Iqlimi va suvlari. Vobkent tumani yer usti tuzilishining tekislikdan iborat bo’lishi bu yerdagi iqlim xususiyatlarida ham o’z aksini topgan. Hududning hamma tomondan ochiqligi, unda katta tabiiy to’siqlarning yo’qligi shimoliy va shimoli-g’arbiy havo massalarining yilning katta qismida tuman hududida hukmronlik qilishi bu yerdagi iqlim ko’rsatkichlariga, uning harorat va yog’inlar rejimiga, shamollar yo’nalishiga bevosita ta’sir qiladi.
Tumanning Qizilqum cho’liga nisbatan janubda joylashganligi unda iqlimning quruq va keskin continental bo’lishiga sabab bo’ladi. Iqlimning quruqligi havo namligi va yog’inlar miqdorining kichik ko’rsatkichlarga egaligida bilinsa, kontinentalligi mateorologik unsurlarning kecha-kunduz, oy, fasl, yil davomida va yildan-yilga o’zgarishlardagi katta tebranishlarda o’z aksini topadi (yillik o’rtacha amplituda 30-36 daraja, eng yuqori va past haroratlar farqi 55-60 daraja). Quyoshli kunlar yil davomida 165-170 kunni tashkil etadi. Iyun oyining ikkinchi yarmi, iyul, avgust, sentyabr oylarida bulutli kunlar deyarli bo’lmaydi.Quyosh radiatsiyasining ko’p tushishi, samarali haroratlar yig’indisining kattaligi tuman hududida qishloq xo’jaligi ekinlarini, ayniqsa, paxtaning ertapishar va ingichka tolali navlarini, uzumning kechpishar navlarini, tarkibida qand moddasi ko’p bo’lgan mevalarni yetishtirish imkonini beradi. Faqat qish oylarida bo’lib turadigan sovuqlar ochiq holda ko’p yillik subtropik o’simliklar o’stirish uchun to’sqinlik qiladi.
Tumanda yil davomida havo haroratining turlicha bo’lishi bu yerdagi shamollarning yo’nalishiga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Shimoliy va shimoli-g’arbiy shamollar ustun bo’lib, g’arbiy va janubiy shamollar nisbatan kamroq esadi. Vobkent tumani atmosfera yog’inlarining kamligi va yil davomida taqsimlanishi bo’yicha ham o’ziga xos xususiyatlarga ega.Bu yerda yil davomida 100-110 mm atrofida yog’in yog’adi va uning katta qismi qish-bahor mavsumiga to’g’ri keladi. Issiq davrda yog’adigan yomg’irlar, dehqonlar ta’biri bilan aytganda, “shirali yomg’irlar” hisoblanadi.Chunki bu davrda yoqqan yomg’irlardan so’ng ko’pgina qishloq xo’jaligi ekinlariga shira tushadi va bu esa ularga qarshi qo’shimcha biologik va kimyoviy yo’l bilan kurashni talab etadi. Tumanda qor qoplami barqaror emas (saqlanish muddati 7-10 kun). Lekin ba’zi yillarda uning qoplami ancha qalin bo’ladi va 20-30 kungacha saqlanib, u haydaladigan yerlarning namlikka to’yinishi uchun qo’shimcha manba bo’lishi mumkin.
Tumanni suv bilan ta’minlashda Zarafshon daryosidan Xarxo’r va Duoba gidrouzellari orqali ajralib chiquvchi Vobkentdaryo va Shoxrud kanali irrigatsiya tarmoqlari tizimi asosiy manbalar bo’lib xizmat qiladi.Tuman hududi bo’ylab irrigatsiya tarmoqlari birmuncha zich joylashgan. Xo’jaliklararo ariq va kanallarning umumiy uzunligi 229 km, ularning o’rtacha zichligi 1ga sug’oriladigan maydonga 8,9 metrni tashkil etadi. Ularni to’yinish manbasi, sug’oriladigan hududi bo’yicha uch yirik guruhga ajratish mumkin:
1.Shimoliy guruh tarmoqlariga Vobkentdaryoning o’ng tarmog’i Komi qasaba kanali va uning shaxobchalari kiradi. Ular yordamida tumandagi shimoliy xo’jaliklarning aholi punktlari suv bilan ta’minlanib, 4060 gektar maydon sug’oriladi.
2. Markaziy guruhga Vobkentdaryoning chap tarmoq kanallari-Komi Aka, Shirin, Elach, Komi Charx, Ququn va Niyogan kiradi. Tuman xo’jaliklarining Vobkentdaryo va Markaziy zovur oralig’ida joylashgan asosiy qismi qishloq xo’jaligi va aholi ehtiyojlari uchun suvni shu kanallardan oladi. Ularning tasarrufidagi jami sug’oriladigan maydon 8207 gektarga teng.
3. Janubiy guruh sug’orish shahobchalari tuman janubidagi R.Husenov nomli, “Xayrobot”, Oxunboboyev va Navoiy nomli jamoa hamda “Vobkent” shirkat xo’aliklarining 6630 ga. Sug’oriladigan maydonini va aholisini suv bilan ta’minlaydi. Ular jumlasiga Komi Zar, Faravez, Foziobod va Qatli kanallari kiradi.
Tuman qishloq va suv xo’jaligi boshqarmasining ma’lumotlariga ko’ra, hozirgi kunda mavjud zovur-drenaj tarmoqlarining umumiy uzunligi 160 km.dan ortiq bo’lib, ularning 88 km.ni xo’jaliklararo, 72 km.ni xo’jaliklar ichidagi zovurlar tashkil etadi. Ulardan eng yirigi – Markaziy zovur Duoba gidrouzelidan boshlanib, Zarafshonning eski o’zani bo’ylab oqadi va markaziy, janubiy xo’jaliklar hududidan suv yig’adigan asosiy zovur hisoblanadi. Undan tashqari, Kumushkent, Rohkent, Qo’ng’irot, Eski Amir Temur zovurlari va Shimoliy zovurning kichik tarmoqlari tumanning markaziy, g’arbiy hamda shimoli-g’arbiy xo’jaliklari hududidan suv yig’adi.
Yer osti suvlari sathining yer yuzasiga yaqinligi, zaxirasining kattaligi, mineralizatsiya darajasining mo’tadilligi ulardan aholi va xo’jalik ehtiyojlari uchun foydalanishda keng imkoniyatlar yaratadi. Haqiqatan ham, tumanning deyarli barcha qismlarida aholi iste’moli va chorva mollari uchun suv quduq va nasoslar yordamida yer osti zaxirasining mavjudligi kelajakda bu yerdagi aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashning keng imkoniyatlarini ochib beradi.
Tuman aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash o’tgan asrning 60-yillarida boshlangan. 1961-yili tuman markazida 5 km.li quvur yotqizilib, bir qismi toza ichimlik suvidan bahramand bo’lgan. 1980-yilga kelib Vobkent aholi punktidagi mahallalar toza ichimlik suvi bilan to’la ta’minlanadi. 1966-yili Vobkent shahri suv quvurining Damxo’ja-Buxoro magistral suv quviriga ulanishi bu boradagi ishlarni yangi pog’onaga ko’tardi.
Tumandagi qishloq aholi punktlari o’rtasida birinchi vodoprovod quviri 1972-yili Xayrulla Kamolov nomli xo’jalikdagi Qipchoq qishlog’ida qurilib, keyinchalik Nayman, Cho’rikalon, Guliston, Qumbosti qishloqlari ham undan foydalana boshlashdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |