Baqani yorish.
Yorish uchun tanlangan yirik baqa tajriba o’tkazish uchun qulay. Baqani yorishdan oldin uni bir idishga soling, so’ngra unga bir necha tomchi xloroform tomizilgan paxtani tashlang. Keyin 30 minut qoldiring. Shunda baqa o’ladi va uni yorish mumkin. Yorishdan oldin baqani sovuq suvda yuvib, 5-10 minut ochiq havoda xloroform hidini ketkazish uchun shamollating.
Yorish uchun tayyorlangan baqani vanna ichiga chalqanchasiga (qorin tomonni yuqoriga qaratib) yotqizib, oyoqlari va tumshug’ini to’g’nog’ich bilan vanna tubiga qadang. So’ngra pinset bilan qorin terisini yuqoriga ko’tarib keyingi oyoqlarining asosidan bir oz oldinroqda qaychi uchi bilan ko’ndalangiga ozgina kesing, so’ngra shu kesikdan tumshuq tomon terini bo’yiga kesib chiqing.
Terining ichkaridan gavdaga yopishgan joylarini scalpel yoki qaychi bilan qirqing. Hosil bo’lgan teri parchalarini baqaning yon tomoniga yoyib, vannachaga nina yoki to’g’nag’ichlar bilan qadang. So’ngra terining ichki yuzasini diqqat bilan ko’zdan kechirsak, juda ko’p sonda mayda qon tomirlari bilan qoplanganligini ko’ramiz, bu qon tomirlar, juft teri arteriyasi va katta teri venasining tarmoqlaridir.
Qon tomirlarining teri ostida ko’p tarqalishi baqalarning teri orqali ham olishini tasdiqlaydi.
Endi qorinning muskulli devorini ko’rib chiqamiz. Qorinning to’g’ri muskulini kesganda qorin qon tomirini kesmaslik uchun kesish chizig’ini bir oz yon tomondan o’tkazish lozim (aks holda vena ichidagi qon tashqariga quyiladi). Qorin muskulini bo’yiga kesishni to to’sh suyagiga qadar davom ettiring. Keyin pinset bilan to’sh suyagini yuqoriga ko’tarib, qaychi bilan o’rtasidan kesib, ikkiga ajrating va oldingi oyoqlardan to’g’nog’ichlarni olib, oyoqlarni yon tomonlarga yanada tortib vannaga qaytadan qadang. Qorin devorini ham xuddi yuqorida ko’rsatilgan rasmdagidek qilib kesing va hosil bo’lgan pardalarni teriga qo’shib vannaga qadang. Bu ishlari bajargandan so’ng vannaga preparat (baqa) ni qoplaydigan darajada suv quying.
Baqa ichki organlarining joylanishi.Preparatning oldingi (yoruvchiga nisbatan) tomonida baqaning yuragi joylashgan bo’lib, u yangi o’ldirilgan (narkozlangan) baqada qisqarib va kengayib turadi. Yurakning yon tomonlarida cho’ziluvchan xaltasimon o’pkalar bor. Ular ichida havo bo’lgandagina qizg’ish rangli bo’lib aniq ko’rinadi. Shuning uchun ularni pinset bilan joyidan (yurak ostidan) tortib chiqazib yoki hiqildoqqa uchi ingichka shisha naycha tiqib puflansa, ichiga havo to’lib bo’rtgan o’pkalarni ko’rish mumkin. Yurakning pastki qismi serbar, to’q qizil rangli jigar pallalari oralig’ida joylashgan. Jigar ag’darilsa, uning tagidagi to’q ko’k rangli kattaligi moshday o’t pufagi ko’rinadi. Jigarning o’ng (yoruvchiga nisbatan) tomonidan oshqozonning keyingi bo’limi chiqib turadi. Agar jigar yuqoriga ko’tarilsa, uning hamma qismi ko’rinadi. Baqa oshqozoni retorg shishasimon bo’lib, och sarg’ish ranglidir. Oshqozonning keyingi qismidan o’n ikki barmoqli ichak boshlanadi. Baqaning uzunchoq to’q sariq rangli yassi va kompakt oshqozon osti bezi o’n ikki barmoqli ichak qovuzlog’ida joylashgan. O’n ikki barmoqli ichak bir nechta bo’lib, bilinar-bilinmas chegara bilan ingichka ichakka u esa o’z navbatida keng va oxirgi uchi kloakaga ochiladigan orqa (to’g’ri) ichakka aylanadi. Kloakaga, bundan tashqari yupqa devorli va ikki pallali siydik pufagi ham ochiladi. Ichak burmalari orasidagi kichik, no’xatdek qizil rangli taloqni izlab toping (34-rasm).
Barcha ichki organlar ostida joylashgan buyrakni ko’rish uchun ichak burmalarini bir tomonga surish kerak. Shunda faqat buyraklargina emas (erkaklarda) hatto buyrakning oldingi uchiga tarqalib turadigan bir juft oqimtir yumaloq urug’donlarni ham ko’rish imkoniyati tug’iladi. Urg’ochi baqalarning jinsiy bezlari bir juft tuxumdondan iborat bo’lib, uning kattaligi yil fasliga qarab o’zgarib turadi: yoz va kuzda kichik bo’lsa, bahorda juda katta bo’lib, uchi yumaloq qora tuxumlar bilan to’lib turadi. Ana shu paytda u butun ichki organlarni atroflicha qoplagani uchun ularni aksari hollarda butunlay ko’rib bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |