Mavzuning maqsadi: Tuproq paydo qiluvchi minerallarning kimyoviy tarkibini, tuzilishini o’rganish. Tuproq paydo qiluvchi ona jinslar minerologik tarkibini ko’rib chiqish.
Mavzuning vazifasi:Kurs ishida quyidagilar asosiy vazifalardir:
Tuproq paydo qiluvchi asosiy ona jinslarni o’rganish;
Tuproq va ona jinslarning minerologik tarkibini ko’rib chiqish;
Birlamchi minerallar guruhiga kiruvchi minerallarni o’rganish;
Ikkilamchi minerallarga kiruvchi minerallar guruhini ko’rib chiqish.
Tuproqshunoslik - tuproq haqidagi fan bo‘lib, tabiiy jism va ishlab chiqarish vositasi hisoblangan tuproqning kelib chiqishi, rivojlanishi, tuzilishi, tarkibi va xossalari, unumdorligi hamda geografik tarqalishi qonunlarini, tabiatda, bioqatlamda va jamiyatdagi asosiy vazifalari va ro’li, uni melioratsiyalash yo‘llari va usullari, muxofaza qilish hamda insonlar ishlab chiqarish faoliyatida oqilona foydalanish qonunlarini o‘rganadi. Tuproq haqida tushuncha va uning ta’rifi. Tuproq va uning xossalari haqidagi dastlabki tushunchalar va bilimlar qadimgi davrlardan boshlab dehqonchilik talablari asosida yuzaga kela boshladi. Ilmiy fan sifatida tuproqshunoslik fani Rossiyada XIX asrning oxirlarida rus olimlari V.V.Dokuchayev., P.A.Kostichev., N.M.Sibirsev., V.R.Vilyams g‘oyalari va asarlari tufayli shakllana boshladi va rivojlandi. V.V.Dokuchayev birinchi bo‘lib tuproqning paydo bo‘lish omillari va jarayonlari haqidagi ilmiy nazariyani yaratdi hamda tuproq tushunchasiga quyidagicha ta‘rif berdi: "Tuproq deganda suv, havo hamda turli tirik va o‘lik organizmlar ta‘sirida tabiiy ravishda o‘zgargan tog‘ jinslarining (qaysi xil bo‘lishidan qat’iy nazar) "yuza" yoki tashqi gorizontlariga aytiladi". Tuproq mustaqil tabiiy jism sifatida o‘zining kelib chiqishi (genezisi) bilan boshqa tabiiy jismlardan farq qiladi. V.V. Dokuchayev, P.A. Kostichev, Sibirsev, V.R. Vilyams va boshqa olimlarning g‘oyalari va ta‘riflari asosida hozirgi zamon tuproqshunoslik fanida tuproq haqida quyidagi tushuncha qabul qilingan. Tuproq – bu tog‘ jinslari, tirik organizmlar, iqlim, relyef va vaqtning birgalikdagi funksiyasi tufayli paydo bo‘lgan, unumdorlik qobiliyatiga ega bo‘lgan tog‘ jinslari nurash qobig‘ining yuza qatlamidagi murakkab, ko‘p funksiyali va ko‘p komponentli, ko‘p fazali ochiq sistemadir. Tuproqning ko‘p funksiyaliligi, bu uning bir vaqtning o‘zida tabiiy jism, ko‘pchilik tirik organizmlarning yashash joyi, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishning asosiy vositasi ekanligidir. Tuproqning ko‘pkomponentligi uning tarkibiga kiruvchi organik va neorganik moddalarning juda katta xilmaxilligi bilan belgilanadi. Ushbu moddalar turli fizikaviy fazalar (ko‘p fazaliligi): qattiq (mineral va organik zarrachalar), suyuq (tuproq eritmasi), gazsimon (tuproq havosi) va maxsus ajratiladigan tirik faza (organizmlar, edafon) tarzida ifodalangan. Tuproq ochiq sistema xisoblanadi, chunki uni o‘rab turgan atrof muhit bilan moddalar va energiya doimiy ravishda almashinib turadi. Tuproq yer sharining mustaqil, murakkab biokos qobig‘ini tashkil etib, qit‘alar quruqlik qismini qoplab turadi. Tog‘ jinslarining yuza gorizontlari tirik organizmlar ko‘p avlodlari ishtirokida, atmosfera va gidrosferaning uzoq ta‘siri ostida, tuproq qoplamiga aylanadi. Tuproq qoplami – pedosfera – litosfera, atmosfera, gidrosfera va biosferalarning birgalikdagi ta‘siri maxsulidir.
Tuproq tarkibidagi minerallar ularning tuzilishi, tuproq qoplamlarida uchrashini –tuproq minerologiyasi o’rganadi. Tuproq fizik nuqtai nazardan uch fazali sistema hisoblanadi, ya‘ni qattiq, suyuq (tuproq eritmasi) va gazsimon (tuproqdagi havo) fazalardan tarkib topgan. Tuproqning qattiq fazasi-qismi mineral hamda organik moddalardan iboratdir. Tuproqning mineral qismi quruqlikning yuza qatlamidagi tog‘ jinslarining nurashi natijasida paydo bo‘ladi. Yerning qattiq qobig‘i - Litosfera har xil mineral va magmatik (zich-kristal), cho‘kindi va metamorfik tog‘ jinslardan tashkil topgan. Minerallar tabiatda kvars (Si02) va kalsiy karbonat (CaSO3) singari qattiq, neft (CnNn), suv (H2O) kabi suyuq hamda karbonat angidrid (CO2) singari gaz holida uchraydi. Mineral jinslar turli murakkab jarayonlar natijasida paydo bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi uzoq muddat davom etgan, geokimyoviy jarayonlar natijasida paydo bo‘lib, ular anorganik mineral jinslar, biokimyoviy jarayonlar natijasida paydo bo‘lganlari esa organik-mineral jinslar yoki biolitlar (bios-hayot, litos-tosh demakdir) deyiladi. Minerallar va tog‘ jinslari tuproq ona jinsining manbaidir. Yer ichida (qa‘rida) yoki ustida tabiiy kimyoviy reaksiya natijasida paydo bo‘lgan va ma‘lum darajada doimiy kimyoviy tarkibga, ichki tuzilishga (strukturaga) va tashqi belgilarga ega bo‘lgan tabiiy kimyoviy birikmalar va sof elementlar mineral deb ataladi. Demak, yer qobig‘ida uchraydigan minerallar o‘zining kimyoviy tarkibi va fizikaviy xossalari jihatdan bir-biridan farq qiladi. Masalan, kvars (SiO2), ortoklaz (K Al2S6iO16 ), dolomit (CaMg (CO3)2), albit (Na2Al2Si6O16), anortit (CaAl2Si2O8), muskovit (KH2Al3 (SiOH)3) ning har qaysi alohida mineraldir. Mineral murakkab har xil geoximiyaviy va bioximiyaviy prosesslar natijasida shakllangan litosferada paydo bo‘ladigan tabiiy jinsdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |