Metallar tarkibi
Metallar guruhi
|
Tarkibi
|
Og‘ir metallar
|
Mis, qo‘rg‘oshin, qalay, nikel, simob, kadmiy
|
Yengil metallar
|
Aluminiy, magniy, titan, litiy, kaliy, derilliy,
stronsiy, rubidiy, indiy,
|
Nodir metallar
|
Germaniy, uran, radiy, toriy
|
Asl metallar
|
Oltin, kumush, platina
|
Qora metallar
|
Temir, marganes, xrom
|
Qora metallar asosan temir, titan, marganes va xromdan iborat bo‘lib, ularning bir necha yuzlab konlari mavjud. Turli genetik tipdagi temir konlari va ruda to‘plamlari, magnit anomaliyalari bor. Ular Tepabuloq titan-magnetik koni, Surenota, Shabrez, Mingbuloq va boshqa konlardir. Marganesning cho‘kindi konlari Zarafshon, Zirabuloq, Qoratepa, Lolabuloq va boshqa tog‘larda, respublikaning shimoliy va shimoli-sharqiy qismida, gidrotermal to‘plamlari Chotqol tog‘larida joylashgan. Xrom konlari ofiolit mintaqalari bilan bog‘liq bo‘lib, Qizilqum, Farg‘ona ofiolit belbog‘ida, Tomditog‘ va Sulton-Uvays hududlarida ko‘proq uchraydi.
O‘zbekistonda temir va marganesning katta miqdordagi zaxiralari mavjud. Ammo foydalanishga topshirilgan konlari hali yo‘q. Tayyor mahsulot (stanoklar, mashinalar, trubalar va metalloprokat va boshqalar) ko‘rinishdagi qora metallarga respublikaning 90 foiz ehtiyoji sobiq ittifoq respublikalari hisobiga qondirilgan. Bekoboddagi metallurgiya zavodi metallom hisobiga ishlaydi. Mustaqillik tufayli respublikaning o‘z temir ruda bazasiga ega bo‘lishi taqozo etilmoqda. Shuni hisobga olgan holda Samarqand, Qoraqalpog‘iston va Markaziy Qizilqum geologik-iqtisodiy mintaqalarida temir va marganes ruda konlarini qidirib topish ishlari jadal olib borilmoqda.
Nometall qazilma boyliklarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: tog‘-ruda ashyosi, tog‘-kimyo xomashyosi, qurilish materiallari, yerosti suvlari.
Tog‘-ruda xomashyosi, o‘z navbatida, erituvchan shpat, dala shpati-kvarsi (chaqmoqtosh) xomashyosi, vollastonit, asbest va boshqalardan tarkib topadi. Erituvchan shpatning O‘zbekistonda 30 ga yaqin konlari va ko‘rinishlari aniqlangan. Ular, asosan, Toshkentoldi geologiya-iqtisodiy mintaqasida joylashgan bo‘lib, Qurama va Chotqol mintaqalarida ham qidiruv ishlari olib borish ko‘zda tutilgan. Dala shpati kvarsi xomashyosining zaxiralari Navoiy viloyatida (Langar, Karmana) joylashgan. Ulardan keramika, farfor, shisha, fayans, emal idishlar ishlab chiqarishda keng foydalaniladi.
Surenota tizmasida Changi glaukonitli qumtoshlar koni bor. Chotqolda Zirabuloq – Ziyovutdin tog‘lari, magmatik, Qorjontovda cho‘kindi konlari ma’lum. Vollastonit respublikaning skarn-ruda maydonida uchraydi. Ohangaron kaolin ko‘mir konida olovbardosh materiallar, Farhod qoyalari konida dalomitlar, Sulton – Uvays tog‘ida talk va talk toshining sanoat ahamiyatidagi qotishmalari uchraydi. Ustyurt, Janubiy Orolbo‘yi, Sulton-Uvays, Markaziy Qizilqumda va Zirabuloq – Ziyovutdin tog‘laridagi bo‘r va paleogen yotqiziqlarida bentonit gillari konlari topilgan. Qimmatbaho va bezak toshlardan topaz, feruza, ametist, tog‘ xrustali, xalsedon, yashma, nefrit, amazonit, rodonit, agalmatolit, marmar oniksi va boshqalar uchraydi.
Kaolin yig‘indilari olovbardosh materiallar jumlasiga kirib, u Angren kaolin-ko‘mir konida joylashgan. Uning bazasida kulolchilik buyumlari kombinati qurilgan.
Tog‘-kimyo xomashyosi jumlasiga fosforitlar, tabiiy tuz, soda, agrokimyo xomashyosi kiradi. Sulfat, kaliy, osh tuzi konlari topib ishga tushirilgan. Borsakelmas, Boybichakon va Xo‘jaikonda osh tuzining bitmas-tugamas zaxiralari joylashgan.
Qurilish materiallarining 370 dan ortiq konlari hisobga olingan. Ularning 31 tasi sement xomashyosi, 29 tasi qoplama tosh, 13 tasi keramzit xomashyosi, 39 tasi qurilish toshlari, 175 tasi g‘isht xomashyosi, 67 tasi qum-gravil materiallari, 22 ta beton uchun qum va silikat buyumlari, 3 tasi shisha xomashyosi va boshqa konlardir.
Yerosti suvlarining ichimlik suvi, mineral suv, termal suv va sanoat suvi turlari mavjud. Yerosti ichimlik suvining taxminiy resurslari sutkasiga 22,5 mln. kub metr. O‘zbekistonda termal (issiq) suvlarning konlari Oqtov tog‘ oldida (Samarqand), Qurama tog‘ tizmasida (Namangan), Sirdaryo vodiysida (Farg‘ona vodiysi va Mirzacho‘l), Zarafshon daryosi bo‘ylarida ko‘plab uchraydi. Termal suvlardan balneologik maqsadlarda, shifobaxsh ichimlik sifatida va issiqxona xo‘jaliklari va boshqa maqsadlarda foydalaniladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, yuqorida qayd etilgan konlarning ko‘pchiligi XX asrning 50-yillarida ochilib, ishga tushirilgan edi. Tabiiyki, ularning ayrimlari o‘z xo‘jalik ahamiyatlarini bugun yo‘qotgan. Lekin hali ochilmagan konlar ham anchagina. O‘zbekiston mineral xomashyoning xilma-xil turlarini yetkazib beruvchi yirik respublikalardan bo‘lib keldi. Shunga qaramasdan, ular yalpi ichki mahsulot, milliy daromadni shakllantirishda katta o‘rin tutmasdi. Tog‘-sanoat majmuasi mahsulotlarining hissasi umumiy sanoat mahsuloti miqdorida rasmiy hisob-kitob ma’lumotlariga ko‘ra 5 foizdan ham oshmas edi. Chunki O‘zbekiston tog‘-sanoat majmuasi mahsulotlari xomashyo yoki yarimtayyor mahsulotlar sifatida respublika hududidan chiqib ketardi va undan uzoqda chuqur qayta ishlanib, tayyor tovar shaklini olardi.
O‘zbekiston mineral resurslari, birinchi navbatda, o‘zining boy zaxiralari va xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
Tog‘-kon majmuasi ishlab chiqarish hajmining o‘sishi, uning tarmoq va hududiy tuzilishining takomillashuvi ham davom etmoqda. Majmuada asosiy o‘rinni rangli metallurgiya egallaydi. Bu – O‘zbekiston tog‘-sanoat majmuasining yana bir o‘ziga xos xususiyatidir. Majmuada uning hissasi yalpi mahsulot va asosiy ishlab chiqarish fondlarining qiymati bo‘yicha 80 foizdan oshiqroq, sanoat ishlab chiqarish xodimlari bo‘yicha esa 70 foizdan kam emas. Undan keyingi o‘rinni qora metallurgiya egallaydi. Nometall-ruda sanoat majmuasi yalpi mahsuloti, asosiy ishlab chiqarish vositalari qiymati bo‘yicha 1 foiz atrofida bo‘lib, majmua sanoat ishlab chiqarish xodimlarining 2 foizini tashkil qiladi. Ular o‘rtasidagi nisbat iqtisodiyot ehtiyojlariga bog‘liq. Majmuaning hududiy tuzilishi esa yangi kon va shaxtalarning ochilishi bilan o‘zgarib turibdi.
Tog‘-sanoat majmuasi xomashyo va ishlab chiqarish bazasi iqtisodiy taraqqiyotning borishini ko‘p jihatdan belgilaydi. Albatta, fan-texnika taraqqiyoti mineral xomashyolar o‘rniga va ularga bo‘lgan talab darajasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bir tomondan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning material sig‘imi kamayadi, sun’iy materiallar va ikkilamchi resurslar ishlab chiqarishga ko‘proq e’tibor beriladi. Ammo bu mineral resurslarning ahamiyati pasayadi, degani emas. Ularning ahamiyati oshib boradi. Hech qanday sun’iy material tabiiy mineral xomashyoning o‘rnini bosa olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |