1.2. Asosiy makroiqtisodiy bog‘liqliklar
Makroiqtisodiy tahlil, yuqorida ta’kidlanganidek, iqtisodiyotning to‘rtta sektorini tahlil qilishga qaratilgan: real (xususiy), davlat (byudjet), pul va tashqi. Real sektor – unda tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish va ularni iste’mol qilish amalga oshiriladigan sektor. Real sektorning asosiy sub’ektlari bo‘lib uy xo‘jaliklari va korxonalar hisoblanadi.
Uy xo‘jaliklari resurslar bozoriga er, mehnat resurslari va kapitalni etkazib beradi, tovarlar bozorida tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan talabni yuzaga keltiradi. Uy xo‘jaliklari, o‘zining yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyat va uni o‘zgartirish istiqbollari haqidagi tasavvuriga asoslangan holda iste’mol qilish, jamg‘arish va moliyaviy bozorlarda investitsiyalarga qancha summa sarflash haqida qarorlar qabul qiladi.
Pul sektori iqtisodiyotni moliyaviy xizmatlar bilan ta’minlaydi. Ushbu sektorga asosan moliyaviy vositachilik bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, - bank tizimi va boshqa moliyaviy muassasalar, shu jumladan fondlar, kredit shirkatlari, pensiya jamg‘armalari va sug‘urta kompaniyalari kiradi.
Davlat sektorining iqtisodiy roli samarali normativ-huquqiy bazani yaratish, muayan ijtimoiy ne’matlarni (masalan, ta’lim, infratuzilma va ijtimoiy himoyalash tizimi) taqdim etish, soliq tizimini nazorat qilish va davlat xarajatlarini boshqarishdan iborat.
Va, nihoyat, tashqi sektor iqtisodiyotning norezidentlar bilan barcha operatsiyalarini birlashtiradi. Har bir sektor ichidagi va sektorlar o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy bitimlar quyidagi asosiy makroiqtisodiy hisoblarda qayd etiladi:
• milliy hisoblar tizimi,
• to‘lov balansi,
• monetar hisoblar,
• byudjet sektori hisoblari.
Har bir makroiqtisodiy hisobvaraq nafaqat mamlakatdagi iqtisodiy ahvolni tahlil qilish va makroiqtisodiy tahlil dasturlarni ishlab chiqish, balki makroiqtisodiy siyosat monitoringini amalga oshirish uchun ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, milliy hisoblar tizimi iqtisodiy o‘sish, bandlik va narxlar darajasi, eksport va import haqidagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadi. Ushbu ko‘rsatkichlar iqtisodiy siyosat chora-tadbirlarini tahlil qilish va belgilash uchun bevosita indikatorlar hisoblanadi.
To‘lov balansi mamlakatning tashqi dunyo bilan, bir tomondan, iqtisodiy rivojlanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ta’minlashi mumkin bo‘lgan, ikkinchi tomondan esa iqtisodiy siyosatga muayyan cheklovni joriy etuvchi barcha iqtisodiy bitimlari haqidagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadi. monetar sektorining hisoblari inflyasiyaga va to‘lov balansining holatiga bevosita ta’sir etuvchi pul va valyuta siyosatini aks etiradi.
Byudjet sektorining hisoblarini o‘rganish hukumat daromadlari va xarajatlarining darajasi, davlat qarzi va byudjet taqchilligini moliyalash manbalari haqida axborot beradi. Ushbu hisob ko‘rsatkichlari nafaqat iqtisodiy faollikka, balki aholining farovonligini belgilab beruvchi ijtimoiy siyosatga ham katta ta’sir ko‘rsatadi .
Iqtisodiyotning muvazanatlashganligi ichki va tashqi makroiqtisodiy muvazanatga erishishni anglatadi. Ichki muvazanat kamida real, byudjet va pul – kredit sektorlarining muvazanatini anglatadi. Har bir sektor bitimlarining muvazanati nolga teng bo‘lishi kerak. Har bir sektor daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq uning jamg‘armasini tashkil qiladi. Agar qaysidir sektorda daromadlar xarajatlardan kam bo‘lsa, u holda shu tariqa yuzaga keladigan taqchillik boshqa sektor hisobidan moliyalanishi mumkin. Masalan, davlat byudjeti taqchilligi hukumatga pul – kredit sektori tomonidan berilgan kredit hisobidan moliyalanishi mumkin. Agar butun mamlakat, uning ichki (real, byudjet, pul-kredit) sektorlari xarajatlari ushbu sektorlar tomonidan hosil qilinadigan daromadlardan kam bo‘ladigan vaziyat yuzaga kelsa, u holda mamlakatda jamg‘armalar taqchilligi vaziyati sodir bo‘ladi, u faqat boshqa mamlakatlar jamg‘armalari hisobidan qoplanishi mumkin. Natijada barcha bitimlari to‘lov balansida birlashtiriladigan tashqi sektor barcha boshqa sektorlardagi vaziyatning umumiy aksiga aylanadi. Iqtisodiyot sektorlari ham real (tovarlar ishlab chiqarish va sotish, xizmatlar bilan ta’minlash), ham moliyaviy (moliyaviy aktivlarni xarid qilish va sotish) bitimlarni amalga oshirgan holda o‘zaro hamkorlik qiladi, shuning uchun makroiqtisodiy tahlil uchun mazkur sektorlarni yagona tizim sifatida o‘rganish va ko‘rib chiqish shart, chunki bir sektordagi ko‘rsatkichning o‘zgarishi boshqa sektorlardagi o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Masalan, agar sektorlardan birida daromad o‘zgarsa, bu hol mazkur sektordagi xarajatlar va jamg‘armalar darajasini o‘zgartiradi, bu, o‘z navbatida, boshqa sektorlarda jamg‘armalar darajasidagi o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Boz ustiga, har bir makroiqtisodiy hisobvaraqda mamlakat iqtisodiyotining tashqi dunyo bilan o‘zaro hamkorligini aks ettiruvchi to‘lov balansi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xalqaro element mavjud.
SHunday qilib, ko‘rib chiqilgan makroiqtisodiy hisobvaraqlar iqtisodiyot har bir sektorining muayyan davrdagi holatini tahlil qilish, iqtisodiy rivojlanish tendensiyalarini vaqtlararo taqqoslashlar, iqtisodiyot joriy ahvolini uning salohiyati bilan taqqoslash, mamlakatlararo taqqoslashlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Makroiqtisodiy dasturlashning asosida asosiy iqtisodiy ayniyatlar yotadi. Ularning muhimligi quyidagilardan iborat:
- birinchidan, iqtisodiyot sektorlari bo‘yicha daromadlar va xarajatlarning tengligi har bir sektorning byudjet bilan cheklanishini belgilab beradi;
- ikkinchidan, ushbu ayniyatlar orqali alohida sektorning iqtisodiyotning boshqa sektorlari bilan o‘zaro bog‘liqligi aniqlanadi.
Iqtisodiyotning ochiqligi eksport-import operatsiyalarining amalga oshirilishini, xorijiy aktivlarni investitsiya qilishda va barcha sub’ektlar tomonidan chet el qarzlarining jalb etilishida ishtirok etishni anglatadi. Milliy hisob varaqlar tizimining asosida yotuvchi umumiy muvazanat modeli tovarlar va xizmatlar taklifi va ularga bo‘lgan talab hajmining tengligiga asoslangan.
Xalqaro iqtisodiyot umumiy talab va umumiy taklifni nafaqat muayyan mamlakat doirasidagi ishlab chiqarish hajmi va narxlar darajasiga, balki umumjahon ishlab chiqarishi va jahon bozori narxlarining darajasiga bog‘liq qilib qo‘ygan holda ularni talqin etishning an’anaviy doirlarini kengaytiradi. Xalqaro iqtisodiyot ichki ishlab chiqarishni chet elda ishlab chiqarilgan tovarlar bilan to‘ldirish imkonini beradi, ya’ni umumiy taklif tovarlar va xizmatlarni ichki ishlab chiqarish (Y) hamda chet eldan import qilishdan (M) iborat. Shunday qilib, umumiy taklif huddi ushbu mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotga bo‘lgan umumiy talab kabi rezidentlar va hukumat tomonidan ham, norezidentlar tomonidan ham taqdim etiladi. Ushbu talab korxonalar (ishlab chiqarish iste’moli), insonlar (shaxsiy iste’mol), hukumat (davlat iste’moli) tomonidan tovarlar xarid qilinishi, ichki kapital qo‘yilmalar (C+I+G) va tovarlarni xorijga eksport qilishdan (X) iborat. Shu tariqa, iqtisodiyotning byudjet bilan cheklanishi tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarishdan olinadigan barcha daromadlar ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar uchun barcha xarajatlarga tenglashtirilishi kerak, bu quyidagi ayniyatni ifodalaydi:
Y + M = C + I + G + X, (1.2.1)
yoki Y = C + I + G + X – M (1.2.2)
Mazkur ayniyat daromadning rezidentlar umumiy xarajatlari (C+I+G) va sof eksporti (X-M) yig‘indisiga tengligini tasdiqlaydi.
Agar daromad (Y) YAIM (GDP)ni o‘zida namoyon etsa, u holda sof eksport hajmi tovarlar va nofaktoriy xizmatlar eksporti bilan importi o‘rtasidagi farqqa (ya’ni Xn = tashqi savdo aylanmasining saldosiga) teng.
Agar daromad (Y) yalpi milliy mahsulot (GNI)ni o‘zida namoyon etsa, u holda sof eksport tovarlar, noomil xizmatlar va chet eldan sof omil daromadlarni (Yf) o‘z ichiga oladi, bu o‘z miqdoriga ko‘ra to‘lov balansiga mos keladi, u holda
GNI = Y = C + I + G + (X - M + Yf ) (1.2.3)
Makroiqtisodiy tahlilda boshqa muhim ayniyatlar ham qo‘llaniladi.
Jamg‘armalar va investitsiyalar tengligini quyidagicha soddalashtirilgan tarzda chiqarish mumkin. Dastlab unda davlat sektori, demak, soliqlar ham mavjud bo‘lmagan yopiq iqtisodiyotni ko‘rib chiqamiz. U holda
YAIM xarajatlari = Iste’mol + Investitsiyalar (1.2.4)
Ta’rifga ko‘ra jamg‘armalarni quyidagicha yozishimiz mumkin, daromad, yoki daromadlar bo‘yicha o‘lchanadigan ya’ni,
YAIM = Jamg‘armalar + Iste’mol. (1.2.5)
YAIM xarajatlari va YAIMni ishlab chiqarish natijasida olingan daromadlar teng ekanligi bois, tenglamalarning o‘ng qismlarini tenglashtirgan holda, quyidagiga ega bo‘lamiz
C + I = S + C, yoki I = S (1.2.6)
Bu oddiy ayniyat tahlilga davlat va tashqi iqtisodiy sektorni kiritish bilan murakkablashadi.
Umumiy jamg‘armalar xususiy (Sp), davlat (Sg) va tashqi dunyo jamg‘armalari (Sr)ga bo‘linadi:
S = Sp + Sg + Sr (1.2.7)
Xususiy jamg‘armalar daromadlar (Y), transfertlar (TR), soliqlar (T) chegirma qilingan holda davlat qarzi bo‘yicha foizlar (N) va iste’mol (S) yig‘indisiga teng:
Sp = (Y + TR + N - T) – S (1.2.8)
Davlat jamg‘armalari quyidagicha aniqlanadi
Sg = (T - TR - N) – G (1.2.9)
Davlat jamg‘armalari, agar ular ijobiy bo‘lsa, byudjet ortiqchaligini tashkil qiladi. Agar ular salbiy bo‘lsa, bu byudjet taqchilligi (BD) mavjudligidan dalolat beradi:
BD = - Sg (1.2.10)
Tashqi dunyo jamg‘armalari, eng oddiy ta’riflashda, tashqi dunyo bizning eksportimiz xarajatlari (X) chegirma qilingan holda, bizning importimizdan (M) oladigan daromadga teng:
Sr = M - X, yoki Sr = - Xn (1.2.11)
Tashqi dunyo jamg‘armalaridan mamlakatimizda moliyaviy aktivlarni xarid qilish, xorijiy qarzlarni kamaytirish uchun foydalanish mumkin va o‘shanda biz mamlakatimizga kapitalning kirib kelishiga erishamiz.
Jamg‘armalar va investitsiyalar tenglamasi har bir sektor (xususiy, davlat, tashqi dunyo) uchun shart bo‘lmagan holda, butun iqtisodiyot uchun bajarilishi mumkin. Masalan, investitsiyalar xususiy va davlat jamg‘armalari qisqargan taqdirda kapitalning chet eldan oqib kelishi hisobidan ham ko‘payishi mumkin: Jamg‘armalar real aktivlarga investitsiyalar kiritish va moliyaviy aktivlarni ko‘payishtirish uchun foydalanilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |