Turizm industriyasi va infratuzilmasi.
Reja:
Turizm industriyasi, turizm infratuzilmasi tushunchalarining mohiyati va tarkibiy qismi.
Turoperatorlar va turagentlar faoliyati.
Turistlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish infratuzilmasi.
O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari.
Turizm industriyasi
Bugungi kunda «turizm industriyasi» tushunchasining ko‘plab ta’riflari mavjud bo‘lib, bunday ta’riflardan eng ishonchli va mukammalroqlaridan biri Birlashgan MillatlarTashkilotining 1971-yilda o‘tkazilgan savdo va taraqqiyotga bag‘ishlangan anjumanida berilgan edi. Ushbu anjumanda e’tirof etilganidek, turizm industriyasi turistlar ehtiyojini qondirish uchun turistik mahsulotlar yaratishga yo‘naltirilgan barcha turistik tashkilotlarning turli faoliyatlar yig‘indisidan iborat. Keyingi yillar davomida ushbu ta’rifning mazmun va mohiyatini aniqlash hamda turizm industriyasining tarkibiy qismlarini tavsiflash yo‘lida ko‘plab tadqiqotlar bo‘ldi. Ammo bunga qo‘l urgan tadqiqotchi va amaliyotchilar turli qiyinchilik to‘siqlarga duch keldilar. Bunday qiyinchiliklarning yuzaga kelishiga asosiy sabab turizm industriyasining iqtisodiyotning boshqa sohalari bilan chambarchas bog‘liqligidadir.
Turizmning keng darajadagi ehtiyojini qondirishda sanoat va qishloq xo‘jaligi, qurilish va savdo sohalari yagona, alohida bir tuzilmalar sifatida ishtirok etadilar. Shu sababli, turizm industriyasini boshqa sohalardan keskin chegaralash o‘ta mushkul masaladir. Hozirgi kunda faol iste’molchi o‘ziga kerakli, xizmatlar haqida individual tasavvurini shakllantiradi va bu taklifga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Natijada turizm industriyasi o‘z tarkibini o‘zgartirib, yangi, zamonaviy turistning xohish-istaklari hisobga olingan turistik-rekreatsion ob’ektlarni yaratadi hamda turistlarga xizmat ko‘rsatish sohasiga yashash tarzining qulayligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning yuqori sifatliligini, originalligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan yangi faoliyat turlarini jalb etadi. Bu esa, o‘z navbatida, turizm infratuzilmasini tashkil etuvchi muhit va resurslardan jadal foydalanishga hamda avvallari turistik hisoblanmagan yangi resurslarni (qishloq va ekologik turizm) muomalaga jalb etishga undaydi. Turizm industriyasi mavjud resurslardan shunchaki foydalanib qolmasdan, balki muhitga nisbatan o‘z individual talabini shakllantirib, o‘zaro ta’sir harakterini o‘zgartiradi.
Turizm industriyasi – bu mehmonxonalar va joylashtirish vositalari, transport vositalari, umumiy ovqatlanish ob’ektlari, ko‘ngil ochish ob’ektlari va vositalari, davolash, sog‘lomlashtirish, sportga doir, diniy-marosimchilik, ishbilarmonlikka va boshqa maqsadlarga molik vositalar, turizm operatorlari va turizm agentligini amalga oshiruvchi, shuningdek, turizm infratuzilma tashkilotlari majmuidan iborat bo‘ladi.
Turistik industriya – turistik faoliyatning turistlarga xizmat ko‘rsatishini ta’minlovchi turli sub’ektlar (mehmonxonalar, turistik komplekslar, kempinglar, motellar, pansionatlar, umumiy ovqatlanish, transport korxonalari, madaniyat, eksport muassasalari va boshqalar) majmui, deb berilgan. Taraqqiyotning hozirgi bosqichida mamlakatning yoki turistik markazning ijtimoiy tuzilishidan qat’iy nazar turizm industriyasida turistik faoliyatni amalga oshiruvchi bir qancha turli xildagi korxonalar, chunonchi: turizmni tashkillashtiruvchi turoperator va turistik agentliklar mavjud. Bundan tashqari turistlarni tashuvchi, mehmonxonalar va joylashtirish tizimining boshqa korxonalari, umumiy ovqatlanish, attraksionlar va ko‘ngil ochar joylari, shuningdek, ular qatoriga bank sohasidagi muassasalar, sug‘urta xizmati va boshqalar kiradi. Turizmning maxsus turlarida davolash muassasalari, o‘qitish tizimi muassasalari hamda aniq turistik mahsulotning maqsadlariga muvofiq keladigan sport va boshqa muassasalar ishtirok etishlari mumkin. Bu tashkilotlarning barchasi bir-birlarini uyg‘un ravishda to‘ldirishi va iste’molchi uchun zarur bo‘lgan hamda assortiment bo‘yicha yetarli darajadagi barcha xizmatlarni ko‘rsatadi. Turizm infratuzilmasi tushunchasi- turistik faoliyatni amalga oshirishda turistlarning turistik resurslaridan bemalol foydalanishini ta’minlovchi bino va inshoatlar tizimi, muxandislik va kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan yo‘llar, turizmning turli xizmat ko‘rsatish korxonalari va ularni kerakli darajada ishlatish va ta’minlash tushuniladi. Bu avtomobil va temir yo‘llar, yo‘l harakatini, havo yo‘llarini, dengiz va daryo yo‘lari harakatini tartibga soluvchi, issiqlik, suv, elektr va telefon aloqalari bilan ta’minlash va boshqa kommunikatsiya tizimlaridir. Ma’lumki, turizm sohasida turistik resurslari, ya’ni tabiiy-iqlim, tarixiy-madaniy, ma’rifiy, ijtimoiy-maishiy turizm ob’ektlari bo‘lgan hududlarda kerakli infratuzilmani yaratish muhim masalalardan biri hisoblanadi. Yo‘llarning ravonligiga qarab ham sayyohlar oqimining oshishi yoki kamayishi mumkin. Yo‘llar, bozorlar mamlakatning iqtisodiy va madaniy ahvoli qay darajada rivojlanganidan dalolat beradi.
Turist-avvalo dam oluvchi bo‘lib, unga ko‘rsatiladigan xizmatlar iste’molchisi ekanligini unutmasligimiz lozim. Bular nafaqat avtomobil yo‘llari, shuningdek, temir yo‘llarga ham taa’luqlidir. Vokzal va po‘ezd relslaridan tortib, uning ichidagi kommunikatsiya va muhandislik tarmoqlarining barchasi – turizm infratuzilmasining tarkibiy qismi bo‘lib hisoblanadi. Nafaqat avtomobil yoki temir yo‘llar, xatto turistlar uchun maxsus ajratilgan yo‘llar va yo‘laklar ham talab darajasida bo‘lmog‘i kerak. Mehmonxona va shunga tenglashtirilgan joylardagi kommunikatsiya va muxandislik tarmoqlarida ham muammolar bo‘lmasligi turizm sohasining yangi pog‘onalarga ko‘tarilishida o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. Bir tasavvur qilib ko‘raylik: issiqlik tarmog‘i ishlamaydigan, elektr tarmog‘i past, kanalizatsiya tarmog‘i bo‘lmagan yoki ichimlik suvi talab darajada bo‘lmagan mehmonxonalarda turistning bo‘lishi, bular va boshqalar turizm infratuzilmasining rivojlanishidagi kechiktirib bo‘lmas va tezda xal qilinishi zarur bo‘lgan muammolardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, olis, tog‘li joylar, yo‘l trassalari kabi hududlarda bu muammolarni hal etish katta kapital mablag‘ talab qiladi. Hozir Respublikamizning avtomobillar qatnaydigan trassalarida shoh bekatlarning ahvoli xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatadigan darajada emas. Turistlar tezda hojatini chiqarib oladigan yoki zarur tibbiy yordam beriladigan ob’ektlarning zamon talabi darajasida emasligi infratuzilma ob’ektlarini qurish borasidagi dolzarb ishlar qatoriga kiradi. Bir vaqtlar Buyuk ipak yo‘li o‘tgan joylardagi muhim maskanlarda karvonsaroylar bo‘lgan. Karvonsaroylar savdo karvonlari uchun hozirgi vaqtlardagi mehmonxonalar xo‘jaligi vazifasini o‘tagan. Unda karvonlar va savdogarlar tunaydigan xonalardan tortib, ichimlik suvi, ovqatlanish xizmati va boshqa xizmatlar (tabiblar, mashshoqlar, qo‘riqchilar) o‘z joyiga qo‘yilgan. Yurtimiz ko‘hna tarix va madaniyatga ega. Hozirda kanalizatsiya deb ataluvchi tarmoq bundan uch ming yil avval xizmat ko‘rsatganligini isbotlovchi dalillarni arxeologiya sohasi olimlarimiz tadqiqot ishlarida ko‘rsatib berishgan. Bu esa kommunikatsiya tarmoqlari, ichimlik suvi (sardobalar) maxsus quvurlar kulolchilik mahsulotlari sopol quvurlar orqali olib kelinganligidan daloldat beradi. Mana shunday tarixiy, an’anaviy merosimizni yana tiklash, zamonaviy holatga keltirish ham bugungi kuning dolzarb masalasidir. Hozirgi paytda turizm infratuzilmasida bank va moliyaviy tashkilotlar – xizmatlarning o‘rni alohida. Turistlar sayohatda va dam olishda xilma-xil xizmat turlaridan foydalanishni xoxlaydilar. Ya’ni, o‘z xohishi bo‘yicha biror narsa sotib olishni istashadi. Bunda ular ko‘ngil ochish uchun har kuni ko‘p miqdorda pul sarflashadi. Pulni ayniqsa, katta miqdordagi pulni ko‘tarib yurish, turistlarga noqulaylik va qiyinchiliklar tug‘diradi. Turistlarning ko‘p miqdorda pulni olib yurishi o‘g‘rilarni, qaroqchi va tovlamachilarni va har-xil turdagi jinoyatchilarning jinoiy harakat qilishlariga olib keladi. Turizm sohasi tashkil topishi bilanoq, to‘g‘rilanishi va tartibga olinishi mumkin bo‘lgan xavfsiz pul bilan ta’minlash muammosi paydo bo‘ldi.
Axborot xizmati ham turizm infratuzilmasida turistlarga ham va uning tashkilotchilariga ham juda zarurdir. Turist sayohatga tayyorlanayotganda hamda sayohat vaqtida o‘zi boradigan joy haqida o‘sha mamlakat yoki boradigan hududning qonun-qoidalari, odatlari, mexmondo‘stligi haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarga, shuningdek, o‘sha joyning haritasiga, transport magistrallari sxemasiga muhtoj bo‘ladi. Sayohat va turistlarning sarguzashtlari haqidagi ma’lumotlar ommabop va maxsus adabiyotlar ko‘rinishida chop etiladi va bu holat turistlarni samarali sayohat qilishga chorlaydi. Turizm infratuzilmasini zamonaviy kompyuter xizmatisiz tasavvur etish qiyin. Tezkor axborot va so‘zlashuv, yangiliklardan xabardorlik turizmning muhim bir jihatidir. Hozirgi turist internet, faks va boshqa zamonaviy texnika vositalaridan foydalanishiga talab turizm infratuzilmasini qay darajada ekanligidan yana bir nishonadir. Zamonaviy elektron vositalari, shu jumladan, turistik xizmatlar, turistik markazlar haqidagi ma’lumotlar joylashgan millionlab saytlarga ega bo‘lgan Internet tarmoqlari nafaqat sayohat va turistik agentliklarni tanlash, hattoki, tur sayohatning chiptalari, xizmatlar uchun to‘lovlarni ham oldindan tayinlab qo‘yish mumkin. Tasniflanadigan belgilarning turlari bo‘yicha turizm industriyasi va infratuzilmasining tarkibiy qismi quyidagi rasmda batafsil ifodalangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |