4.2. Milliy daromadlar va mahsulotlar hisobi
Asosiy makroiqtisodiy hisoblar milliy daromad, milliy mahsulot hisoblari, to‘lov balansi, davlat moliya statistikasi va pul-kredit obzori hisoblanadi. Bu hisoblar umumiy maqsad uchun xizmat qiladi. Ular iqtisodiy tahlil va iqtisodiy siyosatga doir qarorlar qabul qilish uchun poydevor hisoblanadi. Iqtisodiyotning turli nuqtai nazarlarini xarakterlashiga qaramay, ularning hammasi yagona konsepsiyaga asoslanadi va yagona tizimni tashkil etadi. Bu bobni o‘rganishdan maqsad shu tizimni va shu hisoblar o‘rtasidagi aloqalarni o‘rganishga qaratilgan.
Makroiqtisodiyotning predmeti iqtisodiy agregatlarni o‘rganish hisoblanadi, chunonchi, xarajatlar, daromadlar va ishlab chiqarish hajmi umumiy darajalarini; bandlik ko‘rsatkichlari; baho va ish haqi; tashqi savdo oqimlari; soliq tushumlari va davlat xarajatlari; pul va kredit oqimlari. Amaliyotda makroiqtisodiyot uch masalani echishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi: o‘zgarishlarni iqtisodiy agregatlar orqali tushintirish; iqtisodiy o‘zgaruvchilar o‘zgarishi oqibatlarini bashoratlash; iqtisodiy siyosatni aniqlovchi shaxslarga u yoki bu iqtisodiy maqsadlarga erishishiga yordam berish. Ravshanki, iqtisodiy rivojlanish sabab va oqibatlarini tahlil qilish uchun, avvalo, iqtisodiy holatlarni o‘lchashni bilish lozim. Milliy hisoblar asoslari makroiqtisodiy o‘zgaruvchilar haqidagi zaruriy axborotlarni sistemalashtirilgan tarzda qayd qilish maqsadida ishlab chiqilgan.
Eng muhim bo‘lgan makroiqtisodiyot agregatlari, bu – ishlab chiqarish yoki “mahsulot” umumiy hajmi qiymatidir. Bozor iqtisodiyotida ishlab chiqarish hajmi yalpi ichki mahsulot (YAIM) sifatida aniqlanadi va mazkur hisob tizimi milliy hisoblar tizimi (MHT) deb ataladi. Bu bo‘limda MHT muvofiq milliy berilmalar hisobining bir qator asosiy konsepsiyasi va ta’siflari ifodalangan. MHT u yoki bu mamlakatning ma’lum davrdagi ishlab chiqarish hajmi haqidagi ma’lumotni olishga imkon beradi. Hisoblarning o‘zi esa shunday ishlab chiqilganki, ular yordamida asosiy iqtisodiy savollarga javob olish mumkin. Masalan, “Mamlakatda qaysi mahsulot ishlab chiqarilyapti va qancha miqdorda?”, “Mamlakat iqtisodiyotida qanday ishlab chiqarish sektorlari mavjud?”, “Milliy daromad ishlab chiqarish omillari orasida qanday taqsimlanadi, hususan, mehnat va kapital o‘rtasida?”. Milliy hisoblar iqtisodiy tahlil bilan shug‘ullanuvchilar kabi iqtisodiy rejalashtirishlarni amalga oshiruvchilarga ham zarur. CHunki ular:
muhim iqtisodiy o‘zgarishlarning o‘lchovi va iqtisodiy rivojlanish tahlilini o‘tkazish uchun mos statistik asosni;
iqtisodiy rivojlanib borishni baholash uchun davrlar ko‘rsatkichlarini taqqoslash imkoniyatini;
iqtisodiyot potensial imkoniyatlari ko‘rsatkichlarini haqiqiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash imkonini;
turli mamlakatlar orasida taqqoslash o‘tkazishga imkon beruvchi umumiy asosni ta’minlaydi.
Iqtisodiy rivojlanishni o‘rganish uchun iqtisodiy agregatlarning miqdoriy ahamiyatini aniqlash hamda mamlakat iqtisodiyotini, subsektorlar orasidagi aloqalarni yaqqol holda ko‘rsatish zarur. Milliy daromadlar va mahsulotlar hisobi bu ikkala masala echimini ta’minlaydi.
MHT bozor iqtisodiyoti amal qilayotgan mamlakatlarda bir necha o‘n yillardan beri qo‘llaniladi. Avvallari markazlashtirilgan rejalashtirish qo‘llanilgan mamlakatlarda ishlab chiqarishning oxirgi hajmini o‘lchash uchun o‘zga tizim ishlab chiqilgan. Bu tizim moddiy mahsulotlar tizimi (MMT) deya nomlanib, uning ko‘rsatkichi bo‘lib moddiy ishlab chiqarish sof mahsuloti xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |