Janubiy surxon suv ombori- Suv ombori Surxondaryo daryosining o‘zanida joylashgan bo‘lib, loyihaviy nomlanishi “Janubiy Surxon” deb ataladi. Suv omborini suv bilan ta’minlovchi daryo Surxondaryo daryosi hisoblanadi.
Janubiy Surxon suv omborining turi o‘zanli suv omborlari sirasiga kiradi. Suv ombori loyihalanib qurilganda Surxondaryo viloyatining janubiy qismini suv bilan ta’minlash nazarda tutilgan. Loyiha bo‘yicha suv ombori tashkil etilganda 122 ming gektar yangi sug‘oriladigan erlarni suv bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda suv ombori Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Boysun, Sherobod, Angor, Muzrobod va Termiz tumanlarini 154 ming gektardan ortiqroq sug‘oriladigan erlarini suv bilan ta’minlab kelmoqda. Suv omborining qurilishi 1958 – 1967 yillarda amalga oshirilgan. Suv omborining me’yoriy dimlangan sathdagi suv bilan qoplangan maydon 65 km2 ni tashkil etadi. Suv ombori 1962 yildan to‘ldirila boshlangan va 1972 yilda ilk bora me’yoriy dimlangan sath (MDS) gacha to‘ldirilgan. Suv ombori Qumqo‘rg‘on xalq Deputatlar Kengashi ijroiy qumitasining 06.06.1985 yildagi №210 qarori bilan alohida foydalanish uchun tasdiqlangan. Suv ombori ekspluatatsiyasi izoliyasiyali hisoblanadi. Suv ombori doimiy foydalanishga 1967 yil 4 noyabrda qabul qilingan. Suv omborining qurilish loyihasi “Sredazgiprovodxlopok” instituti, Janubiy Surxon suv ombori ekspluatatsiyasi boshqarmasi va Respublika markaziy arxivida saqlanadi. Janubiy Surxon suv omborining inshootlari ekspluatatsiyasi yo‘riqnomalari 1966 yil iyul oyida tayyorlangan. Janubiy Surxon suv ombori va Uchqizil suv omborining suv resurslaridan foydalanish qoidalari 1978 yil tayyorlangan va 1979 yili 15 mayida tasdiqlangan. So‘ngi bora “Janubiy Surxon suv ombori ekspluatatsiyasining tartib qoidalari” 2010 yilda SANIIRI institutining “Suv omborlari va kanallar” bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan va “O‘zdavsuvnazorat” davlat inspeksiyasi bilan kelishilib O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan. Suv omborida baliq mahsulotlarini etishtirish shartnoma asosida amalga oshiriladi. Rekreatsiya maqsadida foydalanilmaydi. Suv ombori joylashgan hududning seysmik ko‘rsatkichi 7 ballga teng. Suv ombori gidrotexnik inshootlari II–sinfga va dambasi III-sinfga mansub.
Janubiy Surxon suv omborining loyhaviy va 2002 yilda olib borilgan batimetrik o‘lchov ishlari ma’lumotlarining o‘zaro solishtirilgan qiymatlari keltirilgan. Bunda suv sathi belgisi 392 metrdan 415 metr oralig‘ida o‘zgarib turgan. Eng katta suv hajmi loyihada 800 mln.m3 qiymatiga teng bo‘lsa, batimetrik o‘lchov asosida olib borilgan kuzatishlardagi qiymati esa 503 mln.m3 ni, ya’ni suv omborining suv sig‘imi 297 mln.m3 ga qisqarganini ko‘rishimiz mumkin. Suv ombori suv hajmining loyihadagi o‘rtacha qiymati 280 mln.m3, batimetrik o‘lchovda 143 mln.m3, orasidagi farq esa 137 mln.m3 ni tashkil etdi.
Janubiy Surxon suv omborining eng katta suv yuzasi maydoni loyihada 65,0 km2 ga teng, batimetrik o‘lchov ishlari asosida esa bu qiymat 57,0 km2 ni, loyihadagi o‘rtacha qiymati 33,5 km2 ni, o‘lchovdagi esa 21,4 km2 ni tashkil etadi. Shuni alohida qayd etish lozimki, Janubiy Surxon suv ombori kosasining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borishi natijasida, hajmi va maydoni loyihadagidan ancha qisqarib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |