4-Mavzu.O‘ZBEKISTONNING DEMOGRAFIK SALOHIYaTI
Reja
4.1. Mamlakatning iqtisodiy salohiyati tushunchasi
4.2. Aholining tabiiy o‘sishi
4.3. Aholi tarkibi
4.4. Mehnat resurslari va ulardan foydalanish
4.5. Mehnat bozori va bandlik
Iqtisodiy salohiyat tushunchasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga erishish maqsadida foydalanish mumkin bo‘lgan barcha manbalar, imkoniyatlar, vositalar va zaxiralarni anglatadi. Makrodarajada yalpi iqtisodiy salohiyat deganda ichki va tashqi bozorlar talabiga muvofiq milliy iqtisodiyotning maksimal mumkin darajadagi tovar va xizmatlar ishlab chiqarish qobiliyati tushuniladi.
Ijtimoiy ishlab chiqarish va iste’molning texnik darajasi, hajmi va tarkibi, milliy iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarning sifati, shuningdek, mamlakat hududi va chet ellarda jamg‘arilgan qiymatlar, mehnat va tabiat resurslari mamlakat yalpi iqtisodiy salohiyatining rivojlanish darajasini belgilaydi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport va aloqa sohalarining ishlab chiqarish quvvatlari, ishlab chiqarish, ijtimoiy va ekologik infratuzilma, mehnat resurslari, shu jumladan, malakali kadrlar iqtisodiy salohiyatni belgilovchi omillar bo‘lib hisoblanadi.
Shunday qilib, O‘zbekistonning yalpi iqtisodiy salohiyatini tashkil etuvchi muhim omillar quyidagilardir:
– aholi va mehnat resurslari;
– tabiiy resurslar;
– ilmiy, ilmiy-texnika va innovatsion resurslar;
– ishlab chiqarish resurslari;
– investitsiya resurslari;
– tashqi iqtisodiy resurslar;
– ekologik resurslar.
Mamlakatning yalpi iqtisodiy salohiyatini baholash uchun quyidagi ko‘rsatkich – indikatorlardan foydalaniladi:
– aholi soni, uning yosh tarkibi, aholining tabiiy va mexanik harakati;
– mehnat resurslari, ularning tarkibi, bozor iqtisodiyoti va fan-texnika taraqqiyoti talablariga muvofiq ishchi kuchi va malakali kadrlar bilan ta’minlanganlik;
– inson salohiyatining rivojlanish indeksi;
– asosiy ishlab chiqarish fondlarining qiymati, tarkibi, ularni takror ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari;
– yalpi milliy mahsulot, yalpi ichki mahsulot, ularni aholi jon boshiga ishlab chiqarish (rivojlangan mamlakatlar bilan taqqoslash);
– sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish, yuk va yo‘lovchilar tashish hajmlarining o‘sish imkoniyatlari;
– ilmiy asoslangan me’yorlar hamda rivojlangan mamlakatlar taqqoslanganda aholi jon boshiga moddiy ne’matlar va xizmatlarni iste’mol qilish darajasi;
– mineral xomashyo, yoqilg‘i-energetika, suv va yer resurslarining zaxiralari va ulardan foydalanish darajasi;
– ekotizimning ekologik sig‘imi, atrof-muhitning ifloslanish darajasi.
Iqtisodiy salohiyat nafaqat resurs va ishlab chiqarish quvvatlarining mutlaq miqdoriga, balki ulardan foydalanish darajasiga ham bog‘liq. Yalpi iqtisodiy salohiyatning yuqori darajasiga rivojlangan ishlab chiqarish kuchlari va bozor iqtisodiyotiga erishgan mamlakatlargina ega.
Yalpi iqtisodiy salohiyat rivojlanishining asosiy qonuniyati uning barcha qismlarini maqsadga muvofiq va har tomonlama qo‘shib olib borishdir, bu holat aholi turmush darajasini oshirishga olib keladi.
Yalpi iqtisodiy salohiyat tarkibida tabiiy resurs imkoniyatlari alohida o‘rin tutadi. Tabiiy shart-sharoitlar va resurslar iqtisodiy rivojlanishning muhim omillaridan hisoblanadi. Yerning tabiiy holatidan, tuproq unumdorligi, iqlim xususiyatlari, o‘simlik va hayvonot dunyosi, daryolar, ko‘llar, yer osti boyliklari, havoning tozaligi ko‘p jihatlardan har qanday mamlakatning rivojlanishini, kishilarning turmush farovonligini belgilaydi.
Tabiat yoki tabiiy resurslar tabiat olamining komponentlari bo‘lib, ishlab chiqarish kuchlari rivojlanishining hozirgi bosqichida ulardan ishlab chiqarish vositalari va iste’mol predmetlari sifatida foydalaniladi yoki foydalanish mumkin. O‘zining moddiy shakliga ko‘ra ular tabiatning tanasi va kuchini tashkil etadi.
Tabiat resurslari mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishida tabiiy asos bo‘lib xizmat qiladi, shuning uchun ham tabiiy resurs imkoniyatlarining mohiyatini ochib berish va ularni iqtisodiy baholash muhim ahamiyatga ega.
Tabiiy resurs imkoniyatlari deganda, hozirgi texnik va ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar doirasida foydalanilayotgan yoki xo‘jalik faoliyatiga tortilishi mumkin bo‘lgan jami tabiiy resurslar tushunilishi lozim.
Tabiiy resurs imkoniyatlarining hajmi – bu tabiiy resurslarning alohida turlari – yer, suv, mineral xomashyo va boshqalarning umumiy summasi bilan belgilanadi. Buning uchun ball tizimi, qiymat ko‘rsatkichlari va mutlaq energetik imkoniyatlardan foydalanish mumkin. Bozor iqtisodiyoti sharoitida tabiiy resurs imkoniyatlarini qiymat shaklida baholash muhim ahamiyatga ega. Ammo tabiat resurslarining barcha turlarini yagona metodologiya asosida iqtisodiy baholashni amalga oshirish murakkab masala. Shuning uchun ham tabiiy resurs imkoniyatlari hajmini natural-moddiy ko‘rsatkichlar (zaxiralar miqdori, maydonning mahsuldorligi) miqdor jihatdan to‘liqroq ifodalaydi.
Tabiiy resurs imkoniyatlari – mamlakat milliy boyligining muhim qismidir. MDH davlatlari bilan taqqoslaganda O‘zbekiston tabiiy resurslarga ancha boy.
Do'stlaringiz bilan baham: |