Aim.uz
Turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi turistik korxonalarga litsenziya berish tartiblari
Turizm sohasini litsenziyalashga doir faoliyatni tashkillashtirilishini tahlil qilish natijasida jahon tajribasi va Butunjahon Turistik Tashkilotining ba’zi bir tavsiyalaridan kelib chiqqan holda respublikamizda turizmni davlat tomonidan tartibga solinishi yuzasidan ba’zi bir mulohazalarni bildirish maqsadga muvofiqdir. Jumladan turizmda faoliyat sohasi sifatida uchta tomon ishtirok etadi:
1.Turistik mahsulot va xizmatlarni iste‘mol qiluvchi turistlar.
2.Turistik mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqaruvchi va sotuvchi turistik firmalar (ushbu holatda turistlarga xizmat ko‘rsatishga u yoki bu munosabatda bo‘lgan barcha tashkilotlar).
3.Turizm faoliyatini litsenziyalash bilan shug‘ullanuvchi shuningdek tegishli ma’muriy-huquqiy va boshqa vazifalarni amalga oshiruvchi (pasport, viza, chegara, bojxona, sanitariya-epidemiologiya va h.k.) davlat idoralari.
Ushbu uchta tomonlar: “Turistlar” - “Turistik firmalar” - “Davlat” o‘zaro munosabatlarida bir “Uchburchak”ni tashkil etadilar. Jahonning har qanday davlatida ushbu “Uchburchak” har bo‘g‘inining ya’ni “Turistlar-turistik firmalari”, “turistik firmalar-davlat”, “turist- davlat” o‘zaro munosabatlari tegishli qonunchilik bilan tartibga solinadi. Masalan, O‘zbekistonda bular jumlasiga “Korxonalar to‘g‘risida”, “iste’molchilarning huquqlarini himoyalash to‘g‘risida” va boshqa qonunlarni kiritish mumkin. Asta-sekinlik bilan ushbu qonunchilik yanada aniqlashtirilib va to‘ldirilib borilmoqda. Sof holatda yuqorida qayd etilgan qonunlar o‘zaro munosabatlarining har bir elementi huquqiy me’yorlar bilan tartibga solinishi lozim. Lekin, qancha davlat bo‘lsa, shuncha o‘ziga xos jihatlar ham mavjuddir. Amalda har bir davlatda qayd etilgan “uchburchak” ning u yoki bu tomoniga alohida e’tibor qaratgan holda turizmni tartibga solish yuzasidan o‘z yondashuvlari ishlab chiqilgan.
O‘zbekistonda ko‘pchilik boshqa mamlakatlar singari, asosiy e’tibor “turistik firma-davlat” munosabatlarini tartibga solishga yo‘nalti‘rilgan. Bu hol avvalombor, turistik faoliyatni litsenziyalash shaklini, ya’ni davlatning yuridik shaxslariga berilgan muayyan ruxsatnomasi bilan amalga oshiriladi. Lekin bundan litsenziya berish jarayoni alohida ahamiyat kasb etmaydi (ushbu ruxsatnomani olish qiyinligi va osonligidagan qa’tiy nazar). Turizm faoliyatining litsenziyada ko‘rsatilgan va ko‘rsatilmagan boshqa shartlarini to‘liq bajarilishini nazorat qilib boradigan davlat mexanizmining rivojlanganligi va samarali faoliyat yuritishi va tegishli hollarda o‘rnatilgan tartibga rioya qilinishini ta’minlash uchun zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rishi muhim ahamiyatga egadir. Zero, bunday mexanizm mavjud bo‘lmagan holda litsenziyalash turistik mahsulot sifati ustidan nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |