1.2. Zarafshon havzasining iqlim sharoiti, tuproqlari va organik dunyosi
Zarafshon havzasi B.P.Alisovning iqlim klassifikatsiyasi bo’yicha bo’yicha Osiyoning kontinental subtropik iqlimiga kiradi. Bu tipdagi iqlimning asosiy xususiyatlari yorug`lik va issiqlikning kattaligi, yog`in miqdorining kamligi, kun oy hamda fasllar davomida havo haroratining keskin o’zgarib turishida aks etadi.
Mahalliy iqlimshunoslar hududni iqlimiy jihatdan turlicha rayonlashtirganlar. Masalan, ushbu yo’nalishdagi tadqiqotchilardan Ye.M.Balashova hamda O.M.Jitomirskaya Zarafshon havzasini quyidagi to’rtta kichik iqlimiy rayonga bo’lgan: 1) janubi-g`arbiy; 2) Nurota 3) Markaziy Zarafshon 4) sharqiy tog`oldi rayonlari.
Ulardan farqli ravishda L.N.Babushkin va A.V.Xisomovlar (1965) Janubi-g`arbiy O’zbekistonni iqlimiy rayonlashtirishda O’rta Zarafshonni quyidagi ikkita kichik iqlimiy rayonga bo’lishgan: 1) Shimoliy Samarqand 2) Janubiy Samarqand. Bu iqlimiy rayonlashtirishlarda chegaralar bir biriga aynan mos kelmaydi.
Havzaning bunday iqlimiy xususiyatlari uninggeografik o’rni bilan bog`liq. Yuqori va O’rta Zarafshonning Turkiston, Zarafshon va Hisor tog` tizmalari hamda ularning tarmoqlari bilan, Quyi Zarafshonning esa shimol, g`arb, janub va sharq tomonlardan Qizilqum cho’li bilan o’rab olinganligi havzaning iqlim sharoitidagi o’ziga xoslikni keltirib chiqaradi. Umuman olganda, havzaning g`arbidan sharqiga borgan sari havo harorati, yog`in miqdori va iqlimning boshqa elementlari sezilarli darajada o’zgarib boradi. Shu tufayli Quyi, O’rta va Yuqori Zarafshon havzalari iqlimiy ko’rsatkichlari bo’yicha bir-biridan keskin farq qiladi.
Havzaning Yuqori Zarafshon, ya’ni Hisor-Oloy qismi, tog`li o’lka bo’lganligi sababli, bu yerlardagi tog` tizmalari yonbag`irlarida balandlik iqlim mintaqalari yaqqol ko’zga tashlanadi. Tog` tizmalari yonbag`irlarida, tog` etaklaridan boshlab, yuqoriga qarab, bir qancha iqlim mintaqalari almashinadi. Biroq, ushbu iqlim mintaqalari havzani o’rab turgan turli tog` tizmalari yonbag`irlarida, ularning ekspozitsiyalariga mos holda, turli balandlikda joylashgan.
Tog` tizmalarining dengiz sathidan 350-450 metrgacha balandlikdagi yonbag`irlari, ya’ni tog` etaklari, asosan, cho’l iqlim mintaqasiga mos keladi. Bu mintaqada iqlim keskin kontinental, havo haroratining kunlik va yillik amplitudasi katta, yog`ingarchilik miqdori, nisbiy namlik va bulutli kunlar kam. Qish qisqa, unchalik sovuq emas, yoz esa uzoq vaqt davom etadi, havo harorati ancha yuqori. Yog`ingarchilik miqdori kam (350-500 mm.)
Tog` tizmalarining 1500 m balandlikkacha bo’lgan qismi (adir, past tog`, qisman tog` etagi) da dasht iqlim mintaqasi o’rin olgan. Mazkur mintaqada qish qisqa, yoz uzoq davom etadi. Iyulning o’rtacha harorati 20-25 0C. Eng yuqori harorat 35 -40 0S gacha ko’tariladi. Hududning g`arbiy qismidagi harorat sharqiy qismiga nisbatan yuqoriroq. Yanvar oyining o’rtacha harorati -5, -70C, mutloq minimum esa -25, ba’zan -30 0C gacha pasayadi. Yog`ingarchilikning yillik miqdori 700 mm ni tashkil etadi.
Dengiz sathidan 1500 metrdan 3500 metrgacha balandliklarda tipik tog` iqlimi hukm suradi. Bu mintaqada iqlim ancha sovuq va namroq. Yillik yog`ingarchilik miqdori tizmalarning g`arb va shimoli-g`arbga qaragan baland qismlarida 1000 mm dan ziyodroq. Bu mintaqadan yanada balandroqqa ko’tarilsak, qor va nival iqlim mintaqasi keladi. Ular havzadagi tog` tizmalarining eng baland qismlarini ishg`ol etadi.
O’rta Zarafshon havzasining eng chekka g`arbiy va eng chekka sharqiy qismlarida havoning o’rtacha sutkalik harorati +10 0C dan yuqori bo’ladigan davrlar yig`indisi 15-18 kungacha farq qiladi. Havo haroratlaridagi bunday farqlarning asosiy sabablaridan biri har ikki qism egallagan hududlarning mutloq balandliklaridagi farqlarda bo’lsa, ikkinchi sababi – O’rta Zarafshonning g`arbiy qismlari tutashib ketgan Qizilqum cho’lining bahorning o’rtalari va oxiridan qiziy boshlashidir.
O’rta Zarafshonda yilning iliq davrlarida havo haroratining yuqoriligi havoda nisbiy namlikning past bo’lishiga sabab bo’ladi. Kunduzgi o’rtacha nisbiy namlik 24%dan 61% gachao’zgarib turadi. Ma’lumki, iqlimning quruqligini bildiradigan mezonlardan biri atmosfera havosi nisbiy namligining 30% dan kam bo’lgan kunlar sonidir. Bunday kunlar O’rta Zarafshonning g`arbida, masalan, Navoiy shahrida o’rtacha 179,9 kunni, sharqida, masalan, Samarqand shahrida esa 127,9 kunni tashkil etadi. Nisbiy namlikdagi keskin farqlar aprel oyidan boshlab havo haroratining ko’tarilishi bilan sezilarli bo’ladi. Havo namligining kamayishi bilan o’simliklardan bug`lanish, ya’ni transpiratsiya jarayoni kuchayadi, bu esa yoz oylarida ularni tez-tez sug`orishni talab qiladi. Havodagi nisbiy namlikning kamligi tufayli hududning g`arbiy qismida sug`orish me’yori sharqiy qismiga nisbatan ancha yuqoridir.
Zarafshon daryosi havzasining o’rta qismiga tushadigan yog`inlar miqdori ham uning g`arbiy va sharqiy qismlaridan ancha katta qiymatlarda farq qiladi. Masalan, uning g`arbiy qismlarida yillik yog`in miqdori kam bo’lib, atigi 120-150 mm ga yetadi. G`arbdan sharqqa borgan sari yillik yog`inlar miqdori ortadi. Masalan, yil davomida Navoiy shahriga o’rtacha 180-200 mm yog`in tushsa, Omonqo’tonda o’rtacha ko’p yillik yog`in miqdori 900-950 mm ni tashkil etadi.
Ma’lumki, Quyi Zarafshon havzaning boshqa qismlariga nisbatan janubiy kengliklarda joylashgan. Shu tufayli uning iqlmiy sharoitlari o’ziga xoslini bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Bu yerda yanvarning o’rtacha harorati iliq bo’lib, +10C dan -1,50C gacha tebranadi. Hududda mutloq past haroratning -250C, ayrim joylarda -270C gacha tushishi qayd etilgan. Bu yerlarda haqiqiy qish 1 oy atrofida davom etadi. Lekin, yozi issiq, jumladan, iyulning o’rtacha harorati +300C, ayrim joylarda +310C, eng yuqori harorat +460C gacha ko’tarilishi, ba’zan undan ham yuqori bo’lishi mumkin. Hududda havo ancha quruq bo’lib, uning nisbiy namligi yozda 17-24 % atrofida bo’ladi.
Quyi Zarafshonda yog`in juda kam tushadi (95-122 mm), yog`inlarning asosiy qismi sovuq yarim yillikda yog`adi. Hududni o’rab turgan Qizilqumda yillik yog`in miqdori 100 m ga ham yetmaydi.
Yil davomida shamolning o’rtacha tezligi sekundiga 3 m dan (Kogon) 5,4 (Jengeldi) gacha o’zgaradi. Shamol kunduzlari kuchliroq esadi. Masalan, Kogonda iyulda shamolning tezligi sekundiga 5,2 m dan 6,3 m gacha ortadi. Shamol ko’proq shimol (Qorako’lda 31 %, Jengeldida 24%) va shimoli-sharqiy (Jengeldida 40%, Qorako’lda 24%) yo’nalishlarda esadi. Eng kuchli shamol tezligi sekundiga 18-25 m gacha boradi, ba’zan undan ham ortadi.
Zarafshon havzasining tekislik va tog`li qismlardan iborat ekanligini hisobga olgan holda, quyidagilarni qayd etish lozim:
1) hudud g`arbdan sharqqa tomon cho’zilgan bo’lib, uning yer sirti relyefi ham sharqqa tomon balandlashib boradi;
2) havzaning relyefidagi ushbu o’zgarish tufayli, uning harorat rejimi va yog`inlar miqdori ham g`arbdan sharqqa tomon o’zgarib boradi;
3) yillik o’rtacha havo harorati havzaning tekislik qismida 12-15 0C ni, uning tog`li qismida esa 0,7-12 0C ni tashkil etadi;
4) yozda vodiyning tekislik qismida havo harorati issiq bo’lib, yuqori haroratli kunlar uzoq davom etadi, iyul oyidagi o’rtacha havo harorati 25-290C, tog`li qismida esa 20-7,70C atrofida bo’ladi;
5) eng yuqori havo harorati tekisliklarda 44-460C gacha, tog`larda esa 330C gacha ko’tariladi;
6) qish havzaning tekislik qismida ancha iliq bo’lib, havo harorati yanvarda o’rtacha 00C dan -1,30C gacha, tog`li qismida esa -30C dan -100C gacha pasayadi, eng past harorat, ya’ni -350C havzaning tog`li qismida qayd etilgan;
7) havzada yillik yog`in miqdori g`arbdan sharqqa tomon ortib boradi, jumladan, tekisliklarda 80-100 mm, Omonqo’ton tog`larida 800-1000 mm, havzaning Zarafshon va Turkiston tog` tizmalari tutashgan sharqiy chekka qismlarida esa 1500-2000- mm atrofida yog`in tushadi, uning asosiy qismi sovuq yarim yillikka to’g`ri keladi.
Tuproq, organik dunyosi. Zarafshon havzasida tuproq va o’simlik qoplami o’ziga xos balandlik mintaqalarini hosil qilgan. Havzaning eng pastki, ya’ni 400-500 m balandlikkacha bo’lgan yerllari cho’l mintaqasiga kiradi. Bu mintaqada och bo’z tuproq tarqalgan bo’lib, unda asosan arpag`on, taroqbosh, lolaqizg`aldoq, qoramashoq, kovrak, chitir va boshqalar o’sadi. Ushbu mintaqaning toshloq yerlarida esa shuvoq, burgan kabilar uchraydi.
Zarafshon havzasida cho’l mintaqasidan so’ng adirlar boshlanib, ularning balandligi 500 metrdan 1200 metrgacha bo’lgan yerlarni o’z ichiga oladi. Bu yerlarda tipik va to’q tusli bo’z tuproq tarqalgan. Ushbu mintaqada qo’ng`irbosh, no’xatak, yo’ng`ichqa, yaltirbosh, oqquray, gulxayri, sasir, qasmaldoq, chalov yetmak Zarafshon kabi o’tlar hamda na’matak singari butalar o’sadi.
Havzaning 1200 metrdan 2700 metrgacha bo’lgan qismi tog` mintaqasidan iborat bo’lib, bu yerlarda jigarrang va qo’ng`ir tog`-o’rmon tuproqlari uchraydi. Bu tuproqlarda o’tlardan tak-tak, taroqbosh, chayir, butalardan esa uchqat, bodomcha, daraxtlardan – archa o’sadi. Havzaning 2700 m dan baland qismi yaylov mintaqasidan iborat, tuprog`i jigarrangdir.
Tuproqlari. O`lkaning sug‘oriladigan qismida chirindisi 1-2 foiz bo`lgan o‘tloq — voha tuproqlari tarqalgan. Vodiyning g‘arbida — Buxoro va Qorako`l vohasining sug‘orilmagan qismi va atroflarida sur-qo’ng’ir, taqir, qumli va sho’rxok tuproqlar uchraydi. Vodiyning o’zlashtirilmagan qayirlarida o’tloq, botqoq-o‘tloq, zaxkash qismida botqoq tuproqlar mavjud. Bu tuproqda chirindi atigi 0,5 foiz bo’ladi. Zarafshon vodiysining 1200 m balandlikkacha bo’lgan qismlarida bo’z tuproqlar tarqalgan. O`lkaning 400 m dan 900—1000 metrgacha bo’lgan qismlarida oddiy bo’z tuproqlar tarqalgan. Bu tuproq xili birmuncha hosildor bo`lib, tarkibidagi chirindi miqdori 1,5-3,0 foizga boradi. O`lkaning 1000-1200 m balandlikdagi qismlarida to’q bo’z tuproqlar tarqalgan bo’lib, chirindi miqdori 2,5-3,5 foizga yetadi. Tog’larning 1200 m dan baland qismida och jigarrang tuproqlar uchraydi.
O`simliklari. Zarafshon o’lkasida o’simliklar ham g’arbdan sharqqa. tekislikdan tog’ga tomon o’zgara boradi. Cho’l balandlik mintaqasi Zarafshon o’lkasining 400 m balandlikkacha bo’lgan qismlarini o’z ichiga oladi. Bu yerda yoz issiq, quruq, jazirama bo’lib, uzoq davom etadi. Binobarin, shunday sharoitga moslashgan (sertuk, ildizlari uzun, suvni kam bug’latadigan) o’simliklar o’sadi. Cho’llarda efemer, efemeroid, shuvoq kabi o’simliklar ko’p o’sadi. Qumli yerlarda oq va qora saksovul, juzg’un, cherkez, quyonsuyak, selin, iloq, ba`zan yantoq tarqalgan. Sho’rxok joylarda sarsazan, yetmak o’sadi.
Adir mintaqasi 400-1200 metrgacha bo’lgan joylarni o‘z ichiga oladi. Adirning asosiy tabiiy o’simliklari efemer va efemeroidlar, ayniqsa, rang, qo‘ng‘irbosh, chuchmoma, boychechak, lolaqizg‘aldoqlar va loladan iborat. Adirda, shuningdek. oqkavrak, shuvoq, juzg’un, burgan, gulxayri, chalov, bug’doyiq, yovvoyi javdar kabi o’simliklar o’sadi. Adirning tog’ yonbag’irlarida, toshloqli yerlarida yovvoyi bodom, na’matak, do‘lana; Zarafshon to’qaylarida — tol, lox, turang’il, qamish, yovvoyi jiyda, jirg‘anoq o’sadi.
Hayvonot dunyosi. Zarafshon o’lkasi cho’l qismining qum va taqirlarida yumronqoziq, turli xil kaltakesaklar, falanga, qoraqurt, o‘rgimchaklar, qo’shoyoq, qumsichqon, tipratikan, ilonlar ko’p uchraydi. Qushlardan vodiy qismida qirg’ovul, loyxo‘rak, o’rdak, saksovulzorlarda xojasavdogar bor. Cho’l zonasida jayron, tulki, bo’rsiq, bo’ri, to’qayzorlarda esa chiyabo`ri, to‘qay mushugi ham uchrab turadi. Zarafshon o’lkasining adir va tog’li qismlarida esa bo’ri, tulki, bo’rsiq, jayra, ayiq, to’ng’iz, kiyik, arxar, qushlardan kaklik, bedana, lochin, qirg’iy, burgut, kalxat,kemiruvchilardan yumronqoziq, o’rmon kalamushi, qizil dumli sug‘ur, kulrang sassiqko’zan, tosh suvsari tarqalgan. O’lkada Buxoroga yaqin joyda jayronxona joylashgan bo’lib, hududida YUNESKO «Qizil kitobiga kiritilgan cho’l ohusi — jayronlar yashaydi, ular muhofaza ostiga olingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |