
Lekin hozirgi kunda yurisprudensiya tarmoqlariga oid rasmiy hujjatlarni
davlat tili qonun-qoidalariga muvofiq, adabiy til me’yorlariga asoslangan holda
tayyorlash talab darajasida deb bo‘lmaydi. Notarius tomonidan tuzilgan oddiygina
“Hadya shartnomasi”, “Oldi-sotdi shartnomasi” kabi rasmiy hujjatlarda, sud hukmi
matnlarida ham imloviy va uslubiy xatolar uchraydiki, hozirgi sharoitda bunga
befarq qarab bo‘lmaydi.
Biz o‘rganayotgan modul bo‘lajak yuristlarning muomala odobi, tilni
his etish didini tarbiyalash kabi buyuk g‘oyani o‘z oldiga bosh maqsad qilib
qo‘yadi va quyidagi vazifalarni belgilaydi:
1. Professional yuridik nutqda til vositalaridan maqsadga muvofiq
foydalanishga o‘rgatish.
2. Talabalarning yozma yuridik nutqini shakllantirish va takomillashtirish.
3. Yuridik terminlarning o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirish.
4. Yuridik til va adabiy til me’yorlari haqida ma’lumot berish hamda
ko‘nikmalar hosil qilish.
5. Davlat tilining leksik-grammatik, imloviy hamda talaffuz omillaridan
vaziyat va voqelik talabiga ko‘ra mohirona foydalana olish qobiliyatlarini
shakllantirish va o‘stirish.
6. Matn tuzish tartib-qoidalarini bilish; kodekslar, qonunlar, farmonlar,
qarorlar va ularning moddalari yuzasidan og‘zaki fikr yurita bilish; yozma sharhlar,
izohlar, mulohazalar yoza olish qobiliyatini shakllantirish.
7. Nutq madaniyatining lingvistik va ekstralingvistik omillari haqida
tushuncha, malaka va ko‘nikma hosil qilish.
Yuridik til va yuridik nutq to‘g‘risida fikr yuritishdan oldin til va nutq
hodisalarining o‘ziga xos xususiyatlarini bilib olish o‘rinli. Til va nutq bir-biridan
farq qiladigan, lekin o‘zaro aloqador ikki ijtimoiy, ruhiy-ma’naviy hodisadir. Ya’ni
til aloqa quroli, fikr bayon qilish vositasi bo‘lsa, nutq so‘zlovchining til
vositalaridan foydalanish jarayoni va shunday jarayon natijasida yuzaga keladigan
faoliyatdir. Bu ikki hodisani qiyoslaganda oradagi farqlar yanada oydinlashadi.
Ya’ni bir auditoriyada yetmish talaba o‘tirgan bo‘lsa, ularning gaplashadigan tillari
bir bo‘lsa-da, lekin nutqlari yetmish xil bo‘lishi tabiiy. Birining nutqi salohiyatli
bo‘lsa, ikkinchisiniki esa mutlaqo talab darajasida bo‘lmasligi mumkin. Til
faqatgina aloqa vositasi bo‘lib qolmasdan, balki dunyoni ko‘rish, eshitish, bilish,
idrok etish vositasi hamdir.
Bundan tashqari, tilning ruhiy va estetik hodisa ekanligini ham yoddan
chiqarmasligimiz zarur. Til bamisoli - ummon. Unda barcha fikrlar uchun
“libos”lar topiladi. Lekin tilning jozibasi, kamalak misol tovlanishi bevosita nutq
orqali, nutq jarayonida yuz beradi. Ba’zan nutq jarayonida tilning jozibasi,
jilolanishi, mo‘jizakorligi yuzaga chiqmay qolishi mumkin. Shu bois nutq sohibi
so‘zlarning o‘z va ko‘chma ma’nolarini to‘la anglashi, har bir so‘zning uslubiy
mezonlarini, ma’no qirralarini ongli idrok etishi talab etiladi.
Tilni xalq yaratadi, nutq esa shaxsiy boylik sanaladi. Har kim o‘z
qobiliyati, so‘z boyligi, shaxsiy fikrlash layoqatiga qarab gap tuzadi va so‘zlaydi.
Shuning uchun ham nutq oldiga nihoyatda ulug‘ bir talab qo‘yiladi: o‘ynab
gapirsang ham, o‘ylab gapir. Zero, nutq (so‘z) aqlning tarozisi, aqlning o‘lchovi.
Darhaqiqat, nutqimizning salohiyati til qoidalarini yaxshi va zarur darajada
bilishimizga bog‘liqdir.
Har qanday ijtimoiy aloqa, fikrlashuv va muloqot, jumladan, barcha
huquqiy munosabatlar ham til orqali namoyon bo‘ladi. Tilsiz fikrni ifodalash
mumkin bo‘lmaganidek, til ham o‘z ifodasini fikrsiz shakllantira olmaydi.
Binobarin, huquq insonlarning asosiy ehtiyojlari va manfaatlarini ta’minlaydigan,
kafolatlaydigan vosita bo‘lsa, til ana shu huquqning voqe bo‘lishida, reallashuvida
asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
Huquqqa oid har qanday fikr, tushuncha, belgi, harakat-hodisa va
munosabat so‘zlarda o‘z ifodasini topadi, ya’ni so‘zlardan, iboralardan, atama va
terminlardan tarkib topgan ifoda qolipiga, ifoda shakliga tushmaguncha
munosabat, ijtimoiy aloqa, muomala (fikrlashuv) yuzaga chiqmaydi. Fikrning,
xususan, yuridik fikrning voqeligi ham, mavjudligi ham tilda namoyon bo‘ladi.
Tilsiz, so‘zsiz hech qanday aniq va tayyor holdagi yuridik fikr bo‘lmaydi. Yuridik
tilda fikr so‘zlar, terminlar va bular ishtirokida tuzilgan muayyan sintaktik
qurilmalar - gap modellari orqaligina shakllanadi va nutqda o‘z ifodasini topadi: til
huquqning “yashash” shartidir. Shuning uchun ham til va huquq jamiyatga xizmat
qiluvchi ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va ruhiy hodisalar hisoblanadi, til huquqqa
ruh baxsh etadi.
Bo‘lajak yuristlarning nutq madaniyatini yuqori darajaga ko‘tarish uchun
turli mavzularda yozma ishlar yozdirish maqsadga muvofiqdir. U talabaning
mustaqillik, ma’naviyat, milliy mafkura, milliy istiqlol g‘oyasi to‘g‘risidagi
dunyoqarashini ham shakllantiruvchi vositadir. Yozma nutq bilan shug‘ullanmagan
talabaning nutqi nochor, fikrlash qobiliyati past bo‘ladi. Yozma ish jarayonida
talaba falsafiy mushohada qilishga, fikrlashga majbur bo‘ladi. Favqulodda noyob
fikrlarni ijod qilishga harakat qiladi, tug‘ilayotgan har bir fikr bilan so‘zlar
uyg‘unlashuvini hosil qilishga imkoniyat qidiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, kodekslar,
qonunlarning moddalari mazmunini kengaytirib yozish, har bir modda yuzasidan
mulohazalar, izohlar, sharhlar tuzish mashqlari o‘tkazish bo‘lajak yuristlarning
savodxon bo‘lib yetishuviga yordam beradi.
Savollar:
1. Ko‘nikma deganda nimani tushunasiz?
2. Yozma va og‘zaki muloqot ko‘nikmasi qanday hosil qilinadi?
3. Nutq madaniyati deganda, nimani tushunasiz?
4. Yozma nutq madaniyatini o‘stirish uchun nimalarga e’tibor qaratish
kerak?
5. Til va nutqning farqi nimada?
6. Huquq va til munosabatini sharhlab bering.
Foydalanish uchun adabiyot:
1. Muxammadiyev A., Usmonov S. Yuristning nutq madaniyati. T., 2020.
2. Mahmudov N. va boshq. Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish. –
T.: Cho‘lpon, 2013.
2. Saidov A., Sarkisyans G. Yuridik til va huquqshunos nutqi. T.: 1994.
Do'stlaringiz bilan baham: |