URGANJI. Tuman markazidan 8 km shimolda, Jo’yrabot kishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan qadimiy qishloq. Qishloq aholisi, asli Xorazmping Fitpak qishlog’idan bo’lgan. Quldorlik tuzumi davrida turkman kabilalari qishloqlarga qo’qqisdan hujum qilib erkagu ayol, yoshu-qarini Buxoro, Eron, Afg’oniston kabi yurtlarga qul qilib sotish bilan shug’ullanganlar. Hozirgi Urganji qishlog’iga bir necha qul shu tariqa kelib qolgan. Ular erli xalq bilan qo’shilib ketgan. Keyinchalik ular ozod bo’lgach, qishloqlariga «Urganji» deb nom berganlar.
Tarixdan ma’lumki, Chingizxon Xorazmni ishg’ol qilgach, uni vayron qilgan, juda ko’p kishi qilichdan o’tkazilgan, hunarmandlar Buxoroga olib kelingan. Bundan tashqari XVIII asrda tabiiy ofat tufayli ham ko’plab xorazmliklar turli yurtlarga borib qolganlar. «Urganj» so’zining kelib chiqishi haqida manbalarda turlicha ma’lumotlar bor. «Hur» — quyosh (yoki baxt), «ganj» — xazina, ya’ni «Baxt xazinasi» ma’nosini bildiradi. Yana «taxt, saroy» degan ma’noni ham bildiradi. Akademik V. V Bartold esa «Avesto»dagi «Urva» so’zini shu nom bilan aloqador deb hisoblagan.
FURUG’UN. Tuman markazidai 5 km shimoli-sharqda, Tezguzar qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Furug’un — Xorazm lahjasida «diydorlashuv» ma’nosini ifodalaydi. Aholisi ko’hna Urganj tomonlardan zamona zayli bilan ko’chib kelgan. Ular ancha vaqt o’z qarindosh-urug’lari bilan bordi-keldi qilolmay yurishgan. Zamonlar o’tib urganjlik birodarlari izlab, qidirib kelishadi va hozirgi Furug’unda ular uchrashadilar. Shu tariqa bu joy Furugun (diydorlashuv) deb atalgan ekan.
SHIBIRG’ON. Tuman markazidan 7 km sharqda, Do’rman qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Shibirg’on — Afg’onistondagi qadimiy shahar nomi. Rivoyatlarga ko’ra, shibirg’onlik bir yigit shu qishloqqa kelib qoladi. U o’ta pahlavon, dong taratgan kurashchi bo’lsada, unga hech kim qiz bermaydi. Polvon or ustida Shibirg’ondan uylanadi va uni shu qishloqqa olib keladi. Zamonlar o’tib, uiing avlodlari ko’payib ketib, qishloq Shibirg’on deb ataladigan bo’ladi. Shibirg’onliklar qadimdan o’ta badjahl, matonatli kishilar bo’lgan. Qadimda qishloq Qorako’liyon, ya’ni qorako’lliklar, Joydori, Qumrabot yoki Qumbosti, Shibirg’on to’plaridan iborat bo’lib, 4 ta masjidi bo’lgan. Hozirgi kunda qishloqda 3 ta masjid mavjud. Zarafshon daryosining suvi kamayib, Qorako’l tomonlarga bormay qo’ygach, bir guruh aholi shu qishloqqa ko’chib kelgan. Keksalarning aytishicha, yaqin-yaqin yillargacha bular Qorako’ldagi avlodlari bilan bordi-keldi qilishgan. Qumrabotliklar esa ko’hna Vardonzeni qum bosishi tufayli ko’chib kelishgan. Joydori esa «asli shu erlik» degan ma’noni bildiradi.
Zahiriddin Muhammad Bobur 1500—1501 yillarda qisqa muddat shu qishloqda qo’nib, Shanboniy bilan Saripul atrofida bo’lgan jangga tayyorgarlik ko’rganligi haqida rivoyat bor. Keksalarning aytishicha, yaqin-yaqingacha Bobur yashagan uy e’zozlanib saqlangan, tabiiy ofatlar hamda e’tiborsizlik tufayli hozir bu uydan nishon ham qolmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |